bu aniq. Ammo, hozir Namozboyni qutqarmoq hammasidan ham muhim bo‘lib qoldi. Ha, uni qutqarmaguncha, ko‘ngillari tinchimaydi endi.
Besh yigit Sherniyozning to‘sin-u vassalari tutundan qorayib ketgan torgina uyida to‘planib, shu xususda maslahat qilardilar.
– Qani, hammalaring cho‘kka tushinglar, – dedi nihoyat Sherniyoz suhbatga yakun yasab, – qasam ichamiz!
Besh og‘ayni qiblaga qarab cho‘kka tushishdi.
– Namozboyni qutqarmaguncha yegan nonimiz harom bo‘lsin, oblohu akbar! – barobariga yuzlariga fotiha tortishdi do‘stlar.
O‘sha kundan buyon yugurib, yelib yurishibdi. Bormagan joylari, uchrashmagan kimsalari qolmadi. Sherniyoz kechalab maslahat olgani Sergey tabibnikiga ham borib keldi. Tabib Namozning tuhmat bilan qamalganini eshitib jig‘ibiyroni chiqib o‘tirgan ekan:
– Xo‘sh, nima bo‘libdi! – dedi u battar tutoqib.
– Namozboy akamni qamab qo‘ydilar, deyapman! – hayron bo‘lib takrorladi Sherniyoz.
– Beshtasi qamaladi, o‘ntasi otiladi – ozodlik yo‘li shu, – dedi Sergey tabib. Keyin bir oz o‘zini bosib olgach, Namozni qutqarish uchun u ham o‘zicha harakat qilayotganini aytdi. Lekin, nima bo‘lganda ham uning ishi mirovoy sudyalar qo‘liga tushmasligi kerak. Hozir zamon chirsillab turibdi. Sibirga surgun qilib yuborishlari hech gap emas. Bu ishni poraxo‘r qozilar ko‘rgani ma’qul, deb maslahat berdi. Oxirida: mening uyimga kamroq kelinglar, kecha tintuv qilishdi, nimaiki gap bo‘lsa Namozning yetim ukalari orqali xabardor qilib turaman deb, qattiq iltimos qildi.
Bir xayollari Namoz yotgan avaxtaxonaga hujum qilib, eshigini sindirib, qutqarmoqchi ham bo‘ldilar. Ammo, bu rejaga shu avaxtaxonada ikki bora yotib chiqqan Esergep ko‘nmadi. Qo‘limizda qurol yo‘q, ostimizda ot yo‘q, pichoq bilan miltiqqa qarshi borib bo‘lmaydi.
Nihoyat, axtara-axtara bir yo‘lini topganday ham bo‘lishdi: Jumanpaxsakashning dahbedlik qarindoshi Mirza Qobilning qo‘ltig‘iga qo‘l solib ko‘rgan ekan, Mirza Qobil: «Qozi kalon kasalliklari tufayli, xudoga shukur, hamma yumushlar mening izmimda, agar ayblanuvchining qarindosh-urug‘lari besh ming tanga aqcha yig‘ib bersalar uch ming tangasini uchastka politseyiga in’om qilib, Namozboyni ozodlikka chiqarib yuborurmen, inshoollo so‘zim so‘z», deb qasam ichibdi.
Besh ming tanga, besh ming tanga-ya!! Avvaliga besh og‘ayni katta pulning daragini eshitib, birdan g‘azabga keldi. Lekin, na chora, do‘stni qutqarmoq darkor. Yozi bilan boyning qo‘rg‘onida mehnat qilgan Qo‘shqo‘rg‘on, O‘klon, jarqishloqlik usta- mardikorlar baholi qudrat besh-o‘n tangadan qilib, yig‘a boshladilar.
Nihoyat, yig‘ilgan aqchani olaxurjunga solib, og‘aynilari Mirza Qobilning huzuriga jo‘nashdi. O‘sha kuni mahkama qabulxonasida arzgo‘ylar-u da’vogarlar anchagina to‘planishgan edi. Ichkarida er-xotin janjaliga oid ish ko‘rilmoqda ekan. Mirza Qobil pak-pakana bo‘yiga hech yarashmaydigan katta salla o‘rab, bamisoli yomg‘irdan so‘ng bo‘liq yerda unib chiqqan qo‘ziqoringa o‘xshab o‘tirardi. Besh azamat xonaga birin-ketin kirib bordilar. Sherniyoz xurjunni Mirzaning oldiga qo‘ydi.
– Bu nimasi? – garchi gap nimadaligini bilib turgan bo‘lsa ham hech narsa payqamagandek so‘radi Mirza Qobil.
– So‘ragan narsangiz.
– Nima so‘ragan ekanman?
– Biz Namoz Pirimqul o‘g‘lining odamlarimiz.
– Ko‘rib turibman, xudoga shukur, ko‘zdan qolganim yo‘q.
– Besh ming tanga, ishonmasangiz sanab ko‘ring!
– Yo‘qoling bu yerdan! – ham qo‘rquv, ham jahl bilan dedi Mirza Qobil, – ko‘taring xurjun-xaltangizni! Betofuqlar, benomuslar!
– Axir, o‘zingiz…
– Xudoga shukur, men hali imonimni yutganimcha yo‘q.
– Jumanboy orqali ayttirib yuborgan ekansiz-ku!
