Erkin Malik

Champo otli ilon


Скачать книгу

sanay ketdi.

      – Ey, – dedim hafsalam pir bo‘lib, – kettik bolalar, shunchaki qovun o‘g‘irlash ekan-u, ishonib o‘tiribmiz-a…

      Bolalarning uyqusi o‘chib, Karim akaga hezlanib qolishdi:

      – To‘lang “Bayanshirin”ni.

      – Ha, to‘lang.

      – Rezinka ishtonbog‘ omoqchiydim attordan.

      Karim aka so‘kindi:

      – Rezinka ishtonbog‘mish, boshingga urasanmi uni? Omonatdan-omonat. Rezinka ishtonboqqa ishonib bo‘larkammi? Gappi qaranglar… Xo-xo-xo-o-o… o‘zimiznikidan qo‘ymasin. Kurmak qilib bog‘lab qo‘ysang birov u yoqda tursin, o‘zingam yecholmiysan. Duch kelgan joyda bexavotir, bemalol uyqini urovrasan, akang bo‘ylaringdan… xo-xo-o-o…

      Darhaqiqat, biz rostdanam rezinka ishtonboqqa oshiq bo‘lib qolgan edik. Cho‘milishga ja bop edi. Bir zumda yechasan-u suvga sho‘ng‘iysan. Chiqasan-u kiyib olasan. Bunaqa ishtonbog‘li ishtonni birinchi bo‘lib raisning o‘g‘li Ilhom kiydi. Biz u yoqqa o‘tsak ham, bu yoqqa o‘tsak ham ishtonini tushirib, Ilhomning rosa jig‘iga tegardik. Ammo cho‘milishga borganda, hammadan oldin Ilhom suvga kalla tashlar, suvning “qaymog‘i” unda ketardi. Bu bizga judayam alam qilardi. Shunga hamma o‘zicha pul yig‘ib, attor kelishini kutardi. Mana endi Karim akaning nayrangiga uchib ishtonbog‘dan quruq qolib o‘tiribmiz. Alam qiladi-da…

      Karim aka rezinkani pulini bermasa so‘kichakli qorovulxonasini buzadigan bo‘ldik. O‘ziyam liqillab zo‘rg‘a turardi.

      – Hazillashdim, it emganlar, hazillashdim. Senlarning qovunlaring hammani qo‘yib ov qilishga arzirkanmi. Ha, itga bersang it yemaydi senlarnikini. Ov shetta bo‘ladi, shetta. Senlar qovunga bir hovuchdan ko‘mma solgan bo‘lsalaring, men har birining tagiga bir zambildan go‘ng tashlatganman, enag‘arlar.

      Dehqonlar qovun-tarvuz ekishdan oldin ikki ketmon bo‘yi chuqurcha qazishib, ularni ot go‘ngi bilan to‘latib chiqishardi. Keyin qayta ko‘mib, ketmon orqasi bilan urib qo‘yishardi. Buni ko‘mma deyishardi. Urug‘lar o‘sha ko‘mmaga ekilardi. Ot go‘ngi qizib, urug‘ni tez yetiltirardi. Havo sovib ketsa o‘zidan issiq chiqarib ikki, uch quloq bo‘lgan nihollarni bahorgi ayozlardan asrardi. Mol go‘ngi solishmasdi. Qizdirmaydi, ekinni ildiziga qurt tushirib yuboradi, deyishardi. Shundog‘am mol go‘ngi yerga ortmas, qish bo‘yi yig‘ilib, yozda tappi qilib, qishga g‘amlanardi.

      Karim akaning dag‘dag‘asidan keyin jimib qoldik. Ovni qanaqa bo‘lishini har birimiz o‘zimizcha xayol qilardik. Axir hech vaqtda odam o‘z qovuniniyam o‘zi ovlaydimi? Ovlab nima qiladi? Shundog‘am olovurmaydimi? Yana Ko‘ktoy bilan ovlarmish. Nimaga endi Ko‘ktoy bilan? O‘ziniyam iti bor-ku? Ertadan-kechgacha tut tagida bog‘log‘liq, angillab yotadi. Yana bu ovning oymomaga bog‘lab qo‘yilgani g‘alati. Oymoma bo‘lsa hadeganda Karim aka aytgan “miyya”ga kela qolay demasdi.

      Kayfi tarqab bo‘ldi shekilli, Karim aka tilini bir qarich qilib tupurishni bas qildi. Og‘ir tortib, dardmand odamdek ingranib, chuqur-chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Ming‘irlagan ovozda dedi:

      – Rostiylarni aytiylar ukalar… shu…

      Karim aka qandaydir aytib bo‘lmaydigan gapni aytmoqchi bo‘lardi-yu, ikkilanardi. Biz Karim akaga yon-atrofdan tikilib qolgan edik.

      – “E quyosh…” yaxshi chiqdimi? – dedi u entikib.

      – Zo‘r…

      – Kinodagidaqami-a, aldamayapsanlarmi? – yosh boladek umid bilan so‘radi u.

      – Xuddi o‘shanaqa, ha…ha Karim aka, paqat choladiganlari yo‘q-da, – deb chug‘urlaymiz biz.

      Karim akaning g‘amgin yuzlari oy nurida chiroyli bir turlanib ketdi. Qo‘shiqni qayta boshlamoqchiday tomoq qirib qo‘ydi. Keyin yonboshlab yotgan Qo‘chqorga qaradi.

      – Sen uka, xafa bo‘magin-a?

