ham bor ekan, parvarish qilsang jahonning man-man degan polvonlari bilan bellashadigan siyoqi bor ekan. E, attang, shunday azamat jinoyatchi bo‘lib ketibdi-ya», deb o‘ylab o‘tirgan edi. Suhbatga u ham qo‘shildi. Namozni rus tilini bilmasa kerak, deb o‘ylab, bilganicha o‘zbekchalab so‘ray boshladi. So‘rayotganda qo‘lidagi bir dasta qog‘ozni unga ko‘rsatib turdi:
– Siz Kattaqo‘rg‘onda qamalgan?
«Nima desam ekan, – tezgina fikridan o‘tdi Namozning,—qamalganimga ochiq iqror bo‘laymi? Unda bir tuhmat ustiga boshqasi ham qo‘shiladi-ku…»
Namoz boshini ilkis ko‘tarib xuddi Mixail to‘radek chuchuk til bilan javob qaytardi:
– Ha, qamalgan.
– Nega qamalgan?
– Mushtlashgan.
– Kim bilan mushtlashdi?
Namoz avvaliga yetim jiyanlarimning yarim tanobcha keladigan yeriga o‘tarchilik bir boy objuvoz qurib oldi. Shu haqni talashib boyning o‘g‘illari bilan mushtlashuvdim, demoqchi ham bo‘ldi-yu, o‘tirganlar uni mazax qilib, shunchaki ermakka so‘roq qilayotganlarini sezib, tafsilotini aytmay qo‘ya qoldi:
– Yomon odamlar bilan mushtlashgan.
– Nega mushtlashgan?
– Qo‘lim qichib turgan edi.
– Qo‘l qichiganda uradi?
– Ha, uradi.
– Keyin qamoqdan qochgan?
– Ha, qochgan!
– Siz qochoq?!
– Ha, qochoq!
– It emgan! – Hamdamboy o‘rnidan turib ketdi,—o‘zing qochoq, isyonchi bir maxluq ekansan-ku, nega tuhmatchi paxsakashlarga boshchilik qilib yuribsan?
– O‘zingiz tuhmatchisiz, Boybuva!
Bu gap Hamdamboyga qarab aytilgan bo‘lsa-da, Mirza Hamidning hamiyatiga tegib ketdi shekilli, sakrab o‘rnidan turdi:
– Tilingni tiy!
– Sen jim tur, laycha. Katta it irillaganda, laycha jim turishi kerak.
– Men senga laycha bo‘ldimmi?
– Undan ham battarroqsan.
– Mana, mana senga o‘g‘ri, qochoq! – Mirza Hamid etigining qo‘njidan qamchisini olib Namozning yuzi-ko‘zi demay qulochkashlab tushira boshladi. O‘tgan gal o‘zini Hamdamboyga yaqin ko‘rsatish uchun nomigagina qamchilagan edi. Bu gal uning hamiyati qattiq haqoratlandi, mo‘tabar zotlar oldida uni «ko‘ppak» deb atadi-ya!
– Mana senga, mana!
Mixail to‘ra shoshilib kelib hokimning qo‘lidan ushladi:
– Endi urmang.
– Siz aralashmang, mana! – og‘zidan ko‘pik sachratib dedi hokim.
– Qonun man etadi, – ovozini hiyol balandlatib rasmiy bir ohangda dedi Mixail to‘ra, – mahbusni urish yomon.
Mirza Hamid negadir, qo‘lidagi qamchini xonaning burchagiga otib yuborib, borib o‘rniga o‘tirdi. O‘tirdi-yu shu zahotiyoq xuddi cho‘g‘ ustiga o‘tirib olgandek yana turib xonada aylana boshladi.
– Bu o‘g‘rini sazoyi qildirdingmi? – to‘satdan esiga tushib qolgandek shoshilib so‘radi Hamdamboy.
– Yo‘q! – dedi Mirza Hamid.
– Hoziroq bozorga hayda bu yaloqxo‘rni. Keyin sudlovni tezlashtir. Sibir qildiramiz bu isyonchini!
Vujudida qo‘zg‘algan g‘azabning behad kuchliligidanmi, qamchilar zarbidan taniga yetgan ozorning iztirobidanmi, xo‘rligi oshib, dunyo-dunyosi qorong‘i bo‘lib ketganidanmi, Namoz shu paytda xuddi nasha elitgandek garang, vujudi karaxt edi. Voqealar bamisoli tushida sodir bo‘layotgandek, unga aloqasi yo‘q, bemaqsad, ma’nosizdek tuyula boshladi.
Uch navkar oldida, uch navkar ketida, nog‘orachi oldinroqda Dahbedning mashhur Omon jarchisi orqaroqda bozorjoyga olib kirayotganlarida, Namoz to‘satdan uyqusidan uyg‘onib ketgandek bo‘ldi:
– Yo‘q, yo‘q!
