Худойберди Тухтабоев

Қайлардасан, болалигим


Скачать книгу

ko‘z ilg‘amaydigan mo‘jizalar yaratishi ko‘pchilikka ma’lum. Х.To‘хtaboyevni ham sehrli qalami bilan shunday mo‘jizalar yaratadigan adib, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Farqi shundaki, sahnadagi sehrgarlik faqat namoyish paytidagina ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Yozuvchi asarlarini esa qayta-qayta mutolaa qilish orqali u yaratgan badiyat olami ichiga chuqur kirib boriladi.

      O‘zbekiston xalq yozuvchisi Х.To‘xtaboyevni asarlarining tarqalish jug‘rofiyasiga ko‘ra jahongashta adib deyish mumkin. Yozuvchi qalamiga mansub hikoyalar, qissa va romanlar beg‘ubor bolalik olami, xalq tariхi va taqdiri bilan bog‘liq muhum muammolarning badiiy ifodasi sifatida necha-necha avlod bolalarining sevimli maslakdoshi va maslahatgo‘yiga aylangan.

Safo MATJONOV, pedagogika fanlari doktori, professor

      QISSALAR

      AKA-UKA OMONBOY BILAN DAVRONBOYNING QISHLOQQA GAZ OLIB KELGANI HAQIDA JAJJI QISSA

      BIRINCHI BOB

      SHOFYOR AMAKINING SUV SO‘RAB KELGANI VA SHU BAHONADA TANISHIB OLGANLARI

      Davronboy oltiga kirgan. Omonboy yana bir oydan so‘ng to‘rtga to‘ladi. Bu ikki aka-uka tog‘lar etagidagi «Qo‘rg‘oncha» deb atalmish olis qishloqchada, dov-daraxtlarga ko‘milgan bir hovlida yashashardi. Ilgari bu yerlar sal-pal zerikarli edi, o‘ynash uchun o‘rtoq topilmasdi. O‘rtoq axtarib qishloqning ichkarirog‘iga boraylik, deyishsa, Mahmud olako‘zning kuchugidan qo‘rqishar edi… Endi bo‘lsa, unchalik zerikarli emas, sal-pal qiziqarliroq bo‘lib qoldi. Nega desangiz, yaqinda qishloqni qoq ikkiga bo‘lib, o‘rtadan kattakon yo‘l o‘tdi. Uyda zerikib qolsang, shundoqqina ko‘chaga chiqsang, tamom – g‘izillab o‘tayotgan mashinalarni tomosha qilib, maza qilib o‘tiraverasan.

      Omonboy bilan Davronboy bugun ham shunday qilishmoqchi edi – to‘g‘rirog‘i, kunbotar tomonga o‘tayotgan mashina qancha-yu, kunchiqar tomonga o‘tayotgan mashina qancha, shuni bir hisoblab ko‘rishmoqchi edi. Ammo…

      Oq tovuq bilan qora tovuq tuxum tug‘ish uchun xuddi maslahatlashgandek bir vaqtda katakka kirib qolishsa bo‘ladimi! Siz, ehtimol, xo‘sh, katakka kirgan bo‘lsa nima bo‘pti, o‘zi tug‘averadi-da, poylab o‘tirish shartmi, deb o‘ylarsiz? To‘g‘ri, shart emas, o‘zi tug‘sa ham bo‘laveradi. Lekin masalaning bir muhim tomoni borki, buni unutmaslik kerak. Gap shundaki, oq tovuq Omonboyniki, uning tuxumi sal kattaroq bo‘ladi. Qora tovuq Davronboyniki, uning tuxumi, odatda, sal kichikroq bo‘ladi. Davronboy buni hech tan olmaydi, hamisha tuxumning kattasini o‘ziniki qilib oladi. Shuning uchun Omonboy ko‘chaga chiqib, g‘izillab o‘tayotgan mashinani sanashdan voz kechdi:

      – Men tovug‘im tug‘ayotganida tuxumini poylab o‘tiraman! – dedi u katakning ro‘parasiga kelib.

      – Men ham poylab o‘tiraman, – uning yonginasiga o‘tirdi Davronboy ham, – bugun mening tovug‘im sal kattaroq tug‘ishi kerak.

      – Hecham-da, sening tovug‘ing hamisha kichkina tug‘adi.

      – Bugun katta tug‘adi… Boshingga bir tushiraymi! – dedi akasi qo‘lini musht qilib.

      – Betingni timdalab olaman! – deb ukasi ham sekin o‘rnidan tura boshladi.

      Aka-uka jo‘jaxo‘rozdek tikkama-tikka bo‘lib olishib ketishdi.

      Akasi qora tovuq bugun katta tuxum tug‘ishi mumkinligini, ukasi esa qora tovuq hecham katta tuxum tug‘a olmasligini isbotlamoqchi edi. Xuddi shu paytda to‘satdan, ha-ha, to‘satdan, ko‘cha eshikni kimdir do‘mbira qilib chala boshladi… Aka-uka bir-birlarining yoqasidan qo‘lini olib, vahima ichida jim qolishdi.

