alari
Ona yurtimning jasur farzandlariga bag‘ishlayman
TOSHTAQALIK QILICHBOZ YOKI MUQADDIMA
Toshtaqa qishlog‘i Yelkantog‘ning tik va zabardast qoyalari bilan uch tarafdan qurshab olingan. Yuqoridan turib qarasangiz, qishloq afsonaviy devlar tulporidan tushib qolgan bahaybat taqaning o‘rtasida turganga o‘xshab ko‘rinadi.
Taqaning ochiq qismini Qo‘chqorsoyning asov to‘lqinlari keskir shamshirdek to‘sib turar, bu soy kunchiqardagi qoya ustidan taralib tushadigan sharsharaning davomi bo‘lib, kunbotardagi o‘rkach ostiga yetganda, aylana hosil qilgancha shimolga tomon burilib ketardi. Jannatariqdan oqadigan bir tegirmon suv sharshara bo‘lib pastga tushgach, birdan ulkan soyga aylanib qolishi qishloqqa birinchi marta kelganlarni qattiq hayronlikka solar, sharshara ostidan biqillab buloq chiqib turishi faqat shu yerda yashaydigan kishilargagina ma’lum edi.
Qishloqning pastqam imoratlar tobora siyraklashib borgan janubiy qismida Yelkantog‘ etaklariga qadaluvchi barra yaylov o‘txo‘rlar oldiga yoyib qo‘yilgan ulkan dasturxondek yastanib yotardi. Tog‘ cho‘qqilari ostiga qurilgan pillapoyani eslatuvchi o‘rkachlarning birinchisi pistazor bo‘lib, uning kungay joylarida isiriqlar g‘ujg‘onlanib o‘sar, bu yerning har bir giyohi shifobaxsh edi.
Ikkinchi o‘rkachga ko‘tarila borganingiz sari, yolg‘iz-yorti archalar uchrayotgandek tuyuladi, lekin nafasni rostlab olish uchun biroz to‘xtalib, atrofga nazar solgan paytingizda qalin o‘rmon ichiga kirib qolganingizni sezib, birdan hayratga tushasiz. Engashvolib yuqoriga ko‘tarilishning mana shunaqa g‘alati sehri bor.
Bu o‘rkachga qadam bosgan kishi yer yuzida nasli kamayib ketayotgan popukdor hilolkakliklarning tiniqib sayrashini eshitib, huzur qilganicha beixtiyor ayiqtovonlar og‘ushiga yonboshlaydi. Keksa ovchilar bu noyob parranda galasi Jandag‘orda qishlab, o‘sha joyda bolalashsa kerak deb taxmin qilishar, chunki g‘or ichida hilolkakliklarning rangdor patlari to‘zg‘oqdek sochilib yotardi.
Undan keyingi o‘rkachni toshtaqaliklar «kashta» deb atashadi. O‘rkachda qizil, sariq, pushti lolalar oila-oila bo‘lib ochilar, bodroqdek gullagan chechaklar ko‘k mato ustiga sochilgan turfabo‘yoq qog‘oz tangachalarni eslatar, hatto bu yerning kapalaklari ham rango-rang edi. Yelkantog‘ning yam-yashil o‘rkachlari uzra qad ko‘tarib turgan kumush cho‘qqilar «kashta»dan yanada ko‘rkamroq ko‘rinar, bu manzaraga mahliyolanib boqqan kishining ko‘z o‘ngida sokin dengiz ufqini qamrab olgan sonsiz yelkanli qayiqlar tizmasi namoyon bo‘lardi.
Mustahkam qal’ani eslatuvchi bu jannatmakon qishloqqa faqat bitta yo‘l orqali kirish mumkin edi. Qo‘chqorsoy ustiga qurilgan ko‘hna osmako‘prik Toshtaqaning faxriy darvozasi hisoblanadi.
