shu paytda amal qilishi kerak.
Alternativ omil – bu raqibning quroli, antagonistning quroli. U shu yerning о‘zida va ayni shu paytdagi aniq xavf-xatar dahshatidir. Xavf-xatar qanchalik noaniq va uzoqda bо‘lsa, dramatik holatning tarangligi shuncha kamayadi. Hech kimni kelasi yili bо‘ladigan va butun Yaponiyani vayron qiladigan zilziladan esi chiqib ketmaydi. Hozir sug‘irib olinayotgan tish – ayni dahshatning о‘zi. Agar uni bugun sug‘irib tashlamasa, jag‘ yiringlab ketishi mumkin. Alternativ omil – bu shunday tamoyilki, biz uni shu yerning о‘zida va ayni shu paytdan kechikmasdan keladigan xavf-xatardan keltirib chiqaramiz.
Dunyoda dahshat va xavf-xatarlarning soni juda kо‘p, ammo ularning hammasi yetti daraja atrofida tо‘planadi:
1. О‘zini hurmat qilishga beriladigan zarba.
2. Kasbiy о‘pirilish.
3. Jismoniy zarar.
4. О‘lim xavfi.
5. Oila hayotiga tahdid.
6. Populatsiya hayotiga tahdid.
7. Insoniyatga tahdid.
Nazariy jihatdan bu omillar dramatik holatning kuchayib borishi tartibida joylashtirilgan. Ammo amalda har bir omil eng yuqori stress va yuqori darajadagi harakat tashkil etishi mumkin.
О‘ZINI HURMAT QILISHGA BERILADIGAN ZARBA
Chexovda «Amaldorning о‘limi» degan kichkina bir hikoya bor. Kichik amaldor Chervyakov teatrda tasodifan aksa uradi va oldinda о‘tirgan generalning kal boshiga tupuk sachratadi. U begona mahkama generali edi. Chervyakovga hech narsa xatar solmasdi. О‘zini hurmat qilishni yо‘qotishdan boshqa hech narsa. U jur’atsizlik tо‘sig‘ini yengib о‘tadi – kechirim sо‘raydi. Ammo bunga muvofiq kechirimga erisha ololmaydi. Undan ham yuqoriroq tо‘siqni yengib о‘tadi – tanaffusda takroran kechirim sо‘raydi. General qо‘l siltaydi, ammo Chervyakovning о‘zini hurmat qilishi darajasida – otalarcha kechirmaydi. Yangi tо‘siq undan ham balandroq – Chervyakov mahkamaga borib, yana kechirm sо‘raydi. General kechagi voqeani unutgan edi. Unutgan, ammo kechirmagan edi. Tо‘siq yanada balandroq kо‘tarilgan edi. Chervyakov yana generalning oldiga boradi. Shunda general jahildan portlab ketadi va Chervyakovni quvib soladi. Bechora amaldor uyiga keladi va о‘lib qoladi. Bu hazil – о‘ziga hurmatning yо‘qolishi xavfi ostida dramatik holatning rivojlanib borishiga mumtoz bir misoldir.
Hurmatga juda molik mafkuralar borki, ularda о‘ziga hurmatning yо‘qotilishiga о‘lim bilan haq tо‘laydilar. Masalan, yapon samuraylarining vijdon kodeksi. «Yuzini yо‘qotgan» samuray xarakeri qilib, о‘z-о‘zini о‘ldirmog‘i lozim, bilamizki, bu behuda gap emas.
Turli madaniyatlarda о‘ziga hurmatning darajasi va shakli aql bovar qilmas darajada keng. Nemis qizlari, о‘zlariga bо‘lgan hurmatni zarracha yо‘qotmaganlari holda, saunada begona erkaklar yonida bug‘lanishadilar. Agar siz buni allaqanday g‘ayritabiiy qabul qiladigan bо‘lsangiz, ular sizni telba va shovinist erkak deb hisoblaydilar. Sharqdagi musulmon ayollari uchun yuzlarini salgina ochilishi – sharmandalik va о‘ziga hurmatning yо‘qolishidir. Agar bunday ayolni zо‘rlab yechintirishsa, u sharmandalikdan aqldan ozishi hech gapmas.
Ayol kishi agar zо‘rlansa, jismoniy zarar uncha katta bо‘lmasligi mumkin. Jinoyatchini о‘ziga bо‘lgan hurmatga zarar keltirgani uchun, bu bilan bog‘liq ruhiy shikast uchun jazolashadi. Ibtidoiy jamiyatda ayolning kuch oldida bо‘ysunishi hayot tamoyili edi. О‘ziga hurmatning yо‘qolishi biz yashayotgan sivilizatsiyaning darajasi va xarakteri bilan aniqlanadi.
О‘zini hurmat qilish – bizning hayotimizda doimo mavjud bо‘lgan omil va u bizga dastlab qandaydir noxushlik haqida xabar beradi.
Ayol kishi eridan nimalarnidir talab qilayotganida, kо‘proq qaysi sо‘zlarni aytadi?
– Sen meni mensimaysan!
