Я. Давлатов

Заҳарли газандалар


Скачать книгу

maymunlarning yaqinligini ko‘rsatadigan dalillardan biridir. Tyulenlarda parazitlik qiladigan bitlar uzoq davom etgan biologik evolyutsiya jarayonida yashash sharoitiga yaxshigina moslashdilar. Ular tyulenlarni burun bo‘shlig‘ida yashaydi. Tyulen suzgan paytida burni tiqinlar bilan yopilgan bo‘ladi. Ana shu guruhga kiradigan bitlarning ko‘pchiligi eshkakoyoqlilar badanining junli joylarida yashaydi.

      Tarixdan ma’lum bo‘lishicha bit bosib ketgan odamlar uning dastidan halok bo‘lganlar. Qadimda imtiyozli sinf vakillari orasida bit bosish tez-tez uchraydigan hodisa edi. Masalan, Iuden Irod (eramizga qadar 73–4 yy.), Ispan podshosi Filipp ikkinchi (1527–1598-yy.), Rim diktatori Lusiy Korneliy Sulla (eramizgacha 138–78-yy.) kabilar bit bosishidan aziyat chekkanlar. Xususan, yasama soch kiyib yuradiganlarda bit bosish keng tarqalgan edi. Lyudovik XIV davrida fransiyada saroy ayollari modaga ko‘ra yenglarida maxsus tayoqcha olib yurardilar uning yordamida terilarini qashlardilar. Odamlarni bitdan halok bo‘lishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitning xurujidan emas, balki tayoqcha ta’siridan hosil bo‘lgan jarohatlarga patogen bakteriyalar, odatda stafilakoklar xuruj qilib, oxir oqibatda qonni yoppasiga zaharlanishiga olib keladi (sepsis). Bitni yo‘qotish uchun shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish kerak.

      Qattiqqanotlilar yoki qo‘ng‘izlar (Coleoptera) turkumi. Qo‘ng‘izlar yoki qattiq qanotlilar hasharotlarning yirik turkumi bo‘lib, 25000 turni o‘z ichiga oladi. Ular orasida zaharlilari ham bor. Qo‘ng‘izlar ishlab chiqaradigan zaharli moddalar odatda kimyoviy himoya rolini o‘ynaydi.

      Malhamchi qo‘ng‘izlar. Bo‘yi 5-50 mm, tanasi yaltiroq bo‘yalgan, 2 mingdan ziyodroq turlari mavjud bo‘lib, asosan sahrolarda ko‘plab uchraydi. Xavfli vaziyat sodir bo‘lganda gemolimfalarini tashqariga chiqazadi, uning tarkibida kontoridin moddasi bo‘lib, odamning terisiga tekkanida yallig‘lanish kuzatiladi ularning nomi ana shundan olingan. Maek (Meloe) shpansk mushkasi (Lutta) malhamchilar (Mulabris) kabi urug‘larning vakillari zaharli xususiyatiga ega.

      Maeklar gavdasi yirik, qorni uzunchoq, asalarilarda parazitlik qiladi.

      Malhamchilar O‘rta Osiyo, Qozog‘iston va Kavkazda tarqalgan; qanot usti qizil yoki sariq, gavdasi qora rangda, qorni tuklar bilan qoplangan. G‘umbaklari chigirtkalarda parazitlik qiladi. Qung‘izlar asosan o‘simlik gullari, ba’zan yaproqlari bilan oziqlanadi. 70 ga yaqin turlari mavjud. Shpansk (Lutta visicatori) metallsimon yashil rangda, o‘tkir qo‘lansa hid ajratadi. G‘umbaklari asalarilarda parazitlik qiladi.

