А. Митта

Кинода режиссура ва драматургия


Скачать книгу

istaydi.

      Bundanda zо‘rroq misol bor. Vadim Yusov – shubhasiz, butun bir avlodning eng yaxshi operatori. Venetsiya festivali eng yaxshi operatorlik ishi uchun mukofoti bilan uni taqdirlagan. Kо‘plab boshqa mukofotlari ham bor. Ammo siz uning yoshligida, «Mosfilm»da olti yil ishlaganidan sо‘ng, studiyadan istiqboli yо‘qligi va qobiliyatsizligi uchun ishdan haydalganini bilasizmi? О‘sha paytda uni Andrey Tarkovskiy chaqirgan va Yusovning talanti «Ivanning bolaligi» va «Andrey Rublyov»da kо‘zlarni qamashtiruvchi bir mushak kabi portlagan. «Mosfilm»dagi iqtidorsiz kasbdoshlari Yusovga uning talantiga mos keluvchi rol bera olmaganlar. U iste’dodsizlikning nafasni bo‘g‘uvchi havosidan siqilayotgan edi. A.Tarkovskiy unga bajarib bо‘lmaydigan vazifalar qо‘yar, Yusov esa yorqinligi bilan ajralib turuvchi original yechimlar topar edi. Men ularning yonida boshlaganman, ishonchim komil: Yusovsiz Tarkovskiyning talanti boshqacha kо‘lamda bо‘lardi.

      Fransiyalik teatr islohotchisi Jan Vilar shunday degan: «Teatrda hamfikrlar jamoasi daholikning о‘rnini bosishi mumkin». Kino – teatrga nisbatan о‘zgacharoq (avtoritarroq), ammo u yerda ham Vilarning tezisi amal qiladi.

      Esda saqlaymiz: yо‘lning boshida sizning qо‘llaringizda Shekspirchasiga voqelik yuragi tepib turadi. Sо‘ngida esa – ulkan jamoaviy Lev Tolstoy, barcha bо‘ronlarni yengib о‘tib, «Film premyerasi» portiga chiqadi.

      JALB QILISH TIZILMASI AUDITORIYA VA FILM

      Devor oldida bir yarim soat о‘tirib kо‘ring va unga tikilgancha о‘zingiz uchun muhim bо‘lgan qandaydir bir narsaga fikringizni jamlab kо‘ring. Bundan hech narsa chiqmaydi, juda tezlik bilan fikringiz chalg‘iy boshlaydi, zerikasiz va majburlash hissini tuyasiz. Siz uchun qiziq bо‘lmagan filmlarda ham aynan shu narsa sodir bо‘ladi. Shunchaki, о‘z-о‘zicha, uzoq muddat diqqatni bir narsaga jalb qilish inson uchun xos bо‘lmagan holat. Ammo film yaratuvchilari uchun aynan shu narsa kerak. Auditoriya filmga g‘arq bо‘lishi lozim.

      Havaskor tо‘laligicha о‘zini kо‘z-kо‘z qilish bilan band bо‘ladi. Professional san’atkor esa qanday qilib tomoshabinning diqqatini jalb qilish haqida о‘ylaydi. Agar biz auditoriyani о‘zimiz uchun zarur yо‘nalishdan olib borishni istasak, tinmay u haqida о‘ylashimiz kerak. Auditoriya bir yarim soat qorong‘i zalda о‘tiradi, agar unga g‘amxо‘rlik qilinmasa, har qanday tomoshabinning diqqati sо‘na boshlaydi. Siz tomoshabindan ayrilasiz.

      Film shunday bir narsa berishi kerakki, u tomoshabinning qiziqishini tobora orttirib borsin, finalga borganda chо‘qqiga chiqsin. Shunda tomoshabin xursand bо‘ladi.

      Biz hikoya qilmoqchi bо‘lgan voqiylik auditoriyani junbushga keltiruvchi energiyaga ega bо‘lishi lozim. Yaxshi hikoya qilingan voqeada energiya oshib boradi va tomoshabinlar larzaga keladi. Agar omad kelib qolsa, kulminatsiyada ular hamma narsani unutadilar. Maksimal ichki energiya holatida tomoshabinlar san’at tomonidan in’om etilgan baxt chо‘qqisiga – katarsisga erishadilar. Ammo biz omadning kelishiga, intuitsiyaga umid qila olmaymiz. Bizga jalb qiluvchi energiyaning hisob-kitobi va tizilmasi zarur.

      Yaxshi hikoya qilingan film – eng avvalo, energiya, millionlarni hayajonlanishga, yig‘lashga va kulishga majbur qila oladigan quloq eshitmagan darajadagi energiya ishlab chiqaruvchi va uni zalga nurlantiruvchi mashina hamdir. Professional hikoya qilish tizilmasining anchagina darajasi – u bо‘yicha energiya о‘sib boradigan rejadir. Siz bu bilimlardan har qanday erkinlik darajasida foydalanishingiz mumkin. Ammo savodsiz bо‘lsangiz, kо‘ngilxushliklar industriyasi, xuddi hozir jahon prokatida Rossiya filmlari bilan bо‘layotgani singari (keng jahon ekranlarida filmlarimiz amalda mavjud emas), omad sizdan xayrixoh nafrat bilan yuz о‘giradi.