Barcha yoshdagi kishilarga о‘ziga hurmatning yо‘qolishi ta’sir etadi. Gо‘dak endigina oyoqqa turgan paytda dastlab paydo bо‘ladigan tuyg‘u – о‘zining shaxs ekanligini tushunish hissidir. Men onaning uch yoshli bola bilan shunday gaplashayotganini eshitganman:
– Nega dodlayapsan? Sen hech kim emassan. Jim bо‘l!
– Yо‘q, men kimman! Yо‘q, men kimman! – deb qichqirardi bola.
Biz hammamiz «kimdir» bо‘lishni istaymiz. Biz boshqalardan farq qilishni istaymiz. Kо‘p kishilarga, ayniqsa yoshlarga, shaxslik tuyg‘usi tо‘daga tegishli tuyg‘u о‘rniga keladi. Bu shaxsning – tо‘daning, guruhning, bandaning, qanday atashingdan qat’i nazar – о‘zini hurmat qilish hissidan kо‘ra agressivroq narsa yо‘q. U о‘z hududida uni tan olishlarini talab qiladi. Uning nafsoniyatiga tegib qolsangiz, u sizga tishlarini g‘ijirlatgan holda, agar tо‘pponcha bilan bо‘lmasa ham, pichoq va kaseta bilan tashlanib qoladi.
Ammo har qanday tо‘da ichida tabaqalanish amal qiladi. Har bir a’zoning о‘zini hurmat qilishi bu tabaqalanishdagi darajasi bilan aniqlanadi. О‘zini hurmat qilish hamisha har bir kishining shaxsan aniq maqsadi va о‘zini hurmat qilishini yо‘qotishi bilan kelib chiqadigan aniq xavf-xatarga bog‘liqdir.
О‘ziga hurmatni butunlay yо‘qotgan kishi yо‘q. U har bir kishida bor va hamisha о‘ziga hurmatning pastroq darajasiga tushib qolish xavfi mavjud. О‘zini hurmat qilish tabaqalanishi nafaqat odamlarga xos, u – har qanday populatsiya uchun tabiatning umumiy qonunidir. Bu tabaqalanish har qanday hayvon tо‘dasida ham amal qiladi. Babuinlar tо‘dasi sardori tо‘dadagi barcha urg‘ochi babuinlar bilan qovushish huquqi uchun о‘lar darajada jang qiladi. Uni bu huquqdan mahrum qilsangiz, о‘ziga hurmatning yо‘qotish stressi uni о‘ldiradi.
Olimlar shunday tajriba о‘tkazdilar. О‘rtasi oyna tо‘siq bilan ajratilgan qafasning bir bо‘lagida tо‘da sardorini joylashtirdilar, ikkinchi qismiga – oddiy babuinni.
Oddiy babuinga birinchi navbatda banan berishdi, sardorga – ikkinchi. Oddiy babuinga urg‘ochisini kirtib yuborishdi va u g‘azabdan quturgan sarkorning kо‘zi oldida quvongan holda avlod keltirish ishi bilan shug‘ullandi. Avval sarkor aqldan ozgan holda о‘zini u yon-bu yon urdi, keyin esa ruhiy iztirobga (depressiyaga) uchradi. Sarkorning infarktdan yuragi yorilishi uchun atigi uch kun yetarli bо‘ldi. Uni nima о‘ldirdi? О‘ziga hurmatning yо‘qotilishi.
Madaniylashgan jamiyatda о‘ziga hurmatni yо‘qotish masalasining ahamiyati hech bir kamaygani yо‘q. «О‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi» personajlarni dramatik holatga haydaydi. Bu yerda ular – bizning о‘ljamizdir. Personajdan dramada foydalanmoqchimisiz? Uni «о‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi» bilan tekshirib kо‘ring. Sizdan nima talab etilsa, shuni olasiz.
Har qanday kishi о‘zini hurmat qilishiga bо‘ladigan xavf-xatarga ziyraklik bilan javob beradi. Ong osti darhol stress (jazava) mexanizmini ishga tushiradi. Ba’zan siz NN bilan munosabatlaringiz nega sovib qolganini tushunmay qolasiz. Xotiralaringizni bir titib kо‘ring yoki sevgan ayolingizdan yordam sо‘rang: ayollar bu masalada xushyorroq bо‘ladilar. Siz albatta NNning о‘zini hurmatlash hissiga bilinar-bilinmas zarba berganingizni topasiz.
О‘zini hurmat qilish – о‘zimizning emotsional hududimizni, о‘z mikroiqlimimizni himoya qiladigan о‘ta nozik parda. U esa har bir kishida mavjuddir.
«О‘zini hurmat qilishni yо‘qotish» energiyasi bizning odatdagi yurish-turishimizni (odob-axloqimizni) о‘zgartiradi, odamlarni g‘ayriodatiy xatti-harakatlar qilishga majbur qiladi. Shu sababli ham dramatik holatda о‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi xavfi bunyodkor omil tariqasida ish beradi. U qahramonning faol himoyalanishga va javob zarbasi berishga majbur qiladi.
KASBIY О‘PIRILISH
Bu, aslini olganda, sizni odatdagi xatti-harakatlardan chetga chiqarib, hayotdagi о‘rningiz uchun kurashishga majbur qiladigan zarbaning kodlashgan nomidir. Siz muvaffaqiyatlarga erishayotgan edingiz. Butun hayotingiz davomida