– Chiqingiz bu yerdan, – shunday deb Mirza Qobil besh og‘aynini galma-galdan ko‘kragidan itarib, naq darvozagacha surib bordi. O‘sha yerga yetganda, to‘satdan past va yumshoq ovoz bilan: «Kechqurun uyga olib boringlar», deb shivirladi va orqasiga qaytayotganida o‘tirganlarga eshittirib dedi:
– Betovfiqlar, meni poraxo‘r deb o‘ylashganga o‘xshaydi!
Mirza kechqurun Sherniyoz bilan Jumanboyni o‘z inisidek iltifot bilan kutib oldi. Bir cho‘qim osh damlatgan ekan, qo‘yarda-qo‘ymay birga baham ko‘rdilar.
– Xudo xohlasa, bir haftaga qolmay Namozboyni hibsdan chiqarib yuboraman, – deb qo‘ydi mehmonlarni kuzatayotganda.
X bob
BIR BOSHGA BIR O‘LIM
Namoz Pirimqul o‘g‘lining ishi mirovoy sudyalar qo‘liga o‘tguncha nomiga bo‘lsa ham qozilik sudida ko‘rib chiqilishi kerak edi. Tartib shunday. Namoz: «Ha, otlarni o‘g‘irlaganman», degan so‘zni aytsa bas, qolganini bo‘lis hokimining o‘zi to‘g‘rilaydi. Shuning uchun ham Mirza Qobil ishni tezlashtirishga oshiqadi. Marhamatli Hamdamboyning quruq qo‘ymasligiga aqli yetib turibdi. Ha, nomigagina Namozni so‘roq qilyapti u. Bari bir, uning bo‘yniga bir narsa qo‘yish qiyin. Lekin, kim biladi deysiz, joniga tegib «ha, o‘g‘irlaganman, bor bilganingni qil», deb yuborishi ham hech gap emas-ku, axir.
– Xo‘sh, Namozboy Pirimqul o‘g‘li, shunday qilib, ot o‘g‘irlashda ishtirok etgan sheriklaringizni aytmaysizmi? – so‘raydi Mirza Qobil.
Namoz, taomilga ko‘ra, cho‘kka tushib, ikki qo‘lini tizzasiga uzatib o‘tiribdi. Yuzi, peshonasidagi hokimning qamchisidan qolgan yara shishib, gazaklab ketgan. Har lo‘qillaganda joni uzilgudek bir ahvolga tushadi Namoz.
Uni kecha yana kaltaklashdi. Mirza Hamidning o‘zi urdi yana! Opasi Ulug‘oy bilan jiyani Omon ertalab ko‘rgani kelib, uchrashuvga ruxsat bo‘lmagach, keltirgan taomlarini tashlab ketishgandi. Namoz ochiqib turgan bo‘lsa ham tovoqdagi oshga qo‘l urgisi kelmay: «Bechora opaginam, tuni bilan uxlamay non yopibdi, osh damlabdi…» – deya iztirobli o‘ylar og‘ushida xo‘rsinib-xo‘rsinib o‘tirgandi.
Avaxtaxonaning og‘ir eshigi g‘ijillab ochildi. Soqchining tanish ovozi eshitildi:
– Xo‘sh, Namozboy, yaxshi yotib turdingizmi?
– Ha, xuddi onamning qornida yotgandek.
Bu soqchi, negadir, boshqalariga nisbatan Namozboyga mehribonroq, dag‘allik qilmaydi, so‘roqqa olib chiqayotganda yelkasiga qo‘ndoq bilan turtmaydi.
– Men aytgandek qilib, kalima o‘girdingizmi?– yana so‘radi soqchi.
– Bilganimcha o‘girdim.
– Yaxshi qilibsiz, inim. «Kalimai shahodat»ni ming bor takrorlagan kishining dili ravshan bo‘ladi. G‘urbatni unutadi. Yusuf payg‘ambar ham zindonda yotganlarida shu kalimani aytib jon saqlagan ekanlar…
Namozning qo‘liga, odatdagidek, kishan urib ikki navkar qurshovida hokimning mahkamasiga olib kirdilar… Qiziq, hokim nega chaqirtirdi ekan uni?.. Mirza Hamid, Hamdamboy, Mixail to‘ra uchovlari o‘tirishibdi. Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasi haqida gap ketyapti. Hamdamboy, negadir, masxaraomuz kulib-kulib ham qo‘yapti. «Ehtimol, boy menga nohaq tuhmat qilgani uchun vijdoni azobda qolib, uzr aytgani kelgandir. Axir nima bo‘lgandayam musulmon-ku, – ko‘nglidan o‘ta boshladi Namozning. – Qiziq, nahotki «Kalimai shahodat» uning ruhiga ta’sir etgan bo‘lsa? Demak, soqchi haq ekan-da, kalima mushkulni oson qilarkan-da…»
– Nega tik turibsan? – to‘satdan Namozga yuzlandi Hamdamboy.
Namoz, boy yaxshi niyatidan aynab qolmasin, deb bazo‘r jilmayib, yumshoq ohangda dedi:
– O‘tirishga ruxsat bo‘lmadi-ku, Boybuva?
– Tiz cho‘k, it emgan isyonchi!
«It emgan» degan ibora Namozning miyasiga bigizdek sanchildi,