      – O‘g‘ri! – rangi o‘chib shivirladi Omonboy.

      – Shpion bo‘lsa-ya, – dedi Davronboy ham qo‘rquv ichida.

      Eshik yana taqilladi.

      – Kim bor? – degan ovoz ham eshitildi ketidan.

      Aka-uka bitta-bitta bosib, eshik yoniga borishdi. Tirqishidan asta mo‘ralab qarashgan edi, xayriyat, o‘g‘ri ham emas, shpion ham emas, chelak ushlagan novcha bir amaki ekan.

      – Amaki, siz kimsiz? – deb so‘radi o‘zini bosib olgan Davronboy.

      – Shofyorman, – degan ovoz eshitildi eshik orqasidan.

      – Shofyor bo‘lsangiz, nega mashinangizni haydamay, bizning eshik oldida turibsiz?

      – Mashina buzilib qoldi.

      – Nega buzilib qoladi?

      – Yuki og‘irlik qilib, baloni yorilib ketdi-da.

      – Yukni ozroq bossangiz bo‘lmasmidi?

      – Menga qara, yaxshi bola, sen ham mening o‘g‘limga o‘xshab savollarni yog‘dirib tashlashga usta ekansan… Ozgina suv bergin.

      – Suv o‘zingizgami yoki mashinagami?

      – Obbo… O‘zimgayam, mashinamgayam…

      To‘g‘ri, Davronboy deganlari chindan ham sersavol bola edi. Savol bermayman, desa ham bergisi kelaveradi. Hozir ham shunaqa bo‘ldi. Hech narsa haqida so‘ramayman deb turuvdi, to‘satdan:

      – Mashinangiz KRAZmi yoki samosvalmi? – deganini o‘zi ham bilmay qoldi.

      – KRAZ, – degan javob qaytdi eshik orqasidan.

      – KRAZ bo‘lsa, unga suv bermayman.

      – Nega endi bermas ekansan?

      Bu amakining o‘zi ham qiziq ekan-da, nega deb so‘rab o‘tiribdi-ya, axir hamma narsa ravshan-ku! Bo‘ldi-bo‘ldi bo‘lganda, yuk tashuvchi mashinalar Omonboyga, yengil mashinalar Davronboyga taqsimlangan. Yo‘l yoqasiga chiqib, kimning mashinasi ko‘p o‘tishga o‘ynashganda Omonboy yuk mashinalarini sanashga haqli.

      Davronboy bu gaplarni tushuntirib beruvdi, novcha amaki shu oddiygina haqiqatni haligacha bilmaganiga afsuslanib:

      – Shunaqami? – dedi qoshlarini kerib.

      – Shunaqa! – deb qo‘ydi Davronboy ham ta’kidlab.

      Novcha amaki eshikni ochib yuborishini so‘rab, endi Omonboyga murojaat qila boshladi. Omonboy o‘ziga qarashli mashinaga va novcha shofyorga suv darkor bo‘lib qolganiga negadir xursand bo‘lib ketdi.

      Davronboy bo‘lsa juda hushyor va ehtiyotkor bo‘lganligi uchun yuk mashinasi to‘xtagan-to‘xtamaganligini tekshirib ko‘rish maqsadida narvonga tirmashib tomga chiqa boshladi. Narvonning oxirgi pog‘onasiga chiqar-chiqmas:

      – Voy-bo‘y, mashinaning kattaligini qaranglar! – deb qichqirib yubordi.

      Bu orada har qanday ishni ham juda tez bajarishga o‘rgangan Omonboy allaqachon eshikning tambasini tushirib bo‘lgan edi. Qo‘liga pachaqlangan bir chelak ushlab olgan, dadalariga o‘xshash novcha, yelkalari keng, yalpoq yuzli, «ayvonchasi» ikki qarich keladigan chipor shapkani sal qiyshaytirib olgan shofyor amaki Omonboy eshikni ochishi bilan:

      – Barakalla, azamat, sen juda esli bola ekansan, – deb moy hidi kelib turgan kattakon kafti bilan Omonboyning boshini silab qo‘ydi. Omonboy haqiqatan ham azamat va haqiqatan ham esli bola edi. Shuning uchun ham shosha-pisha:

      – Amaki, men-chi kechasi yotayotganimda kindigimga yog‘ surtib yotaman! – deb axborot berdi yana.

      – Mana buni chinakam qahramonlik desa bo‘ladi! – novcha amaki bu gal Omonboyning yelkasiga qoqib qo‘ydi, – suvni qayerdan ichasizlar?

      – Bog‘da hovuz bor, – negadir hovliqib dedi Omonboy, – orqamdan yuravering… Undan keyin-chi, amaki, men ovqat yeyishdan oldin qo‘limni yuvaman.

      – Voy-bo‘y, sen chindan ham ajoyib bola chiqib qolding-ku!

      – Undan keyin-chi, amaki men ovqat yeganimda labimni chapillatmayman.

      – Ofarin!

      – Davron-chi,