Omon jarchi yer-u ko‘kni larzaga keltirib o‘kira boshladi:
Bozordagi odamlar,
Eshitmadim demanglar.
Kazzob, o‘g‘ri Namozboy,
Ot o‘g‘irlab o‘tgan oy…
«Nahotki, bularning hammasi o‘ngimda yuz berayotgan bo‘lsa. E, xudo, o‘g‘ri emasligim o‘zingga ayon! Tamom, hammasi tamom bo‘ldi. Tomchilab yiqqan obro‘yim chelaklab to‘kildi parvardigor! Odamlarning ko‘ziga qanday qarayman endi. Qarindoshlarim, yor-u do‘stlarim oldida yuzim qaro bo‘ldi-ku! Odam bolasi pulini yo‘qotsa hech narsa yo‘qotmaydi, sog‘lig‘ini yo‘qotsa ko‘p narsa yo‘qotgan bo‘ladi, obro‘yini yo‘qotsa – hammasidan mahrum bo‘lgan bo‘ladi, der edingiz, Devona bobo. Men hamma narsamni boy berib qo‘ydim… Go‘dakligimdayoq ota-onamdan ayrilganim kammidi. Bir burda nonga zor bo‘lib, qishloqma-qishloq kezganim yetmasmidi, o‘lib-tirilib, ozgina obro‘ orttirgan edim, uni ham ko‘p ko‘rdingmi, e, xudo! Yo‘q, yigit kishi badnom bo‘lib yashaganidan o‘lgani yaxshi. Undan ko‘ra meni tezroq osib qo‘ya qolmaysanlarmi! Yo‘q, «oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, deydilar. Chidashing kerak, yetimcha! Chidaysan, boshqa ilojing yo‘q. Yuzingga qorakuya surkab qo‘ydilar. Nomingni poklab ketishing kerak, u dunyoga uncha oshiqma, bu qaro yuz bilan u dunyoga ham sig‘maysan endi…»
Qo‘li orqasiga bog‘langan mahbusning qorniga chambarak qilib arqon o‘rashgan. Arqonning boshqa uchini otliq navkar egarning qoshiga bog‘lab olgan. Namozning boshi solingan, ko‘zlarini chirt yumib arqon qayoqqa sudrasa o‘sha yoqqa chalama-chatti qadam tashlab boryapti u.
– Bay-bay-bay! Qomatni qarang-u, qilgan ishini qarang!
– Voy, bu Namoz polvon-ku.
– Polvon emish, ot o‘g‘irlabdi, ovsar!
– Otga ishqibozligi bor edi!
– Toshbo‘ron qilish kerak.
– Ur o‘g‘rini!
– Voy, sho‘rlikning bola-chaqasi bordir, – o‘ng-u so‘ldan ana shunday past-u baland ovozlar ham eshitilib turibdi. Namoz boshini ko‘tarolmaydi, ko‘zini ocholmaydi, vujudi uyatdan qora terga botib boryapti.
Omon jarchi avjiga chiqadi:
– To‘rt bedovni o‘g‘irlab,
Arzon garovga pullab…
Xuddi shu paytda olomon orasidan paranji-chachvonga o‘ralgan bir ayol xuddi poloponini qirg‘iydan himoya qilgan chumchuqdek chirqillab chiqib bandini quchoqlab oldi:
– Voy-dod, musulmonlar, bu mening ukam-ku! U o‘g‘ri emas, imonsiz Hamdamboy tuhmat qilayapti unga! Hoy, Omon nega qarab turibsan, arqonni qirq, qirq zormandani! Tog‘angni qutqar!
Namozning ko‘zlari yaraqlab ochilib ketdi:
– Opajonim!
– Hoy musulmonlar!
Orqadagi navkarlardan biri otini tezlatib ayolning yaqiniga keldi-yu, engashib ko‘ksidan nari itardi:
– Oling qo‘lingizni.
Omon yelkasidagi xurjunni yerga qo‘yib otliqlar davrasiga shoshilib kirdi-da, onasini dast ko‘tarib nari keta boshladi.
– Ukaginam, pahlavonim! – battar chinqirib yubordi Ulug‘oy. – Zolimlar, qon tupurgurlar…
Namozning qulog‘ida anchagacha Ulug‘oyning chinqirig‘i jaranglab turdi. Ancha uzoqlashgach yelkasi osha orqasiga ko‘z tashlab, opasini yana ko‘rib qoldi. Omon uni qo‘lidan chiqarib yubormaslik uchun bag‘riga mahkam bosar, Ulug‘oy bo‘lsa tipirchilanib,