      Barcha malhamchilarning gemolimfalari zaharli, xatarli vaziyat yuzaga kelganda qo‘ngizlar son va tizza orasidagi teshikdan bir tomchi gemolimfa ajratib chiqazadi, ya’ni qon sepadi. Biroq kirpilar bemalol ular bilan oziqlanadi. Odatda badanni ochiq joylari qo‘l, yuz kabilar ko‘pincha jarohatlanadi. Terida jarohat yoki nam bo‘lsa, unda zaharning surilishi jadallashadi va umumiy zaharlanish belgilari namoyon bo‘ladi.

      Malhamchilarning zaharli limfasidagi asosiy ta’sir etadigan modda kontoridin hisoblanadi. Mushuk va itlar uchun kontaridinning LD50 1 mg/kg qo‘ng‘izni o‘zi yoki uni toksini ovqat hazm qilish sistemasiga tushsa, tez orada zaharlanish jarayoni avj oladi. Markaziy nerv sistemasi zaharlanganda shartli refleks faoliyati buziladi va hayvonlarda shol bo‘lish holati kuzatiladi. 100 gr og‘irlikdagi shpankadan 0,3-1,5 gr kontoridin olish mumkin.

      Kolorado qo‘ng‘izi (Leptinotarsa decemlineata). O‘rtacha O‘lchamdagi qo‘ng‘iz, bo‘yi 12 mm gacha, tanasi och sariq rangda, boshida qora dog‘lari bor. Kartoshkaning xavfli zararkunandasi. Gemolimfasi umurtqasiz va umutqalilarga zaharli ta’sir ko‘rsatadi, shu boisdan u bilan oziqlanadigan hayvon hali topilgani yo‘q. Qo‘ng‘izni 1 mkl gemolimfasi uy chivinini halok qiladi. Liofil usulda quritilgan 25 mg/ kg gemolimfa sichqonnig nafas olishini izdan chiqaradi, harakatsizlanadi: halok bo‘lish oldidan changak bo‘lib, turgan joyida aylana boshlaydi. Kalamushlarga ta’sir etganda jonivorning tana harorati tushib ketaveradi va u halok bo‘ladi. Gemotakrit 45–70 foizga ko‘payadi, qonda mochivina ikki barobar ko‘payadi va aspartatamino transferaza va laktotdegidrogenazalar aktivligi anchagina oshadi.

      Zahar tarkibidagi asosiy ta’sir etadigan oqsil leptinotarzin molekula og‘irligi 55 mingga teng. Qo‘ng‘izning boshqa bir turi gemolimfasida esa leptinotoksin degan oqsil bo‘lib u gemolimfaning tabiiy komponenti hisoblanadi. Proteolitik fermentlar ta’siriga anchagina chidamli, biroq qo‘ng‘iz tanasi gomogenatini inkubatsiya qilganda u to‘la-to‘kis inaktivatsiyaga uchraydi. Umurtqali hayvonlar uchun qo‘ng‘iz gemolimfasi og‘iz orqali yuborganda unchalik zaharli emas, LD50 – 1000 mg/kg.

      Og‘iz apparati zaharli hasharotlar. Mazkur guruhga taalluqli zaharli hasharotlarda chaqadigan nishi bo‘lmaydi. Juftqanotlilar orasida zaharli vakillari – so‘na, chivin, qandala (Hemiptera) turkumlari mavjud. Qon so‘ruvchi mayda chivinlar (Simuliidae oilasi) tishlashi ancha jiddiy og‘riq bilan boshlanadi, chunki tishlagan joyiga antikogulyant bilan birga og‘riq chaqiradigan toksik moddalar ham kiradi.

