Erkin Malik

Champo otli ilon


Скачать книгу

unamadim. U meni ko‘targan joyidan bo‘yra ustiga tashlab yubordi. Ko‘zimni ochsam, bo‘yra ustida o‘tiribman. Kinnachi xolaning sopol kosadagi kullari sochilgan, o‘zi orqaga ketib, oyoqlari laylak bo‘lib yotardi.

      – Voyy!.. – kinnachi xola dumalab-sumalab o‘rnidan turdi. Ko‘zlarining paxtasi chiqib dedi:

      – Bunaqasi bo‘magan, bolam, ha… hecham bo‘magan, sen yetimchani xudo bir saqlabdi. Yomon cho‘chiding-a?

      Qushdek yengil tortib, uyga qaytdim. Ko‘ktoyni eslayman. Kecha u kelib qolmaganida bormi, jinlar meni hoynahoy Bo‘zsuv taraflarga olib ketardi. Bo‘zsuvni ko‘zimga kichkinagina ariqcha qilib ko‘rsatardi-da: “Qani hatla, hatlab o‘t”, derdi. Shu bilan tamom edi… Ko‘ktoy o‘zi boshqacha-da!

      Lekin Ko‘ktoy keyingi paytlarda kechalari osmonga qarab uliydigan odat chiqardi. Ayniqsa, oy to‘lgan kechalari u avjiga chiqadi. Bunday kunlarda qishloq oy nurida judayam chiroyli ko‘rinadi. Balandqo‘rg‘on, Pastqo‘rg‘on, Kenjaqo‘rg‘on hammasi kunduzgidek olamga o‘zini ko‘z-ko‘z qiladi. Hatto, Bo‘zsuvning narigi tomonidagi “To‘qson bir” degan joylar ham yarqirab ko‘zga tashlanadi. Faqat Bo‘zsuv va uning ikki chekkasidagi jarliklar ustida qoramtir bir sharpa suzib yurganga o‘xshaydi. Ko‘ktoyning osmonga qarab ulishi bu chiroyli olamni yanayam sirli, g‘amgin qilib yuboradi. Ko‘ktoy Balandqo‘rg‘onda yashaydi. Shungami ovozi uzoq-yaqinlarga ketadi. Uning tinimsiz ulishini birovlar yaxshilikka yo‘yar – yurt boshiga tushadigan balo-qazolarni daf qiladi deyishar, boshqalar xosiyatsiz – balo-qazoni chaqiradi, nima balo urush boshqatdan boshlanib qoladimi, deyishardi. Biz Ko‘ktoy uliganda yaqindan borib tomosha qilardik. Ko‘ktoy cho‘nqaygancha tumshug‘ini oyga cho‘zib ulirdi. Uliganda tumshug‘i bo‘yniga qo‘shilib, allaqanday qo‘rqinchli tus olardi. Xayolimda Ko‘ktoy oymoma ichidagi obkash ko‘targan odamni taniydigandek, ular ilgari birga-birga yurishgan-u nimadir bo‘lib egasi oyga chiqib, Ko‘ktoy yerda qolib ketganga o‘xshardi. “Balandqo‘rg‘on” kunchiqar tarafda bo‘lib, quyosh ham, oy ham shu tarafdan chiqib kelardi. Oymoma to‘lib, dum-dumaloq bo‘lgan paytlarda, shundoqqina “Balandqo‘rg‘on”dan ko‘tarilayotgandek bo‘lardi. Ichidagi obkash ko‘targan odam shundoq qadam qo‘ysayoq bas, o‘zini “Balandqo‘rg‘on”da ko‘radigandek. Yoki Ko‘ktoy yugurib egasinig oldiga chiqib olsa bo‘ladigandek…

      Qishlog‘imizda it ko‘p edi. Kechasi bittasi akillasa, butun qishloq itbozor bo‘lib ketardi. Ammo Ko‘ktoy uliganda nimagadir itlar jim turishardi. Go‘yo qishloqda Ko‘ktoydan bo‘lak it yo‘q.

      Shunday kunlarning birida Oyto‘ra xola o‘lib qoldilar. Sal o‘tmay, institutda o‘qiydigan Ismoiljon degan o‘g‘li ham orqalaridan ketdi. Ha, “Balandqo‘rg‘on”da yig‘i ovozi tinmay qoldi. Ikkita o‘lik chiqsa ham Ko‘ktoyning ovozi o‘chmadi.

      Bir kuni tunda “Balandqo‘rg‘on” tarafdan gumburlagan o‘q ovozi eshitildi-yu, qishloq bir qalqib tushdi. Kataklardagi tovuqlar qaqog‘lab, itlar shovqin ko‘tarishdi. Biroq Ko‘ktoy jimib qoldi. Ertasiga ma’lum bo‘ldiki, uni kimdir cho‘chqao‘q bilan otibdi.

      Qishloq huvillab qoldi. Ammo Ko‘ktoyning o‘limi boshqa bir tashvishni boshlab keldi. Cho‘chqao‘q ov miltig‘idan otilmas ekan. Bundan chiqdi qishloqda berkitib qo‘yilgan jangovar qurol bor. Uni urushdan qaytganlar harbiy komissarlikka topshirishmagan. Uylarni tintish boshlandi. Ammam bilan G‘anijon amakim shoshib qolishdi. Bizzi uydayam uchta cho‘chqao‘q bor edi. Kosa ichida turardi. Bittasini men o‘rtoqlarimga maqtanish uchun cho‘ntagimda olib yurardim. O‘qning uchi uchlik, qop-qora, gilzasi oltindek yaltirardi. Orqasida pistoniyam bor edi. Otilganda gilzasi qolarkan-u qorasi uchib chiqib, tekkan narsani teshib o‘tar ekan. Ko‘ktoy xuddi shunaqa o‘q bilan otilgan. Bo‘lmasa, sochma o‘qqa Ko‘ktoy o‘lmasakan. Itni joni qattiq bo‘larkan.

