allaqachon olingan ma’lumotlarni, mening so‘zlarimdan, yozib olib PUO deb ataladigan dastgohi yordamida o‘lchab, ularni to‘pchilar ishlatadigan raqamlarga aylantirib ulgurgandi.
Xullas, to‘pchilarimiz, o‘zini qaerga tushganini quyuq tutuni bilan bildiradigan “dimovoy snaryad”dan bir donasini jo‘natishdi.
–Chetyortiy, ya perviy, priyom.
–Ya chetvyortiy, priyom.
–Plyus, pyatdesyat, cheteri oskolochnim ogon! Priyom.
Artilleriyachilarimiz, o‘ng tarafga ellik metr sozlab, aytilganlarni jo‘natishdi.
Ustimizga snaryadlar yog‘ilishi to‘xtab, atrof sokinlashib qoldi.
Tunash uchun to‘xtagan joyimizdan, bir oz ham tin olmasdan, jo‘nashga hozirlik ko‘ra boshladik.
Yetmish chaqirimli masofani uch kun yo‘l yurib, bir qancha yo‘qotish-u talafotlar bilan bosib o‘tib, G‘azna shahriga yetib keldik.
Boshimdan o‘tgan voqealarni oradan yillar o‘tgach xotirlab yozarkanman, beixtiyor hozirgi davrimizdagi obodonchilik, farovon hayotimiz bilan taqqoslab ko‘raman.
O‘shanda uch kunda bosib o‘tilgan yo‘lni, hozirda bir soatga ham qolmasdan yurib, yana qanchadan-qancha yumushlarimizni bajarib, tushlikkacha yoki kechga qadar uyimizga qaytib kelishlarimiz – bular hammasi tinchlik ne’mati ekanligiga yuz karra amin bo‘lib, shukronalar aytaman…
Qo‘riqlovchi farishta
G‘aznada joylashgan harbiy qism tashqarisidan, kirish darvozasining yonginasidagi yantoqzordan, bizga joylashishimiz uchun maydon ajratildi. Aftidan, biz kechikib kelganligimiz sababli qism ichkarisidan joy topib bera olishmagan.
Ko‘rsatilgan maydondan bizning batareyamiz uchun ajratilgan joyni komandirimiz buyrug‘iga ko‘ra, yuk mashinasi bilan bir-ikki bostirib chiqqandan so‘ng, joylashib oldik. Yengillashib kelish maqsadida pana joy izlab, “razvedka” qila boshladim. Yigirma-o‘ttiz qadamlar narida tikanli sim tortilgan, uning narigi tarafida harbiy qism zambaraklarining biz tomonga yo‘naltirilgan stvollari yurakka vahima solib ko‘rinib turardi. Tikanzorni oralab, qulay joy izlagan ko‘yi o‘n-o‘n besh qadam yurdim. Menga ovloqroq ko‘ringan, atrofi tikanaklar bilan to‘silgan chuqurlikka ko‘zim tushdi. Chuqurlikka tomon hali bir qadam ham qo‘yib ulgurmasimdan “To‘xta, u yoqqa borma”, -deb sof o‘zbek tilida aytilgan ovoz meni to‘xtatib qo‘ydi. Kimdir menga hazillashayapti shekilli, degan o‘yda, atrofga alanglab hech kimni ko‘rmadim, shunday bo‘lsa-da “qulay joy”dan voz kechib, chap tarafga uch-to‘rt qadam yurib joylashib o‘tirdim…
Bir-ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas quloqlar tom bitgudek qattiq gumburlash eshitilib, ustimdan kimdir chelaklab tuproq sochayotgandek bo‘ldi. Bir muddat hech narsani eshitmagan ko‘yi o‘ylay boshladim: “Zambaraklarni ham shu paytda otishadimi, a, zang‘arlar? Yo‘q, shoshma, zambaraklardan biznikilar otishgan bo‘lsa, unda ustimga tuproq qayoqdan sochildi?! Yo‘q, hoynahoy bu dushman snaryadidir…?” Shu kabi javobsiz savollar tinimsiz miyamda charx urar, lekin jo‘yali bir to‘xtamga kelolmasdim. Qancha muddat shu holatda o‘tirdim – bir daqiqami yoki bir necha soniyami, buni ham bilmayman.
Boshqa portlash bo‘lmadi, chang bosilib, atrof ko‘rina boshlagach, qulog‘imga qanaqadir ovozlar elas-elas eshitila boshladi. Ammo bu ovozlar ichidan faqat “mama, mamochka” degan so‘zlargina boshqalariga nisbatan aniqroq va balandroq eshitilardi.
Ust-boshimni qoqqancha o‘rnimdan turdim. Safdoshlarim bezovta, sarosimaga tushib qolishgan, hammasi negadir men tomonga qarab turardi.
–To‘xta, joyingdan qimirlama! –uzoqdan menga berilgan ko‘rsatmani bajarishdan o‘zga ilojim yo‘q edi.
Atrofga alangladim, zambaraklar yonida hech kim ko‘rinmas, ular otishmagani aniq; qiziq, bu nima edi?
