odamlar sen to‘rqovoqda katta bo‘lgansan, deyishadi.
– Hayitvoy, sen-chi, nega indamaysan?
Oldinroqda jimgina borayotgan Hayitboy yurishdan to‘xtab, kulimsiradi:
– Nima dey?
– Ota-onang bormi?
Hayitboy yelkasini qisib, yara toshgan aftini g‘alati bujmaytirdi:
– Bilmayman.
– Machitning so‘pisini otam deb yurardi bu, – gapga qo‘shildi To‘xtashvoy.
– O‘zing-chi, o‘zing? Paranji yopingan xotinni ko‘rsang enam shu bo‘lsa kerak deb, orqasidan ergashasan-ku!
– Qachon ergashibman?
– Har kun ergashasan.
– Enamni unaqa haqorat qima.
– Enang o‘zi yo‘q-ku?
– Bor, xudo xohlasa topib ham olarman.
Yigitchalar yurishdan to‘xtab, cho‘qishishga hozirlangan jo‘jaxo‘rozlardek bir-birlariga hezlanib qolishdi. To‘xtashvoy jo‘rasiga tikilib turib, to‘satdan gandiraklab ketdi-yu, orqasi bilan yerga o‘tirib oldi.
Namozboy shoshilib uning yoniga keldi:
– Nima bo‘ldi?
– O‘zim… – yelkasi bilan tez-tez nafas ola boshladi To‘xtashvoy, – darmonim yo‘q, yursam ter bosadi, boshim aylanadi… men qola qolay, jon aka, keyin darmonga kirsam olib ketarsiz.
– Ko‘tarib olaymi?
– Yo‘q, yo‘q!
– Bo‘lmasa, yuringlar. Qarshi guzariga borib, bir choylashib olamiz. Bu yerda kavobni xo‘p o‘xshatib pishiradilar. Xo‘sh, To‘xtash polvon, somsaga tobing qalay?
– Somsadan ko‘ra men uning sho‘rvasini yaxshi ko‘raman, – kulimsirab o‘rnidan tura boshladi To‘xtashvoy.
III bob
SERGEY TABIB HUZURIDA
Dahbed bilan Loyish o‘rtasida yo‘l qamishzorlar oralab boradi. Yozin-qishin bu yerlar goho zax, goho loy bo‘ladi. Piyodalargagina emas, otliqlarga ham og‘ir keladi bu yo‘llardan o‘tish. To‘xtashvoy holdan ketgan. Namoz akasi uni chaqaloqni ko‘targandek ko‘tarib borayapti, bir qo‘lida xurjun, bir qo‘lida yigitcha, yurish o‘ng‘aysiz:
– Sabr qil, ukam! Sabr qil! – deb o‘zidan ko‘ra ham xastaga ko‘proq dalda berib borayapti u. Jadal o‘tib ketgan otliqlarga, bir-ikki aravakashga iltimos qildi, yo‘lim olis, vaqtim ziq, deb bolani olishmadi. Orqadan yana baland g‘ildiraklari orqaga loy otib arava kela boshladi. Namoz to‘xtab, bolani yerga qo‘ydi.
– Hoy, yaxshi yigit, yo‘l bo‘lsin?
– Xudo xohlasa olgani, – dedi aravakash.
– Aytganing kelsin, ukamni ola ketsangchi, chaqasini beraman.
Aravakash Namoz tengi, chuvakkina bir yigit ekan. Qornigacha loy sachragan otning boshini tortdi:
– Xo‘sh, qancha berasan?
– Qancha so‘rasang shuncha olasan.
– Xudo davlatingga baraka bersin. Chiqar ukangni aravaga. Lekin, o‘zing piyoda ketasan, ot urunib qolgan. Hokimnikiga o‘tin olib borgan edim. Yo‘lda loyga botib qoldim. Voy xudoyim, bu bolani yomon yara bosibdi-ku! Chu tulporim!.. O‘zlariga yo‘l bo‘lsin?
– Mujik qishloqqa.
– O‘rus tabibgami?
– Ha.
– Yara-chaqani yaxshi tuzatadi deyishadi. Qayerdan kelayapsizlar?
– Samarqanddan chiqdik.
– Piyoda-ya! Bay-bay-bay! Lekin, shaharlikka o‘xshamaysan, shaharliklar choriq kiymaydi.
– O‘zim asli Jarqishloqdanman.
– Manavi Jarqishloqdanmi? – aravakash qamchi dastasi bilan o‘ng tomonni ko‘rsatdi. So‘ng shoshilib otnnig boshini tortdi. – To‘xtang, tag‘in siz Namoz polvon bo‘lmang?
– Xuddi o‘shaman.