      Chivinni tishlagan joyida shish, achituvchi qichitma paydo bo‘ladi. Chivin ko‘p marta chaqqanida organizmni umumiy zaharlanishi kuzatiladi. Shuningdek, Reduviidae oilasiga tegishli qandalalarning so‘lagi ham yaxshigina zaharli xususiyatga ega. O‘zining so‘lagi bilan umurtqasizlarni shol qilib qo‘yadi, ba’zi bir turlari sutemizuvchilar uchun ham xavfli zahar ishlab chiqaradi. Nepidae oilasiga mansub suv chayoni (Nepa cinerea) va Notonectidae (Notonecta glauca) kabilar kuchli og‘riq chaqiradigan ukol qiladi. Uzoq Sharq suvlarida yirik qandalalar yashaydi (Belostomatidae oilasi). Belostomatid qandalalari baliq bolalari, itbaliqlar va ba’zan mayda baliqlar bilan ham oziqlanadi. Ularning so‘lagi nafaqat o‘ljani shol qilib qo‘yish xususiyatiga ega, balki g‘animini ichki a’zolarini ham tez orada suyuq holga keltiradi.

      III BOB. ZAHARLI BALIQLAR (PISCES)

      3.1. AKTIV ZAHARLI BALIQLAR

      Baliqlarning zaharliligi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi, ba’zilarining zahar ishlab chiqazadigan a’zolari bo‘lsa, boshqalarini faqatgina tashqariga chiqazadigan suyuqliklari zaharli bo‘ladi. Ba’zi birlarida ko‘p miqdorda teri usti zaharli bezlari bo‘ladi, suzgich qanotlaridagi ninalarini dushmanga sanchganda zahar oqib tushadi.

      Hozirgi vaqtda baliqlar ikkita sinfga ajratiladi: tog‘ayli baliqlar (Chondrichthyes) 630 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi va suyakli baliqlar (Osteichthyes) 20 mingdan ziyodroq turlarni birlashtiradi. Ham tog‘ayli ham suyakli baliqlar orasida odam uchun u yoki bu darajada xavflilari mavjud. Tog‘aylilar orasida dumi bilan nashtar uradigan skatlar va ba’zi akulalar zaharli hisoblanadi. Zaharli suyakli baliqlar orasida dengiz olabug‘asi (Sebastes) yevropa zvezdachyoti (Uranoscopus scaber) katta ajdarcha (Trachinus draco), oddiy marinka (Schizothorax intermedius) va boshqalar mavjud.

      XIX asrda yashab o‘tgan sayohatchi dengizchi Kuk Tinch okeaniing janubiy qismidagi orol yaqinidan bir baliqni tutadi va uni pishirishga buyuradi, bu baliqdan ko‘proq iste’mol qilgan bir harbiy ertasiga halok bo‘ladi, ozgina tanovul qilganlar hushidan ketgan. Bu baliq organizmida juda o‘tkir zaharli modda bor ekan. Kuk tomonidan aniqlangan baliqning 40 ga yaqin turlari fanga ma’lum. Har xil xalqlar tomonidan mazkur baliqqa turlicha nom berilgan. Ingilizlar bolon baliq deb atashadi, Gavay orollarida maki-maki, Yaponiyada fugu, Indoneziyada blazer, Ispaniyada boteti deb atashadi. Mazkur baliqlarning barcha oila vakillari yilning deyarli hamma fasllarida zaharli bo‘lib, zaharning miqdori mavsumga qarab o‘zgarib turadi.

      1957-yiliYyaponiyada fugu balig‘idan 176 kishi zaharlanib, shundan 90 tasi halok bo‘lgan. Ko‘pincha baliqni tanovul qilgan odamni zaharlanishi qaynoq saks (Yaponiyada guruchdan tayyorlanadigan araq) ichganligiga bog‘liq ekan, araq ichgandan keyin baliqni orqa to‘shi bilan uning zaharli ikrasini farq qilish juda qiyin bo‘larkan.

      Xuddi ana shunday zaharli modda Kaliforniya tritoni tuxumi murtagida mavjudligi aniqlandi. 1964-yili undan ajratib olingan zaharga tarixotoksin deb nom berildi. Keyingi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, mazkur zahar mutlaq ravishda tetradotoksinga o‘xshash ekan va keyinchalik bu ikkala zahar faqatgina mana shu nom bilan ataladigan bo‘ldi. Mazkur toksin ilmiy maqsadlarda qo‘llaniladi.