      Ammam kosa ichidagi o‘qni tomorqaga uloqtirib yubordilar. Keyin amakimdan so‘radilar:

      – G‘anijon, o‘q ikkitamidi?

      – Yo‘q, uchtaydi. Qarang, bolalaringiz olgandir.

      Amakim meni eshikka poyloqchi qilib, shoshib taxmondagi ko‘rpani qulatdilar. Ammam ishlatilmaydigan choynaklarni ag‘darib o‘q qidirib ketdilar. Jiyanlarim Yo‘ldosh bilan Ergashning cho‘ntaklarini titkiladilar. Topolmay jig‘ibiyron bo‘ldilar. Amakim sandiqning bir tarafini bazo‘r surib, orqasidan quvuri ingichka miltiq oldilar. Ko‘rib qo‘rqib ketdim. Amakim sandiqni joyiga surib, ammamga shosha-pisha dedilar:

      – Ko‘rpalarni tezda yig‘ib qo‘ying…

      – Sen bolaga shuni yo‘qotgin deb necha marta aytdim-a. Oborib Bo‘zsuvga tashlavorsang o‘larmiding. Haliyam shunday qil. Ana, qopga o‘ra, jo‘na…

      – Nima deyapsiz, opa, qishloq o‘rab olingan-ku. Hech kim uyidan chiqmasin deyishgan…

      – Voy sho‘rim qursin… nima qilasan endi buni?

      Amakim nima qilarini bilmay, bir zum o‘ylanib turdi-da, hech kim yo‘qmi degandek menga bosh irg‘adilar. Men tashqariga qarab boshimni sarak-sarak qildim. “Hech kim yo‘q! Amakim miltiqni quvuridan ushlagancha yerda sudratib hovliga chiqdilar. Keyin ilkis ko‘tarib, qo‘ndog‘ini to‘nkaga shundoq urdilarki, qo‘ndog‘i samovar o‘tin bo‘ldi-qoldi. Keyin quvurni ko‘ylaklari ichiga tiqib, hojatxonaga o‘tib ketdilar. Birozdan keyin keldilar-da:

      – Qo‘rqmang opa, hammasi gatop, – dedilar. – Ha, siz o‘qqi toptizmi?

      – Quribgina ketsin, topolmayapman-da shu!

      O‘q mening cho‘ntagimda edi. Nimagadir mendan gumon qilishmasdi. Ammam o‘qni qidirishdan charchab dedilar:

      – Hech yerda yo‘g‘u?

      – Bollariz yutvormadimikan ishqilib? – kuldilar amakim.

      – O‘lar… nimalar deyapsan G‘anijon…

      – Bo‘pti, bitta o‘q nima bo‘pti. Topishsa, pochchamiz rahmatlik esdalikka obkelganidi deb qo‘ya qolamiz.

      G‘anijon amakim samovar o‘tin bo‘lib ketgan miltiqning qo‘ndog‘ini urchug‘igacha terib, tandir ichiga tashladilar. Keyin xotirjam: – Anovi ikkita o‘qni nima qildingiz, – deb so‘radilar.

      – Otvordim, nima qilardim.

      – Qaqqa otvordiyz?

      – Tomorqaga, – dedilar ammam.

      – Bu yil och qopmiz-da.

      – Nimaga unday deysan, nafasingni issiq qil uka,– hayron bo‘ldilar ammam.

      – Yer chopganda, ketmonim pistonga tegib ketsa, o‘lamanku, opa.

      – Ja, topding bahonani.

      – Rost-da, hech bo‘lmasa, hojatxonaga tashlavormaysizmi, opa.

      – Qattan bilay, shoshib qoldim-da, otam.

      Ammam beshikdagi Rixsi jiyanimni emizgancha gap sotardilar. G‘anijon amakim tikka turar, men ochiq eshikdan ko‘chaga qarab-qarab qo‘yardim. Ammam menga ish buyurdilar:

      – Hay, tovuqlarga bir siqim jo‘xori sepib qo‘y… Sigiram och qoldi! Qachon kelisharkin u zormandalar. Uyda qamalib o‘tirovramizmi? Shularni bari Ko‘ktoyni otganni jatiga. Ha, otmay, otilgurlar-a. Shundoq itni otvorishdi-ya… Qo‘llaring singurlar, – deb qarg‘andilar ammam.

      Hujraga kirib, siniq sopol kosada jo‘xori oldim-da, daydib yurgan tovuqlarni “tu-tu”lab chaqira boshladim. Hammasidan oldin tojisi qip-qizil, chipor xo‘roz yetib keldi. Biz tovuqlarni ko‘proq shu xo‘rozga ishonib bo‘sh qo‘yib yuborardik. U tovuqlarga tulki u yoqda tursin, hatto begona odamniyam yo‘latmasdi. Begona sharpa sezdi deguncha shovqin ko‘tarib, qanotlarini qars-qars urib, patlarini hurpaytirib, tovuqlarni atrofiga yig‘ib, “urush” holatiga tushib olardi. Xo‘rozimiz judayam kekchi edi. Bir kuni qo‘shnimiz Turob aka uyiga o‘tib ketayotsa, kayfi bor ekanmi, to‘satdan qichqirib, o‘takasini yoray debdi. Turob aka erinmay xo‘rozni tiriqtirib quvibdi. Shu-shu Turob aka uyiga idoradan barvaqtroq qaytsa, “urush” e’lon qilib, uyigacha kuzatib qo‘yadi.