Biz o‘zimizni o‘sha osmako‘prikda turgandek faraz qilaylik. Ko‘prikdan picha nariroqdagi yapasqi xarsang ustiga o‘tirib olib, ko‘piktil to‘lqinlarga oyoqlarini objuvoz to‘qmoqlaridek galma-gal chapillatib urayotgan qiyg‘irko‘z bola qissamizning bosh qahramoni Alamazondir.
«Alamazon» toshtaqaliklar shevasida gurkirab yonayotgan gulxanni anglatadi. To‘y va bazmlarda uyqusizlikdan gandiraklab yuruvchi qishloq bolalari uchun davra o‘rtasidagi gulxanga moy sepilgan chog‘da «alamazo-o-n, guldiramazon» deb chapak chalib irg‘ishlashdan ortiqroq zavq bo‘lmas, bu qiyqiriqlar muntazam ravishda qissamiz qahramonining jig‘iga tegib kelar, shu tufayli u biron bahona topib, bu an’anaviy marosimni ommaviy shapatibozlikka aylantirib yuborish payida yurardi.
Alamazon uchta narsani xush ko‘radi: birinchisi – futbol o‘ynab charchagach, cho‘zilvolib kitob o‘qish; ikkinchisi – kitobda o‘qiganlari haqida miriqib xayol surish va xayol surishdan junbishga kelgan tuyg‘ularini qog‘ozga to‘kib she’r mashq qilish; uchinchisi – oq qog‘ozga termilishdan ko‘zi tinganda dunyodagi barcha tashvishlardan voz kechib, sillasi quriguncha yana to‘p tepish. Lekin kishi o‘z istaklariga osonlikcha erishganini hali hech kim ko‘rmagan. Bu fikrni jumladan Alamazon ham tasdiqlashi mumkin. U to‘p tepaverib, tuproqqa belanib qaytgan chog‘da ayasidan «quloqcho‘zma» oladi; yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan kitoblarni o‘qigani uchun akasi tiraqaylatib quvib qoladi; xilvatroq joyga pisib olib she’r mashq qilish va uzoqroqqa cho‘zilgan sang‘ishlar esa dadasining shimdan kamar sug‘urishi bilan yakunlanadi. Bu yetmaganidek, bolakayning allaqachon to‘qsonni urib qo‘ygan buvisi har uchala holatda ham «bu mahmadananing tizginini tortib qo‘yish kerak», deb tergaguvchilarga dalda berib turadi. O‘zingiz sezib turibsizki, qahramonimizning me’dasiga tegib ketgan narsa mehribonlari tomonidan qilinadigan ta’qiblardir.
Hammadan ham odamlarga o‘xshab xohlagan kitobini tanlab o‘qiyolmasligi Alamazonga juda alam qilardi. Bolafaqir Chipollino, Buratino, Tom Soyer, Gek Finn, Ravshanbek, Alpomish kabi qahramonlar bilan «Alifbe»ni yod olgandan buyon olishadi. «Robinzon Kruzo» bilan «Maugli»ni azbaroyi boshqa durustroq kitob yo‘qligidan uch-to‘rt martalab o‘qib chiqdi.
Oxiri, bir kuni tavakkal qilib, akasining kitob taxmoniga hujum boshladi. Taxmonning Alamazon uchun taqiqlab qo‘yilgan qismidan «O‘tkan kunlar» degan kitobni shartta sug‘urib oldi-yu, uch kun yayrab mutolaa qildi. Bu voqea bundan roppa-rosa ikki yil burun, u beshinchi sinfni tugallab, xuddi hozirgidek ta’tilga chiqqan paytda yuz bergan edi.
Kunlar o‘taverdi. U akasidan hadiksiray-hadiksiray «Sarob», «Choliqushi» va «El qizi»ni o‘qib chiqdi. «Anna Karenina»ning birinchi qismini tugallay deb turganda nihoyat o‘sha xunuk ish sodir bo‘lib, akasi uni bexos qo‘lga tushirdi. Bu – qahramonimizni kelgusida kutayotgan o‘nlab ko‘rguliklarning boshlanishi edi, xolos.
