Xudoyberdi To‘xtaboyev

Qasoskorning oltin boshi


Скачать книгу

polvon kelyapti!

      – Avliyo Namoz deganlari shu bo‘ladimi?

      Namozning nomini eshitib darvozaning ikki yoniga qator tizilib yo‘lakcha hosil qilgan tilanchilar javrab yolborishni avjiga chiqardi. Ozg‘in qo‘lchalarini holsiz cho‘zib o‘tirgan bolalar, kimdandir ko‘zini olib qochgandek og‘ir sallali boshini egib ojizgina chayqalib o‘tirgan tilanchi chollar to‘satdan jonlanib qolishdi. Bir ayol boshida qirq yamoq to‘n, yuziga chachvon o‘rniga doka tutib olib, ikki sag‘iri ikki yonida, labi uchgan sopol tovoqqa tikilgancha yetimlar haqidagi bir baytni mungli ovoz bilan o‘qiy boshladi:

      Bugun bozorga o‘xshaydir,

      Yetimlar zor-zor qaqshaydir.

      Alarning holini so‘rsang,

      Ota-onasi yo‘qqa o‘xshaydir…

      Namozboyni kuzatib kelayotgan otliqlardan biri «bek aka, gadoylarga tangadan tashlaymi?» deb so‘radi.

      – Aslida bu landovurlarni boplab savalash kerak edi, – deb qo‘ydi Namozboy. – O‘z haqini talashib olish o‘rniga tilanchilik qilib o‘tirganlarni jinimdan battar yomon ko‘raman; lekin, bering, tovog‘ini to‘ldirib bering.

      Namoz yigitlari bilan bozorjoyni aylanib yurganligi haqidagi xabar bir zumda hammayoqqa tarqaldi. Bozorchilarning birovi pahlavonni yaqinroqdan ko‘rish uchun oldinga intilib boshini cho‘zgan, birovi yuragiga vahm tushib do‘koniga qulf urgan, birovining ko‘zida quvonch, birovining labida uchuq…

      Namozboyni ehtiyotlab oldinda borayotgan yigitlardan biri gadoylar o‘rtasiga hovuch tanga sochar ekan, ikki oyog‘ini uzangiga tirab, qaddini rostladi-da, ikki qo‘lini og‘ziga ko‘vacha qilib baland ovozda dedi:

      – Hoy, bandai musulmonlar! Namozboy o‘z qasoskor yigitlari bilan o‘tgan hafta davomida yetti ko‘hnabisot boyning uyini bosib, sizning haqqingizni bu yerga keltirdi. Insof bilan taqsimlab olinglar! Olinglar!!

      Yigit egarga qaytib o‘tirib, ostidan xurjundan hovuchlab tanga olib olomon boshidan socha boshladi. Havoda yaraqlab odamlarning oyog‘i ostiga tushayotgan tangalarda sehrli bir kuch berkinib yotgan ekan, katta-kichik bozorchilarni ko‘z yumib ochguncha ayqash-uyqash qilib yubordi. Xuddi bozorjoyda qudratli quyun qo‘zg‘algandek, odamlar turgan joylarida girdikapalak bo‘lib aylana boshladilar.

      Namozboy yigitlardan ikkisini darvoza oldida poyloqda qoldirib, o‘zi go‘sht do‘koni tomonga o‘tib ketdi. Qassob jo‘rasi unga har bozor kuni kalla-pochadan sho‘rva pishirib qo‘yardi. Namozboy bu taomni azal-azaldan xush ko‘radi. Ayniqsa, piyoz solib, chala ko‘pti yopilgan patir bilan ichganda tani-joni yayrab ketadi. Namozboy sho‘rvani qaynoq-qaynoq ho‘plab, qassob jo‘rasini maqtashga tushdi. Xuddi shu paytda kunchiqar darvoza tarafdan yaxshi qizdirilgan nog‘oraning taka-tumi eshitilib qoldi. Hokimlik yoki poshsholik amr-u farmonlari nog‘ora sadolari ostida e’lon qilinishiga o‘rganib qolgan olomon quloqlarini ding qilib o‘sha tomonga yuzlandi.

      Past bo‘yli, bo‘yni yo‘g‘on, qorni tandirdek dum-dumaloq, yerto‘laning eshigidek katta og‘izli Omon jarchi jar solib kelmoqda edi. Jonini ko‘pam koyitayotgani yo‘q, lekin shunday bo‘lsa-da, ovozi xuddi katta xumdan chiqayotgandek jaranglab, uzoq-uzoqlarga ham eshitilib turibdi:

      Bozordagi xaloyiq,

      Gapim bor sizga loyiq.

      Hokimning farmoni bu,

      Boylarning armoni bu.

      Namoz otli bir o‘g‘ri,

      Kofir Pirimqul o‘g‘li.

      Do‘ngpeshana, ot yuzli,

      Subuti yo‘q, ming so‘zli.

