ta’sir etmaydi. Zaharning issiqqa chidamli komponenti – neyrotoksin umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning sinaptik signallarini bo‘g‘ib qo‘yadi. Umurtqalilar sinapslariga zahar qaytishli ta’sir etsa, umurtqasizlarga, aksincha, qaytmaydigan ta’sir ko‘rsatadi. Bu toksinning molekula og‘irligi M-1000 ga barobar.
Argiopa (Argiope lobata). O‘rtacha kattalikdagi o‘rgimchak, urg‘ochisining bo‘yi 13-15 mm, qorni oqish rangda, qorin chekkalarida oltita qoramtir chuqurchalar mavjud. To‘rdan to‘qilgan ini g‘ildirak shaklida bo‘ladi. Kavkaz, Qozog‘iston, O‘rta Osiyo cho‘l va sahrolarida tarqalgan.
Zahari umurtqali va umurtqasiz hayvonlarni falaj qilib qo‘yadi. Umurtqasizlarning glutamatergik sinapslariga qaraganda umurtqalilarning xolinergik senapslari mazkur zahardan taxminan 30 karra kamroq ta’sirlanadi. Zahar tarkibida yuqori molekulali komponent bo‘lib, u presenaptik ta’sir ko‘rsatadi. Kichik molekulali komponent – argeopin postsenaptik ta’sirni bo‘g‘ib qo‘yadi. Argeopin uchun: M-636.
Erezus (Eresus niger). O‘rtacha hajmdagi (9-16 mm) o‘rgimchak urg‘ochisini qorni qoramtir rangda, erkagini ust tomoni qizg‘ishqo‘ng‘ir bo‘lib, to‘rtta qora dog‘i bor. O‘rta Osiyoda tarqalgan, yerda uya qurib toshlar orasida yashaydi. Yemishi asosan qo‘ng‘izlardan iborat. Ko‘p tarqalgan joylarda 100 m2 ga 3–4 ta o‘rgimchak to‘g‘ri keladi.
Odamni tishlaganda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, chaqqanida uning xeliseri terining ostiga kirib ketadi va yirik tomchilar shaklida zahar oqib tushadi. Tishlagan joyida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi va tezgina karaxt bo‘lishga o‘tadi. Harakat qilishda qiyinchiliklar kuzatiladi hamda 2-3 kungacha o‘rgimchakning tishlagan joyida og‘riq davom etadi. Zahari amaliyotda o‘rganilmagan.
Yerto‘la o‘rgimchak (Segestria florentina). Rangi sarg‘ish-jigarrang yoki och jigarrang, qora dog‘lari bor. Asosan Qrimda, Kavkazda tarqalgan. Toshlar orasida, daraxt tanalarida yashaydi. Tunda va kunduz kuni faol, o‘ljasini ushlaganda sakrab tashlanadi va tezgina uyasiga bekinadi. Hayvonlarni tishlaganda spazma tomir tortish, shol bo‘lish kabilar kuzatiladi, so‘ng jonivor halok bo‘ladi. 20 g vazndagi sichqonni tishlaganda 3-30 daqiqa ichida u o‘ladi.
Zahardan neyrotoksin ajratib olingan M-5800, tarkibida to‘rtta sistein qoldig‘i va N uchida arginin aminokislotasi bor. Baqaning nervmuskul preparatiga o‘rgimchak zahari qo‘shilsa, ichki sabablarga ko‘ra muskullarni qisqarishi kuzatiladi. Umurtqasizlar ustida olib borilgan tajribalarda ham qorin-nerv tugunchalarining ichki sabablarga ko‘ra faolligi kuchayganligini ko‘ramiz. Toza zahar va neyrotoksin asab va muskul membranalarini qo‘zg‘atadi.