Bolalar uchun yozilgan kitoblardan Alamazon odamlarga yaxshilik tilashni o‘rgangan, haqiqat va ezgulik yolg‘on va olchoqlik ustidan g‘alaba qilishi muqarrarligini tushunib yetgan edi. Kattalarga atalgan kitoblarni o‘qigan sayin unda odamlarga bevosita yaxshilik qilish istagi kuchaya bordi, haqiqat va ezgulikning g‘alaba qozonishi uchun yolg‘on va olchoqlikka qarshi kurashish lozimligini tobora chuqurroq anglay boshladi. U odamlarga iloji boricha yirikroq yaxshilik qilish va uning bu ishi kam deganda butun bir mamlakat miqyosida katta «shov-shuv»ga sabab bo‘lishini istardi.
Alamazonning yana bir g‘alati xislati shu ediki, biron-bir kitobni o‘qib chiqqach, undagi bosh qahramonga beixtiyor taqlid qila boshlardi. Masalan, u «Gamlet»ni o‘qib yurgan pallada biroz parishonxotir va bosiq bo‘lib qoldi. Muallimlar, «shumtakaga insof kirganga o‘xshaydi», deb sevinib yurishganda u «Shum bola»ni o‘qishni boshlab yubordi-yu, yana aynib ketdi. «Spartak»ni tugatgandan keyin esa yog‘och qilich bilan sinfdoshi Karim ko‘chirmachining boshini yorib qo‘ygani haqida butun qishloqqa «mish-mish» tarqaldi. Bundan xabar topgan maktab qilichbozlik to‘garagining rahbari, «menga mana shunaqa tirishqoq talaba kerak edi», deb uni zo‘rlab to‘garakka a’zo qildi.
Dadillik va chapdastlik Alamazonning tug‘ma qobiliyati edi. Ko‘p o‘tmay u o‘zi istamagan holda (uning ko‘ngli hamon futbolni tusardi) maktabda dovrug‘ taratgan shamshirchi bo‘lib qoldi. Boshlang‘ich sinfdagi bolalar uni ko‘rganda, «ana, eng zo‘r qilichboz kelyapti», deb o‘zaro shivirlashib qo‘yishardi. Lekin qilichbozlikdan qancha obro‘-e’tibor topgan bo‘lmasin, raqibga «ukol» sanchish o‘zgalar darvozasiga to‘p kiritishchalik zavq berolmasdi unga. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Alamazon bora-bora to‘garakdagi mashg‘u-lotlarga nomuntazam keladigan bo‘lib qoldi. «Alvido, qurol!» degan kitobni o‘qib chiqqandan keyin esa, qilichbozlikdan butunlay voz kechib, yana futbolga berilib ketdi.
Yanglishmasam, siz bilan biz hozircha Qo‘chqorsoy ustidagi osmako‘prikda turibmiz. U yoq-bu yoqni kuzatishda davom etaylik. Alamazondan to‘rt qadamcha narida so‘ppayib o‘tirvolib, soy yoqasida shig‘il-shig‘il pishgan ituzumlarni kapalab yutayotgan lavoqqina bola bosh qahramonimizning injiq piyodasi Eshmat ishma bo‘ladi.
Eshmat o‘zini ortiqcha urintirib yuradigan laqma bolalardan emas, faqat bitta narsani xushlaydi va bor-yo‘g‘i bittagina narsani yoqtirmaydi. U yashashni to‘yib-to‘yib ovqatlanish deb tushunadi va shu nuqtayi nazardan qarab, kavshanishni haddan ziyod yaxshi ko‘radi.
Maktabga qabul qilinmasdan avval Eshmat biron narsani astoydil yomon ko‘rmagan. Lekin sinfga «Arifmetika» o‘qituvchisi kirib kelgan birinchi kundayoq dunyoda odamlarning asabini egovlash uchun ataylab yaratilgan yovuz vositalar mavjudligini u darhol fahmlab yetdi. Qitmir arifmetik raqamlar mujmal algebraik belgilarga aylana borgani