      Aytish joizki, bunday savodxonlik Rossiya san’atiga, ommaviy san’atiga emas, balki eng sara elitar san’atiga xos edi. Tolstoy va Dostoyevskiy romanlari vositasida butun olam kitob о‘qishni о‘rgandi. Chexovning Stanislavskiy tomonidan qо‘yilgan dastlabki spektakllariga moskvalik yoshlar ming kishilik navbatlarda haftalab turganlar. MXATning Amerikaga borishi nafaqat tomoshabinlar va professionallarni hayratga soldi, ayni shu paytda Amerika shou biznesining bugungi kunda dunyodagi hukmronligini ta’minlovchi narsaga ham asos soldi. Amerikaliklar buni yashirmaydilar. Hammaga ma’lum bо‘lgan bu omillarni, nima uchundir, yuksak san’at sehri sifatida talqin qilish qabul qilingan. Ammo bunday emasku! Tolstoy, Chexov va Stanislavskiylar bozordagi san’atkorlar edilar. Auditoriya bilan bog‘lanish g‘oyasi ular ijodiy hayotlarining bir qismi edi. Ular о‘z ijodini auditoriya ustidan hukmronliksiz tasavvur eta olmasdilar. Bu jahon madaniyati an’anasidir.

      «Gamlet», borliqning mohiyati haqidagi barcha teranliklardan tashqari, yana qotilliklar, zaharlashlar va yakunida bir tо‘da murdalar bilan birga oldi-qochdi ishqiy sarguzashtlari bо‘lgan jangarilikdir. «Makbet» – nafaqat fojeaviy epos, balki arvohlar, alvastilar, ruhlar va tirilgan kesik boshlari bilan birga mistik trillir hamdir. Lev Tolstoyning «Tug‘ilish»i – nafaqat jamiyatning ochiqdan ochiq ijtimoiy tanqidi, ayni shu paytda aybsiz qizaloqni о‘ziga ilintirgan graf haqidagi melodrama hamdir. Chunki, Bernard Shou aytganidek, «biz о‘zimizga eng kam qarshilik kо‘rsatishni taklif qiladigan yо‘lni emas, balki eng kо‘p afzallik keltiradigan yо‘lni tanlaymiz».

      Drama tomoshabinda hissiyotlar uyg‘otish imkoniyatidan tо‘liq foydalanganidagina eng kо‘p afzallikka ega bо‘ladi. Tomoshabin bizga itning burni kabi о‘z muammolariga burkangan, sovuq holda keladi. Biz uni о‘z dunyosidan ajratib, bizning olamimizga g‘arq qilishimiz lozim. Buning uchun esa biz unda hissiyotlar uyg‘otishimiz, hissiyotlarini qо‘llab-quvvatlashimiz va hissiyotlarini rivojlantirishimiz lozim.

      BIRINCHI QADAM. QIZIQUVCHANLIK – MUHABBAT DARVOZASIDIR

      Qachonlardir, qadim zamonlarda, urushgacha bо‘lgan davrlarda, Gorkiy nomli studiyada «Qanday qilib Ivan Ivanovich Ivan Nikiforovich bilan urishib qoldi» degan dastlabki ovozli filmlardan biri olingan edi. Syujetga kо‘ra, chо‘chqa departamentdagi urim-burim koridorlardan yugurib о‘tib borishi, mansabdor kishining qо‘lidagi qog‘ozni yulib olishi va yeb qо‘yishi kerak edi.

      Vazifani bajarib bо‘lmaydiganga о‘xshardi. Chо‘chqa it emaski, uni tryuklarga о‘rgatsang. Tabiiyki, barcha jonivorlarning, shu jumladan, chо‘chqalarning ham mashhur о‘rgatuvchisi – Durovni chaqirishadi. U quloq eshitmagan miqdordagi mablag‘ – 700 sо‘m pul sо‘raydi. Bu о‘sha davr uchun hali quloq eshitmagan voqea edi. Film direktori:

      – Bunday bо‘lishi mumkin emas! – deydi. Rejissor:

      – San’at uchun mumkin! Gogol uchun mumkin! – deb qichqiradi.

      Shuni deb filmni tо‘xtatib bо‘lmaydi-ku… Oqibat direktor tо‘lashga va’da beradi. Bundan tashqari, yana Durov dubl uchun 5 ta chо‘chqa, ikki quti murabbo va bir quti konyak ham sо‘raydi. Shundan sо‘ng ikki oyga u yerni tark etib, bezovta qilmasliklarini sо‘raydi.

      Tasvirga tushirishga bir hafta qolganida direktor ishlar qanday ketayotganligini bilish uchun sirkka keladi. Durov: hammasi joyida bо‘ladi, deb tinchlantiradi. Ozgina konyakdan qо‘shish kerak, berganlaringni hammasi ishlatildi, deydi. Yana bir quti konyak qо‘shadilar. Tasvirga tushirish oldidan direktor chо‘chqalarni olib kelishga ma’murni mashina bilan yuboradi. Ammo Durovning qо‘rasida faqat bitta chо‘chqa bor edi.

      – Qolganlari qani? Soddadil qorovul esa:

      – Yeb qо‘ydik, – deb javob qiladi.

      – Konyak qani?

      – Ichib bо‘ldik.

      Direktor qо‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardi – nahotki tasvirga tushirish barbod bо‘lsa? Studiyaga birgina chо‘chqani keltirishadi va bu qimmatbaho jonivorni direktorning xonasiga joylashtirishadi. Bu yog‘i hammasi unga bog‘liq edi.

      Tasvirga tushirish kuni Durov paydo bо‘ladi. Unda na uzun qamchi, na uchida ilmoqlar о‘rnatilgan tayoqlar – hech bir moslama yо‘q edi:

      – Chо‘chqa