2.4. KO‘POYOQLILAR (MYRIAPODA) SINFI
Ikkijuftoyoqlilar va laboyoqlilar mazkur sinfning zaharli vakillari hisoblanadi. Barcha ko‘poyoqlilar odam ko‘ziga ko‘rinmay hayot kechiradi. Kunduz kunlari har xil narsalar ostida yorig‘dan bekinib yotadida, tunda faol bo‘ladi. Juda keng tarqalgan bo‘lib, tundradan tashqari barcha joylarda uchraydi. Laboyoqlilarning zaharli a’zosi oyoq jag‘lar shaklida bo‘lib, har bir oyoq jag‘ oltita bo‘g‘imdan iborat. Eng oxirgi bo‘g‘ini uchlik tirnoq shaklida ichkariga qayrilgan. Uning yuzasida uzunchoq ariqchalar mavjud. Ana shu bo‘g‘in ichida zaharli bezning ingichka kanali joylashgan. Shu kanal tirnoqsimon bo‘g‘inning oxirida kichkinagina teshik bilan ochiladi. Zaharli bez oq qopchiqchalar shaklida, alveolalardan tuzilgan. Zaharni olishda elektrostimulyatsiya yoki gomogenatni ekstratsiya qilish usulidan foydalaniladi.
Halqali skolopendralarning chaqishi ancha og‘riq bilan boshlanadi. Tishlagan joyda achituvchi og‘riq paydo bo‘ladi, shishadi, sovuq qotish kabi alomatlar paydo bo‘ladi. Odatda bir necha kundan so‘ng bemor o‘z holiga qaytadi.
Zahar tarkibida asetilxolin, gistamin, serotonin, gialorunidaza, xolinesteraza, kininaza kabilar mavjud. Zahari barcha umurtqasiz va umurtqali hayvonlarga ta’sir etadi. Sichqonlar uchun LD50 22,5 mg/kg. O‘rta Osiyoda yashaydigan skolopendra zahri esa 300 mg/kg. Zaharlangan hayvonlarda harakatsizlik, depressiya, solivatsiya (ko‘z qorachig‘ining torayishi), barcha muskullarning tortilishi kuzatiladi. nafas olish qiyinlashadi, natijada hayvon halok bo‘ladi. Umurtqasizlar ham uning zaharidan kuchli ta’sirlanadi. Chigirtka, qo‘ng‘iz, kanalar va o‘rgimchaksimonlar tabiiy sharoitda chaqqanida tez halok bo‘ladi. Ana shu ko‘p oyoqli zaharini suvaraklarga ukol qilganda (0–100 mkg/250 mg) uning harakat muvozanati buziladi. Oyoqlari yaxshi ishlamaydi. Natijada shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.
2.5. HASHAROTLAR (INSECTA) SINFI
Hasharotlarning fanga ma’lum bo‘lgan turlari barcha o‘simlik va hayvon turlari miqdoridan ancha ko‘p bo‘lib, 1 million 300 mingdan ham ortadi. Bu ko‘rsatkich kun sayin, hatto soat sayin ko‘payib bormoqda. Hasharotlarning ba’zi bir turkumlariga kelsak: qo‘ng‘izlar 360 mingta turdan iborat, kapalaklar – 160000, pardaqanotlilar – 150000, luyt qanotlilar – 90000, to‘g‘riqanotlilar – 30000, patxo‘rlar – 3000, burgalar – 2000, bitlar – 250 turdan iborat.
Hasharotlar va ko‘poyoqlilar orasida aktiv va bo‘shang zaharli turlari mavjud. Tuxum qo‘yadigan yoki nish shaklidagi zaharli apparat bilan qurollangan pardaqanotlilar vakillariga chavandozlar, asalarilar, arilar kiradi. Ko‘pchilik qo‘ng‘izlar gemolimfasida zaharli moddalar mavjud bo‘lib, uni dushmanga purkash bilan himoyalanadi. Tangachaqanotlilar yoki kapalaklar orasida jarohatlovchi oddiy apparati mavjud turlari bor, bular asosan kapalaklarning qurti bo‘lib, ular o‘lja taniga aktiv ravishda zahar yubora olmaydi. Tangachaqanotlilarning imagosi odatda bo‘shang zaharli hisoblanadi. Ikki qanotlilar orasida so‘na kabilarni og‘zida zaharli apparati bo‘ladi. Ko‘poyoqlilar orasida zaharli apparat bilan ta’minlanganlardan laboyoqlilar sinfi vakillari bo‘lsa, ikki juftoyoqlilar sinfiga kiruvchi zaharli turlar bo‘shang zaharli hisoblanadi.