      O‘g‘ri, kazzob, qaroqchi,

      Usta mergan, uloqchi

      Shayton ozdirib yo‘ldan,

      Ixtiyor ketib qo‘ldan,

      Bosib, talab boylarni,

      Yondirib ne uylarni.

      Kaltaklab ba’zilarni,

      Mingboshi, qozilarni,

      Yurt oromin o‘g‘irlab,

      Barchani g‘amga tashlab,

      Botdi katta gunohga,

      Hojat yo‘qdir guvohga!

      Tirik tutib kelganga,

      Zo‘rga – zo‘rman, deganda

      O‘n ming tanga mukofot,

      Va ketidan ziyofat!

      Boshin kesib kelganga

      Dovyurak u merganga —

      Mukofot uch ming tanga

      Gap tegishli hammangga!!

      Chordana qurib katta qo‘llarini tizzasiga tiragan ko‘yi daricha orqali tashqariga quloq solib turgan Namoz:

      – Juda sayroqi bo‘lib ketibdi-ku, bu Omon baqaloq! – deb qo‘ydi. So‘ng go‘yo hech narsa eshitmagandek, aytilayotgan gaplarning unga hech daxli yo‘qdek yana ishtaha bilan sho‘rva ichishga mashg‘ul bo‘ldi.

      Qassob shoshib qoldi. Do‘kon tepasidagi peshtaxtani tushirdi, eshikni yopib, ichidan tamba qo‘ya boshladi.

      Namozboy kulib so‘radi:

      – Nima balo, Salim, meni ushlab bermoqchimisan?

      Qassob yigit nimadir demoqchi bo‘lib, og‘iz rostlagan edi, ulgurmadi. Zarb bilan tepilgan qo‘shtavaqali eshik sharaqlab ochilib ketdi. Ostonada Namozboyning yigitlaridan Jumanpolvon ko‘rindi.

      – Namoz aka!

      Namozning taomdan bosh ko‘targisi kelmayotgandek edi:

      – Nima gap?

      – Kunchiqar darvoza yoniga Oleynikov to‘raning askarlari keldi!

      – Ko‘pmi?

      – Xudo ursin, juda ko‘p!

      Ketma-ket poyloqda turgan boshqa yigitlar ham kirib kelishdi. Hammalari hovliqqan, yuz-u ko‘zlarida tashvish, qo‘rquv. Kunbotar darvoza tomonga Zamonbek bilan Mirzahamidning navkarlari, hozir Namozboy o‘tirgan kushxonaning orqasida, mol bozori tarafda Mixail to‘ra boshchiligida qizil shapkali mirshablar paydo bo‘lgan emish…

      – Demak, qurshovda qolibmiz-da? – jo‘ralarining g‘ashiga tegarli darajada beparvo bir ohangda so‘radi Namozboy.

      – Oshiqish kerak! – iltijo qilishdi betoqat yigitlar.

      – Shunday shirin sho‘rvani tashlab-a?

      – Namozboy!!!

      – Oshiqmang, Eshbo‘ri og‘a. Oshiqqanning ham oshiqmaganning ham boradigan manzili bor. Farq shundaki birovi xiyol oldinroq, birovi xiyol keyinroq boradi… Lekin Salim qassob sho‘rvani boplabsan, boylarni kaltaklashni menga-yu, sho‘rvani pishirishni senga chiqarganda o‘zi! Lekin, qassob jo‘ram, sen bilan bir otamlashaylik, deb keluvdim. Cho‘lma-cho‘l yuraverib yuragim zardobga to‘lib ketgandi. Qanaqa dunyo bu o‘zi-a? Do‘sting bilan suhbatlasha olmasang, to‘rtta odamning ichida erkin yurolmasang… Yorug‘ dunyo emish! Yorug‘ dunyosi shunaqa bo‘lsa, qorong‘isi qanaqa bo‘larkan? Gapirsangchi qassob! Nahotki, endi ko‘rshapalakdek faqat kechasi yurishga majbur bo‘lsam! Yo‘q, meni qorong‘uda yurishga majbur qilganlarning o‘zini kavakka tiqaman, sichqonning uyini ming tanga qilib qo‘yaman ularga!..

      Namozboy garchi jo‘ralarning ko‘ziga beparvo, loqayd ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, qurshovga tushganlarini sheriklaridan oldinroq fahmlagan, uni yorib chiqish uchun fikran reja axtarayotgan edi. Nihoyat bir qarorga keldi shekilli, ko‘zlari charaqlab ketdi-yu, qo‘lini bo‘z sochiqqa arta-arta otilib o‘rnidan turdi.

      – To‘rttoving ham qilich, miltig‘ingni anavi qopga sol-da, obrezga tashla. Tez bo‘l! Tez bo‘l deyapman!!! Ha, ana shunday! Endi to‘rttoving ham o‘zingni olomon