vey, Alamazon? – ituzumni kaplayotib so‘radi Eshmat.
– Xazinani.
– Iye-iye, qanaqa xazina?
– Qanaqa bo‘lardi, rostakami-da, – oyog‘ini suvdan olib, sherigi tomonga o‘girildi Alamazon. – Nima, kitobni o‘qib bo‘lmadingmi hali?
– O‘qib ko‘rdim.
– Shundan keyin ham xazina to‘g‘risida o‘ylamayapman degin?
Alamazon ta’tilning dastlabki kunlarida Jek Londonning «Uch qalb» degan kitobini o‘qib chiqqan, qorong‘i g‘or vahimalarini zarracha pisand qilmaydigan, hatto o‘lim dahshatidan ham titramaydigan quvnoq va qaysar xazina qidiruvchilar jasorati uni qattiq hayajonga solgandi. Shundan so‘ng «Uch qalb»ni maqtab-maqtab Eshmatning qo‘liga tutqazdi. Qiziq! U kitobni o‘qib tugatibdi-yu, baribir ituzumdan boshqa narsani o‘ylamayapti.
– Yo‘q narsaga boshimni og‘ritib jinni bo‘pmanmi? – kavshanganicha javob qildi Eshmat. So‘ng lunjidagini yutib, qo‘shib qo‘ydi. – Ochig‘ini aytsam, o‘sha xazina axtaradig‘onlaring menga yoqmadi. Tillo topaman deb o‘lib ketishlariga bir bahya qoldi-ya. Tag‘in och qopketishganini aytmaysanmi.
– Bir o‘ylab ko‘rgin-a, – jahlini ichiga yutib, iloji boricha silliqroq gapirishga tirishdi Alamazon, – hinduning g‘orida xazina bo‘ladi-yu, o‘zbeknikida bo‘lmaydimi? Qulog‘imni garovga tikib aytamanki, o‘zimizning Jandag‘orda ham xazina bijib yotibdi. Uni topadigan odam yo‘q, xolos.
Alamazonning oftobda qoraygan yuzlarida kuldirgich o‘ynadi.
– O‘sha xazinani topib olsak bormi, heh-hey, odamlarga qancha yaxshiliklar qilish mumkin bo‘lardi-ya!
Keyin u, asosan, qanday yaxshiliklar qilish mumkinligini sanay boshladi. Birinchi galda yaylov etagiga o‘n ming kishilik stadion quriladigan bo‘ldi.
– Iye-iye – taajjubdan ko‘zlari olaydi Eshmatning, – qishlog‘imizdagi odam ja borsa ikki mingtadir. Boshingga urasanmi munaqa stadionni?
– Keyinchalik odam ko‘payib ketadi, – sira ikkilanmay bashorat qildi Alamazon. – Masalan, Orif tog‘aning o‘n bitta bolasi bor. Uning har qaysi bolasi yana o‘n bittadan bola ko‘radi. Bolalarining bolalari yana o‘n bittadan. Hisoblab ko‘r-chi.
Eshmat o‘zini matematika darsida o‘tirgandek his etib, aftini bujmaytirdi. Alamazon o‘zicha xomcho‘t qilib ko‘rsa, bunaqada odam juda ko‘payib ketarkan. Qishloqda esa joy tor. Shunda u topilishi mo‘ljallanayotgan xazina hisobidan birmuncha ko‘pqavatli uy qurib tashlash kerak degan qarorga keldi. Marmar devorli kattakon choyxona qishloq qariyalari ko‘p to‘planadigan guzarda qad ko‘taradigan bo‘ldi. Hamma ko‘chalarga asfalt yotqizilib, Qo‘chqorsoy ustidagi ko‘prik yangilanishi kerak edi. Ko‘prikning panjaralari sof kumushdan bo‘larmish. Eshmat shu to‘polonda qishloqqa besh qavatli oshxona ham qurib qo‘yish kerakligini qistirib o‘tdi.
– Ahmadali otaga atab terak bo‘yi haykal o‘rnatamiz, – qat’iy ahd qildi Alamazon.
Butun umri boshlang‘ich sinflarga dars berish bilan o‘tgan Ahmadali Obidiy bundan ikki yilcha burun, pensiyaga chiqishiga bir oygina qolganda qo‘qqis vafot etgandi. Uning sobiq o‘quvchilaridan ikkitasi urushda qahramon bo‘lgan, bittasi hozirda vazir, yana bittasini shahardagi yog‘ zavodida direktor deyishadi. Uzoqqa borib o‘tirmaylik, shaxsan Alamazonning o‘zini ham birinchi sinfda Ahmadali ota o‘qitgan.
«Yana nima qilsam ekan? – o‘ylanib qoldi Alamazon. So‘ng o‘zicha qo‘l siltab qo‘ydi. – Ha, mayli, xazina topilgandan keyin tuzukroq o‘ylab ko‘rarman. Mirzaqand piyon vaysaganidek, puling ko‘paygan sari sarfing ham oshib boraveradi».
– Boramizmi, oshna? – Eshmatning ko‘ziga tikildi Alamazon.
– Qayoqqa?
– Qayoqqa bo‘lardi, xazinani topgani-da.
– O‘zing boravur, – iyak otib ming‘irladi Eshmat. – G‘orda pishirib qo‘yibdimi?