      Qo‘chqor hayron bo‘lib yotgan joyidan turib, chordana qurib o‘tirib oldi. Karim akaga hayron bo‘lib qaradi. Karim aka bizlarga o‘girilib so‘radi:

      – Nima deysizlar? Eshitdimikin-a, “E quyoshni…”?

      Biz bir-birimizga qarab oldik. Karim aka shunaqa ipakdek mayin tortib, sirli qilib so‘radiki…

      – Kim eshitadi, Karim aka, kim? Kutilmaganda bizning ham ovozimiz mayinlashib, sirli tus oldi.

      – Gulsum-da, Gulsum, – dedi-yu, Karim aka “o‘-o‘-o‘-o‘h…” deb yubordi.

      Qo‘chqor shartta boshini pastga egib oldi. Gulsum uning xolavachchasi. Kolxozchi qizlar orasida eng chiroylisi. O‘g‘il bolalardek shaddod, quvnoq. Gulsum opaga oshig‘-u beqaror bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q. Bundan chiqdi Karim akaniyam yuragidan urgan ekan-da.

      – Bilasizlarmi, ukalar, – dedi Karim aka xo‘rsinib,– meni ichimam-tashimam lovullab yonib yotibdi… Eh… buni boshlaringga tushganda bilasanlar. Oh… Men bu dunyoda Gulsum borligi uchun yuribman. Bo‘lmasa yashashni hecham qizig‘i yo‘q. Bugun “Bayanshirin” obkelib ko‘p yaxshi ish qildilaring. Bir yozildim-da. Ha, ko‘nglim bo‘shadi, ukalar. Ishqilib “E quyosh…” Gulsumning qulog‘iga yetgan bo‘lsin-da.

      – Sovchi qo‘ying, – dedim.

      – Oh, qaniydi, tilginangga shakar, bo‘yingdan. Bu hech bo‘maydigan ish. Biz kimmiz, kelgindimiz. Peshanamizda quloqning bolasi degan tamg‘a bor. Begona itning dumi hamisha qisiq bo‘ladi. Gulsum kim? Osmondagi oy-ku u. Sovchi qo‘yingmish-a…

      Qo‘chqor boshini yerdan ko‘tardi. “Bilib qo‘ylaring, biz shunaqamiz”, degandek bo‘ldi go‘yo.

      Birdan hammamiz jimib qoldik. Ov ham esdan chiqdi, xuddi bu yerga Karim akaning dardini eshitgani kelgandek.

      – Men o‘z yurtimda bo‘lganimda bormi, – dedi Karim aka jimlikni buzib, – do‘ppim yerga tushsa pulga oldiradigan boyvachcha bo‘lardim. Bu yerda mana yozda polizga qorovulman, qishda idoraga.

      U do‘ppi o‘rniga boshiga tang‘ib olgan oppoq durrani yechib, qayta bog‘ladi. Oyga qarab:

      – Vaqt ham bo‘p qopti, – dedi va keti bilan narvonga qarab surildi. – Orqamdan shovqin ko‘tarmay tushinglar. Hammamiz soqovmiz – tamom.

      Pastga tushsak Ko‘ktoy ham bir nimani sezgandek quloqlarini ding qilib, qotib turibdi. Ko‘zi polizda. Karim aka nimagadir Ko‘ktoyni pana qilib, cho‘nqayib o‘tirib oldi. Biz ham cho‘nqaydik. Oymoma naq ro‘paraga kelgan. Soyamiz orqaga cho‘zilgan. Dalalar oy nurida cho‘milib yotar, tiq etgan tovush yo‘q. Hatto, chirildoqlar ham bir nimani kutgandek jimib qolgan. Quloqlarim shang‘illab, yuragim gup-gup ura boshladi. Bolalar bir-birimizga suyanishib, g‘uj bo‘lib o‘tirardik. Ko‘ktoy hamon bo‘ynini oldinga cho‘zgancha hid olar, quloqlari hali u yoqqa, hali bu yoqqa borib kelardi. Shu payt birdan qarsillagan “o‘q” ovozi eshitilib qoldi. Cho‘chib tushdik. Ko‘ktoy turgan joyida bo‘ynini bukib bir cho‘kdi-yu yugura ketdi. “Ketdik”, dedi Karim aka Ko‘ktoyning orqasidan tushib. Qayerdandir yana “o‘q” ovozi keldi. Ko‘ktoy qovun palaklarini bosib chopardi. Biz uni qora qilib, egatdan egatga o‘tardik. Nihoyat Ko‘ktoy bir joyga yetib, iskalana boshladi. Karim aka o‘sha joydan bitta katta qovunni uzib oldi-da, menga tutqazdi:

      – Chop, chaylaga tashlab ke…

      Ko‘ktoy endi boshqa tarafga qarab chopa ketdi. Karim aka bolalarni o‘sha tomonga boshladi. Qovunni chaylaga tashlab qaytayotsam sheriklarimam birin-ketin qovun qo‘ltiqlab kelishyapti. Karim aka Ko‘ktoyning orqasidan hali u yoqqa, hali bu yoqqa chopib yuribdi. “O‘q” otishlar uzoqqa cho‘zilmadi. Shu bilan “ov” ham tugadi. Chayla tagiga ancha-muncha qovun to‘plandi.Ular shunaqangi xushbo‘y ediki, hidi dimoqqa kirib ishtahani qitiqlardi. Lekin hammasi tars-tars yorilgan edi. Qovunlar yorilganda miltiqqa o‘xshab ovoz berar ekan.

      – O‘hho‘, – dedi Karim aka qovunning cho‘g‘ini ko‘rib, – bugun ov rosa baroridan keldi-ku. Yasha, azamat, bittayam