Анонимный автор

Bağımsızlık Dönemi Özbek Edebiyatı


Скачать книгу

yozishimni bilib, armon bilan uh tortdi: “Biz ham yoshlikda yozar edik. Biz g‘azal mashq qilar edik. Qofiyasini to‘g‘ri keltirolmay, bu yoqqa o‘tib ketdik-da. Otangizdan so‘rang.”

      Qopdek bu odamning bir vaktlar she’r, ayniqsa, g‘azal bitganiga sira ishonolmasdim. Odatdagi maqtanchoqlikka yo‘ydim. Qaysi muxbirni so‘ramang, yoshligida albatta shoirlikni orzu qilgan, ammo turmush sharoiti to‘g‘ri kelmay, qolib ketgan. (Go‘yo shoirlarga birov alohida sharoit yaratib beradigandek!)

      O‘lgudek ishchan ekan Salim Qaror. Stoldan bosh ko‘tarmaydi. Ertalab oldida bir to‘p gazeta, choynakda choy, ko‘zoynagini burniga qo‘ndirib, ishtiyoq bilan mutolaa qiladi, qizil qalamda belgilar qo‘yadi. Keyin muk tushib, mehnatkashlarning xatlaridan turli-tuman maqola yasaydi. Tushlikni aytmasa, tashqari chiqish yo‘q, dam olish yo‘q, chaqchaq yo‘q. To‘nkaning o‘zi.

      Erinmagan bu kimsaning qorasiga tikilib o‘tiraverib siqiliblar ketaman, xunobim oshadi. She’rimni yozay desam – ilhom yo‘q. Ilhom parilari Toshkentda qolgan: Keyin, qora mehnat uchungina yaralgan bu zotni g‘aflatda qoldirib, chekish bahona, qo‘shni xonaga bosh suqaman. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bilan madaniyat bo‘limi shu xonada. Dunyoning zavqu lazzati ham shu yerda. Chorsi xonaning chor burchini egallagan ulfati chor allaqachon ikki yuz qatordan materialni tayyorlab “hukumatdan qarzini uzgan”, endi hangoma bilan mashg‘ul.

      To‘rda o‘tirgan sho‘x-shalayim Nazir aka qoramni ko‘rib:

      – Ke, ke, Stalin bobomning nevarasi, – deydi darrov yuziga tashvishli tus berib. – Nima bo‘ldi senga? Rang ko‘r, hol so‘r. Ukkag‘ar Stalinning zulmidan bari. Qalay, o‘tiribdimi o‘zi? Uni dev ham urmaydi, qirg‘indan qolgan-da. Beri kel-e, ukam-e, toza tamom bo‘psan-a. Seni o‘zim davolab qo‘ymasam… – U yonidagi temir sandiqdan shisha oladi. – Mana shundan jindakkina otib yuborsang, odam bo‘lasan-qolasan. Nima, deysanmi? Talmovsirama. Dori bu, dori – qultamitsin. Qultqult yutasan – tamo-om, olam guliston! Qarabsanki, gullar ochilgan, bulbullar sayragan, ilhom bulog‘i jo‘shib turibdi! Yo, bobongdan qo‘rqasanmi? To‘g‘risini ayt, bo‘lmasa o‘zim urib yuboraman. Tagi sayozroq o‘zi. Ha-a, malades, ur! Ye hayot, yo mamot! Chakkidan yala, chakkidan. A, shoir degani mana bunday bo‘pti-da. Anovi Stalin senga ham o‘rgatyaptimi, “She’rni qo‘y, go‘ngni yoz, xashakni yoz”, deb? Yozma! Meni desang, yozma shuni, uka! Shu ukkag‘arning gapiga kirib, bizlar go‘ngu xashak bo‘lib qoldik, yetar. Bo‘lmasa, mana, Po‘latdan so‘ra, bir daftar she’rim bor meniyam! Hammasi gulu bulbul, ishqu muhabbatga bag‘ishlangan. Lekin endi, ko‘rib turibsan – go‘ng, xashak… O‘zi yozsin, o‘lmaydi. Joni qattiq uning. Stalin bobong bir o‘zi bir kunda sakkizta gazet chiqaradi. Yuqoridan buyruq kelsa – bas!