Hasharotlar ustida odamni hayratda qoldiradigan kuzatishlar o‘tkazilgan. Ba’zi bir kapalaklarni qurti daraxt po‘stlog‘i ustida yashab turganida g‘umbakka aylansa, jigarrangga bo‘yalib qishlaydi, kapalaklar esa kelgusi yili bahorda chiqaboshlaydi. Agarda g‘umbakka aylanish davri daraxt yaprog‘i ustida o‘tsa, unda g‘umbak yashil rangga, bo‘yaladi, bunda rivojlanish tez amalga oshadi, kapalak kuz boshlanguncha uchib ketadi.
Shunday qilib yashash muhiti jonivorni ma’lum bir rivojlanish yo‘lidan ikkinchi bir taraqqiyot yo‘liga soluvchi o‘ziga xos kalit sifatida xizmat qiladi. Bir butun organizm darajasida ham yana o‘sha qonun – irsiy axborotni keragidan ortiqcha qonuni ishlaydi. Demak, aytishimiz mumkinki, axborotni ana shunday keragidan ziyod bo‘lishi organizm hayotini boshqaradigan qonunlar bilangina emas, balki populyatsion mexanizmlar bilan belgilanadi.
Kapalaklarni sanoat melanizmi degan iborani so‘ngi yillarda tez-tez eshitish mumkin. Qayin daraxtida yashaydigan odimchi degan hasharot o‘sha daraxt rangiga o‘xshash bo‘ladi. So‘ngi yuz yildan ziyodroq vaqt ichida Angliya sanoati shunchalik tutun chiqaradigan bo‘ldiki qayin daraxti po‘stloqlari qorayib ketdi. Nihoyat inson ko‘z oldida kapalaklarning rangi o‘zgara boshladi, ular qora rangga ya’ni daraxt rangiga bo‘yala boshladi.
Zoolog va genetik olimlarning aniqlashlaricha, kapalak rangini o‘zgarishi darvinizm qonuniga asoslangandir. Qora rangdagi kapalaklarni tanlanishi och rangdagi kapalaklarni siqib chiqazish yo‘li bilan amalga oshdi va kapalaklarning yangi formasi paydo bo‘ldi, bu yangi xususiyat kapalak irsiyatiga yaxshigina o‘rnashib oldi, shunday qilib inson birinchi marta evolyutsiya yo‘nalishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, bu esa fan zafari sifatida atom fizikasi bilan bir qatorga qo‘yib namoyish etildi. O‘n yillarcha vaqt o‘tgach ushbu ma’lumotlar qo‘shimcha kuzatishlar bilan jiddiy ravishdi to‘ldirildi.
Xon qizi populyatsiyalari haqida ham shunga o‘xshash ma’lumotlar to‘plandi. Yuqoridagi misollar ko‘rsatadiki, darvincha tabiiy tanlanish bu faraz emas, hattoki nazariya ham emas, u fakt bo‘lib qoldi.
Chavandozlarning urg‘ochisi tuxum qo‘yadigan ingichka va uzunchoq a’zosi bilan o‘ljasini halok etadi va unga tuxum qo‘yadi. Chavandozlarning Rissa degan urug‘i daraxtda hayot kechiradi, urg‘ochisi eski daraxt po‘stlog‘i bo‘ylab tinimsiz harakat qiladi, ya’ni