Shunda… Yonginamdagi boyagi “qulay joy” o‘rnida hosil bo‘lgan o‘raga ko‘zim tushdi. Undan sal narida qonga belangancha bir askar dodlab yotardi. Uning ahvolini tasvirlashga tilim ojiz…
Nahotki… U askar minaga tushgan bo‘lsa? Menga nima sababdan “ajal og‘zi”dan chiqib kelayotgan odamga qaragandek hayratlanib boqishganini, joyimdan qimirlamaslik haqida ko‘rsatma berishganini va qay vajdan dodlab yotgan askarga yordam berish uchun, uning oldiga kela olmayotganliklarini tushunganday bo‘ldim: men minalashtirilgan maydonning qoq markazida edim!
Sapyorlar kelib atrofni “tozalagan”laridan so‘nggina shok holatida tinchib qolgan yaradorni olib chiqishdi. Piyodalarga qarshi qo‘llanadigan minalar ma’lum bir sxemadan foydalanib, uch donadan qo‘yilarkan. Yigit o‘zimiznikilar ancha yillar oldin qo‘ygan minaga tushgan edi.
Bizga “qo‘nishga” joy ajratgan mutasaddi boshliqlar nahotki shundan bexabar bo‘lishsa? Shunchalik ham loqaydlik, shunchalik ham inson taqdiriga befarqlik bo‘ladimi? Dushmanlar tomonidan yetkazilayotgan talafotlar kammidi?
Minaga tushgan askar sal o‘tmay halok bo‘ldi. Men esa, o‘limga tik borib, bir qadam qolganda burilib, Allohning inoyati ila chap bergandim. Shundan so‘nggina boyagina quloqlarim ostida yangragan so‘zlar ichki ovoz ekanligini angladim va doimo unga quloq solib yurishga odatlandim…
Yo‘q emish yigitga o‘lim, o‘zin tig‘ga tutarmish,
Umr kosang to‘kilmas, to‘lmasa, chil-chil sinmasa.
Peshonada bitilganin inson ko‘rib o‘tarmish,
Ajal ham qochqilar sendan, agar Alloh asrasa.
Bir kecha tunab, ertasi kuni Vardak viloyati tomon yo‘lga tushdik. G‘aznada to‘plangan o‘nlab harbiy qismlar armiya miqyosidagi amaliyotga qatnashish uchun navbati bilan kolonnadan o‘z o‘rnini egallagan.
Biz Kobul – Qandahor yo‘nalishidagi katta yo‘lga chiqib, Kobul tomonga bir soatlar chamasi yurgandan so‘ng chap tarafdagi dara orqali yo‘limizda davom etdik.
Ajoyib manzara: atrof yam-yashil daraxtzor, yo‘lning chap tarafidan suvlarini toshlar uzra sharqiratib kichik daryo oqmoqda, undan naryog‘ida esa tik qoyalar boshlangan, yo‘lning kengaygan qismlarida esa yakka-yakka paxsadan qurilgan uylar uchrab turardi.
Dara kengaygan joydagi qishloqdan o‘tiboq qulay hududda joylashdik. To‘pchilarimiz buyruqdan so‘ng gaubitsalarni jangovar holatga keltirishdi, razvedkachilarimiz o‘ng tarafdagi tog‘ tomon, qoyalar oralab, o‘rmalagancha chiqib ketishdi.
Bu orada zampolit5 qishloqdagi uylarga, savdo do‘konlariga kirmaslikni, bunday holat yuzaga kelgan taqdirda “maradyorstvo” statyasi mavjudligi, o‘zbekchasiga aytganda “talonchilik” qilish mumkin emasligi, bundan tashqari har qaysi uy yoki savdo do‘koni minalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, boshimizni “qotira” boshladi.
Qishloqda biror tirik jon qolmagan, hammalari o‘z uylarini tashlab, tog‘ tomon qochib ketishgandi. Darchayu eshiklarga katta-kichik yarqiroq qulflar o‘rnatilgan, bu esa talonchilarni qaytarishdan ko‘ra, ko‘proq o‘ziga jalb qilardi.
O‘n sakkiz- yigirma yoshli, kuch-g‘ayrati ichiga sig‘magan, hatto joni ko‘ziga ko‘rinmagan yigitchalarning ayrimlari uchun zampolitning gaplari bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketgan, shekilli, payt poylab do‘konni o‘marib kelganlar ham bo‘ldi. Lekin “ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degan naql bejiz aytilmagan. Vova degan yigit do‘kon eshigini ochib, ichkariga kirganda ishga tushadigan qilib moslab qo‘yilgan granata portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Shundan keyingina “talonchi”larning sal bo‘lsa ham “popugi” pasayib qoldi.
Sakkiz kun davom etgan amaliyot davomida, har kuni yangi-yangi koordinatalarni qabul qilardim, besh xonali sonlardan iborat bo‘lgan “iks”, “igrek”lar qulog‘im ostida yangrar, hisob-kitoblar yakunida esa to‘pchilarimiz gumburlatib, tog‘ oralatib otishar, “ajal urug‘i”ni tashuvchi snaryadlari qayoqqa borib tushayotganligini, hatto tasavvur ham etishmasdi. Gohida qiziqib raqamlarni xaritaga solib ko‘rardim, ahyon-ahyonda esa bu nuqtalar tog‘lar orasida joylashgan qishloqlar ustida birlashardi.