      Nazir aka lof qilayotgani yo‘q, o‘zim guvohman. Tog‘dagi chorvachilik xo‘jaligida amalga oshirilayotgan partiyaviy-siyosiy tadbirlarni ro‘znomada yoritish zarur bo‘lib qoldi. O‘sha kuni rayqo‘mda qanaqadir majlis chiqib, Salim Qaror toqqa borolmadi. Ertasi kelib, xo‘jalik rahbari bilan telefon orqali besh minutgina so‘zlashdiyu mashinkaxonaga kirib, ikki soatda ikki sahifa narsa tayyorlab chiqdi. Og‘zaki, aytib turib! Qoyil qolmay iloj yo‘q. “Besharchadan besh saboq.” Qiziqsinib o‘qib qaradim. Xuddi borib o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek jonli, batafsil. Dalilu mulohazalar joy-joyida, xulosalar asosli, shiddatvor. Birorta ham nuqsoni yo‘q. Gap shunda-da: birorta ham! Bari barchaga ma’lum, to‘ppa-to‘g‘ri, sip-silliq gaplar. Lekin – har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ustozim shu hunarning piri ekan, bilsam.

      Ish boshlaganimning ikkinchi haftasimidi, u menga topshiriq berdi. Shoyi to‘qish fabrikasidagi ochiq partiya majlisidan ixchamgana reportaj yozib kelishim darkor. Bordim, qatnashdim, yozdim. Bu daqqiyunuslarga bir ko‘rsatib qo‘yay deb, bor iste’dodimni ishga solib yozdim. Mudirimning tahriridan keyin o‘qib ko‘rib esa dod deb yuboray dedim. Soch yulib o‘tirib topgan o‘xshatishu sifatlashlarim, majoziy iboralarim… qani?! “Falon kuni falon joyda falon mavzuga bag‘ishlangan falonday majlis bo‘ldi. Yig‘ilishda falonchi-falonchilar so‘zga chiqib, falon-pismadon dedilar. Majlis ahli falonday qaror qabul qildi. Bu – jonajon partiya-hukumatimizning tarixiy qarorlariga to‘liq hamohangdir.” Qolgan gap shu. Xuddi bir dasta gulni silkib-silkib bargini to‘kib tashlagandek. Ayniqsa, ilova qilib qo‘ygan so‘nggi jumlasini o‘qib jonim chiqqudek bo‘laman: shugina majlis ahliki “hamohang qaror” qabul qilgan ekan, yuqorida o‘tirgan partiya-hukumatning nima keragi bor?! Hamonki, qaror “hamohang” bo‘lmoga oldindan ma’lum ekan, shuncha odamni ovora qilib majlis chaqirishdan murod nima?!

      Muharrirga arz qilib kirgan edim, Juma aka: “Nichevo, partiyaviy uslub shunaqa bo‘ladi, o‘rgan”, deya yuzimga suv sepib chiqarib yubordi. Qo‘limdan kelgani shu bo‘ldiki, kechqurun yashirincha bosmaxonaga tushib, nomimni oldirib tashladim. Axir, buni ko‘rgan birov-yarim: “Yozganing-ku Salim Qarornikidan farqi yo‘q ekan, Toshkentda pashsha qo‘rib nima qilasan?”, demaydimi?!

      Asta-sekin yuksak she’riyatu badiiy vositalar xayolimdan ko‘tarilib, bor muhitga moslasha boshladim. nsof bilan aytish kerak: yaxshimi, yomonmi, ustozimdan ul-bulni ham o‘rgandim.

      Ana shunday saboqardan birini eslasam, hamon o‘zimni kulgidan tiyolmayman. Salim Qaror qayoqqadir ketganida bir maqola tayyorlab, bosmaga topshirdim. Ertasi uni ro‘znomada o‘qib, vahimaga tushib qolmaydimi ustozi!