Aravakash Akromqul sakrab otdan tushib, so‘rashish uchun Namozga ikki qo‘lini barobar uzatdi. Nozik qo‘lchalari bilan polvonning har biri barkashdek keladigan qo‘lini olib uzoq silkitdi. Namozni qo‘yarda qo‘ymay aravaga chiqarib olgach, qayta-qayta uzr aytib, yana yo‘lga tushdi. Otga qiyshiq o‘tirib, Namozga yuzlanib oldi-yu, qulfi-dili ochilib ketdi. U Namozboyning ta’rifini ilgari ham eshitib yurgan ekan-u, ammo, birinchi marotaba Hakimxon to‘raning katta to‘yida ko‘ribdi. O‘sha kuni Namozboy Xatirchi begligidan taraf tortib kelgan jamiki polvonlarni yiqitib, oxirgi polvon bilan bellashayotganda, «agar shuni ham yiqitsa yelkamdagi chakmonimni ustiga yopaman», deb niyat qilgan ekan Akromqul, ammo, Namozboy sovringa tushgan pullarni tomoshabinlar o‘rtasiga sochib, davradan chiqib ketganini ko‘rib, hang-u mang bo‘lib qolibdi. Shuncha kumush, tillo tangalarni mensimagan polvon mening chakmonimni eshagiga to‘qim qilarmidi, deb orqasidan bormay qo‘ya qolibdi.
Lekin, bari bir Namozboy bilan bir uchrashish orzusida yurgan ekan, ayniqsa Akromqulning otasi ko‘rmoqchi ekan. Uch-to‘rt mo‘ysafid uning uyiga borib, «Siz har qalay o‘rus to‘ralar bilan yaqinsiz, oq podshoning saroyiga ham borib kelgansiz, o‘tin puli degan gap qayoqdan chiqdi. Shuni bizga bir haqiqat qilib bering», deb maslahat olmoqchi bo‘lib turishgan ekan.
– Xo‘p desangiz, polvon aka, to‘ppa-to‘g‘ri Qorateriga ketaveramiz, – dedi Akromqul, – lekin, otam juda xursand bo‘lardi-da.
– Keyinroq boramiz, – deb qo‘ydi Namoz. – Avval bularni bir tabibga ko‘rsatib olay.
Yerli aholi «Mujik qishloq», ruslarning o‘zi «Pervomayskaya» deb ataydigan bu chiroyli va sarishta qishloqcha bundan o‘ttiz to‘rt yil muqaddam, ya’ni 1870-yilning 1-may kunidan boshlab bunyod bo‘la boshlagan. O‘sha kuni bu yerga Rossiyaning ichkari tomonidan yetmish xo‘jalik ko‘chmanchi kelib tushgan. Atrof qumtepaliklar, botqoqlig-u qamish bosgan sho‘rxok yerlardan iborat edi. Dastlabki uylar qamishdan qurilgan, hali-hali odamlarning esida. Keyinchalik tekis, ravon yo‘llar ochilib, aravalarda, tuyalarda shag‘al keltirib to‘kildi, g‘isht xumdon ishga tushib ketdi. Birin-ketin chiroyli imoratlar, qo‘ng‘irog‘i hamisha jaranglab turadigan mo‘jazgina cherkov qad ko‘tardi. Hozir bu yerda g‘allakorlik, bog‘bonlik va qisman ovchilik bilan shug‘ullanadigan mujik xonadonlaridan tashqari Dahbed, Shahob, Qorateri, Kumushkent bo‘lislarida turli lavozimlarda ishlaydigan rus to‘ralarining oilalari, o‘ttiz chog‘liq rus askari istiqomat qiladi.
Namozboy qora tortib kelayotgan Sergey Stepanovich Ryabov (mahalliy odamlar uni Sergey tabib deb atashadi), bu yerga badarg‘a bo‘lib kelgan, qattiq nazoratda yashaydi; rus maktabida muallimlik qiladi, tabobat bilan shug‘ullanadi. Yakka-yolg‘iz turadi, xiyla asabiy, jahldor bir kishi. Yoz oylarida Urgut tog‘lariga chiqib ketib, dorivor giyohlar yig‘adi. Qishloqma-qishloq yurib o‘zbek urf-odatlarini o‘rganadi. Kitoblar yozadi. O‘zbek tilini chala-chulpa bo‘lsa ham bilib olgan. Namoz u bilan marhamatli Ivanboyning xotini kasal bo‘lganda tanishgan, o‘shandan buyon bordi-keldilari bor. Sergey tabib Namozni rus tilini yaxshi bilib olgani, halol va rostgo‘yligi uchun xush ko‘rib qolgan. Namoz unga o‘rdak, qashqaldoq, ba’zan to‘ng‘iz otib kelib beradi, ko‘pincha unikida tunab ham qoladi. Qaytayotganida bir xurjin sochma o‘q olib ketadi.
Sergey tabib atrofi qamish bilan o‘ralgan torgina hovli o‘rtasida qurilgan so‘rida g‘ijjak chalib o‘tirgan edi. Eshikdan ketma-ket kirib kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushgach, mashg‘ulotini to‘xtatib, o‘rnidan turdi:
– Namozboymisan? – deb so‘radi o‘zbekchalab.
– Xuddi o‘sha sartman, – o‘rischa javob qaytardi Namoz.
– Xudo haqqi, sho‘rvani kim bilan ichar ekanman,