– Qo‘rqoq! Tag‘in seni Frensis deb chaqirmoqchi bo‘lib yuribman-a. Xayf senga bu nom.
«Uch qalb»dagi xazina qidiruvchilar orasida ikki asosiy qahramon bo‘lib, ulardan birining ismi Genri, ikkinchisiniki Frensis edi. Frensis! Agar imkonini topsa, Eshmat o‘zining «Ishma» degan xosiyatsiz laqabini jon-jon deb Frensisga almashtirgan bo‘lardi. U o‘ylanib qoldi.
Eshmatga bu nomni va’da qilishdan oldin Alamazon ham anchagina bosh qotirgandi. Uning fikriga ko‘ra Eshmat na Genrilikka loyiq edi, na Frensislikka. Ikkala nomga ham faqat Alamazonning o‘zigina munosib edi. Ammo insof yuzasidan bittasini baribir Eshmatga berishga to‘g‘ri kelardi.
«Mayli, unga bittasini beraman, – ko‘nglidan o‘tkazdi Alamazon. – Lekin mendan ortganini oladi».
U avval Frensislikni tanladi. Frensis – aqlli, botir. Buning ustiga aslzoda. Genri-chi? U ham mard va jasur bo‘lsa-da, Frensisdek sermulohaza emas.
Shu payt kitobdagi bir voqea dabdurustdan Alamazonning esiga tushib qoldi. Unda, yengilganning qulog‘ini kesib olish sharti bilan bo‘lgan olishuvda Genri Frensisdan g‘olib kelgan va raqibining qulog‘ini kesmay oliyjanoblik qilgan edi. Birgina shu narsa Frensisning bor afzalliklarini sariq chaqaga chiqarib qo‘ydi. Alamazon Eshmatdan ko‘ra madaniyatsizroq bo‘lishga chidashi mumkin edi, ammo olishuvda kelib-kelib shu ishkambadan mag‘lub bo‘lishdek isnodni o‘z gardanida ko‘tarib yurolmasdi. Xullas, u Genrilikni tanladi.
– Darrov jirrakilik qilavurma-da, – dabdabali laqabni o‘zlashtirib olish umidida keskin muloyimlashdi Esh-mat. – Jandag‘oringda tillo bormikin o‘zi?
– Bor. Ishonmasang, qulog‘imni garovga qo‘yaman. G‘orning oxirida Zimistonsaroy degan joy bor deyishadi. Xazina o‘sha yerda bo‘lishi kerak.
– Sen olvoladig‘on narsalarimizni lo‘nda gapirmayapsan, – g‘orga borishga rozi ekanligini bildirish bilan birga, nafsi uchun qayg‘urishni unutmadi Eshmat. – Nima, qornimiz ochmaydimi?
– Tashvishlanma, men piyodalarimning g‘amini yeb qo‘yganman, – Alamazon shunday deya xarsang ustiga chiqib, qaddini rostladi. Keyin boshini baland tutib, tantanavor ohangda e’lon qildi. – Tayyorlan, Frensis! Muqaddas yurishni boshlaymiz. Oldinda – Jandag‘or!
Ular ertasi kuni barvaqt safarga otlanishdi. Pistazordagi changallarga bet-qo‘lini tatalatib yurmaslik uchun Alamazon Eshmatni kunchiqardagi qoyalarga tirmashgan ilonizi so‘qmoqqa yetakladi. Ular sharshara yonidan yuqoriga ko‘tarilib olishgach, Jannatariq yoqalab Yelkantoqqa chiqa boshlashdi. Bu ariq Jandag‘orning shundoqqina ustidan oqib o‘tardi.
ZIMISTONSAROY
G‘orning ichi sovuq va namxush edi. O‘zidan kuchliroqlarga yem bo‘lgan hayvonlarning qoqmoch suyaklari oyoq ostida qalashib yotar, hilolkakliklarning to‘zg‘oq patlari kishi nafas olayotgan paytda goh labga kelib yopishar, goh burunni qitiqlardi.
Tugmachiroqlarni yoqib olgan xazina qidiruvchilar g‘orga sarbozlardek kekkayib kirishgan bo‘lsa, jinday o‘tgach engashib, keyinroq bukchayib yurishga majbur bo‘lishdi. Oxiri sirkdagi qiziqchilarga o‘xshab, emaklay boshladilar.
– Ke, oshna, picha tamaddi qilvolaylik, – ancha emaklashgach, tuynukning kengroq yerida to‘xtalib dedi Alamazon. – Balki bunaqa qulay joy boshqa uchramas.
Eshmat hansiraganicha, indamay yonboshladi. Alamazon tugmachiroqni yoqib, kavakdagi tokchaga qo‘ydi-da, osmaqopchiqning og‘zini ochdi. Qattiq nonga qo‘shib ozginadan kalla go‘shti va tuxum yeyishdi. Keyin suvdonga yopishishdi.
Ovqatlanib bo‘lishgach, g‘orning tobora torayib, tuynukka aylanib borayotganini nazarda tutgan Alamazon osmaqopchiqni shu yerda qoldirib ketish kerak degan qarorga keldi.
– Suvdonni olib, cho‘ntaklarga ozginadan qattiq non solvolamiz, – dedi u buyruq ohangida.
Eshmatning Frensislikdan ko‘ngli sovib borayotgandi.
Bu yerda bekordan