      – Siyosiy xato, siyosiy xato! – derdi u boshini changallab. – Kapamiz kuydi, jiyanjon! Endi nima qildik? Kelib-kelib Juma Turdievich betobliklarida… “Partiya qarorlari” debsiz. Qaysi partiya: sotsialdemokratlar partiyasimi, eserlar partiyasimi yo kadetlar?! “Jonajon Kommunistik partiyamiz” deb yozishimiz kerak, bildingiz! Buni rayqo‘m o‘qisa-a, ikkovimiz ham, Juma Turdievich ham!.;

      Tushlik chog‘i bu noxushlikni Nazir akaga bildirgan edim, u kulib yubordi:

      – Chepuxa! Bor-e, enag‘ar, demaysanmi! Bu devoriy gazetangni kim o‘qirdi? O‘qisa ham – chepuxa!

      Xayriyat, rayqo‘m bizni chaqirmadi. Yo, u yerdagilar ham Juma Turdievichga o‘xshab o‘sha kunlar betobmikan…

      Salim Qaror bilan korrektura o‘qishganimiz bundan ham qiziq. Korrektor qizimizning to‘yi bo‘lib, bir oqshom ro‘znomaga navbatchilik qilgan mudirimga ko‘maklashgani qoldim. Men qo‘lyozmani kuzatib boraman, u kishi bosmaxonadan kelgan nusxasini ovoz chiqarib o‘qiydi. Solishtiramiz. Ustoz hijjalab-hij-jalab o‘qiyapti-yu, men kulib yubormaslik uchun sonimni chimchilab o‘tiribman.

      – “Jo-na-jon Kom-mu-nis-tik… bosh harf bilan, ikkita “m”… parti-yamiz-ning ta-ri-xiy…iy… qa-ror-la-ri-dan ruh-la-nib, vergul… a-za-mat par-ran-da-bo-qar-lar yuk-sak zafar quchdilar… “Quchdilar”mi? Ha-a, ana shunday. Sergak bo‘ling-a, jiyanjon…

      Salim Qaror yig‘in-pig‘inga ketganida men deraza oldida uzoq-uzoq turib, ko‘chadan o‘tayotgan qiz-juvonlarni tomosha qilaman. Turibturib xo‘rligam keladi, o‘zimni o‘zim so‘kaman. Bu nima yurish, axir? Diqqinafas xonada, undan-da diqqinafas bir odam bilan, diqqinafas bir muhitda, hech kimga keraksiz, siyqasi chiqib ketgan gaplarni chaynab, talantimni xor qilib, “dalaga nuri chiqarildi”, “ko‘prik qurildi”, “brigada planini bajardi” deb o‘tirguncha, praktikaga Toshkentning o‘zida qolib, xushhavo chamanlar aro Madinamni qo‘ltiqlab, unga she’ru g‘azal o‘qib yurmaymanmi! Ahmoq, nodon! Hayotni o‘rganarmish, hayotga yaqin bo‘lmoqchi emish! Mana hayot!.. Jo‘ralar qachon kelarkin-a, derazaning tagida mashinasini bip-biplatib? Bugun cho‘milgani sharsharaga bormoqchi edik… Ketaman-ku, kuz kelsin, ketaman! Go‘ngu xashaging o‘zingga siylov, qaror-parorlaring bilan qo‘shmozor bo‘lgur Salim Qaror!

      …Tuman markazidan o‘tib olmazorga qayrilayotganimizda otam gapirib qoldilar:

      – “Shogirdimiz bizni boplab bir qo‘lga tushirganda” deb yurardi rahmatli. Nimaligini aytmasdi.

      Usha voqeani g‘ira-shira xotirlab, so‘rayman:

      – Ota, enasini janozasiz ko‘mdirgan u, dedingiz boya. Shu odam namoz-pamoz o‘kirmidi o‘zi?