Худойберди Тухтабоев

Қайлардасан, болалигим


Скачать книгу

qarasangiz ko‘rinadi, – o‘rtog‘ining o‘rniga javob beribdi Davronboy.

      Xuddi shu paytda qiziq voqea yuz beribdi. Kichkina televizorchaning shakli ichidagi tasvirlari bilan Omonboyning peshonasida yaltirab bir ko‘rinarmish-da, yana yo‘q bo‘lib, o‘rni qorayib qolarmish-u, anchagacha ko‘m-ko‘k tutun chiqarib turganga o‘xsharmish. Dadasi yoqasini ushlagancha hayron bo‘lib qolibdi. Davronboy hushyor, ham aqlli bola emasmi, hali qo‘shnilarga ko‘rsatgan sehrli manzarani Omonboyning hayratdan yoqasini ushlab turgan dadasiga ham ko‘rsatmoqchi bo‘lib ichkariga yetaklab kiribdi. Endi dadasi katta televizor yonida o‘tirganicha hovlidagi o‘g‘li ko‘zlarini yumib olib, ichkaridagi televizordagi hamma voqealarni so‘zlab berayotganini ko‘rib, eshitib:

      – O‘g‘ilginam, pahlavonim, seni ajinalar chalib ketganga o‘xshaydi, – deb yig‘lab yuboribdi, – ertagayoq seni duoxonlarga o‘qitmasam bo‘lmaydi, – degan gaplarni ham aytibdi.

      SARGUZASHTNING OLTINCHI BOBI

      Qorong‘i tushibdi. Endi hech kim kirmasin deb, ko‘cha eshikni berkitib olishibdi. Ikki o‘rtoqqa bitta joy solib berishibdi, mayli, achomlashib yotsanglar, yotaqolinglar, degan gapni aytishibdi. Davronboy o‘tirib olib, o‘qtin-o‘qtin o‘rtog‘ining peshonasini silarmish.

      – Peshonangda tomosha haliyam ko‘rinyaptimi? – deb so‘rarmish.

      – Ha, endi Shimoliy muz okeanidagi semiz-semiz ayiqlarni ko‘rsatayapti, – dermish Omonboy.

      – Qo‘rqyapsanmi? – dermish Davronboy.

      – Sal-pal qo‘rqyapman, sal-pal maza qilayapman, – dermish Omonboy.

      Har qancha ehtiyot qilishmasin, baribir ertalabgacha Omonboylarning uyida bo‘lgan voqea butun qishloqqa tarqalib ketibdi. Bu qishloqda og‘zaki telefon zo‘r ekan-da. Ertalab o‘rinlaridan turishsa, voy-bo‘y, ko‘cha eshikning narigi tomonida odam degani to‘lib ketganmish. Bolalar ham, chollar ham bor emish. Bitta kampirning oyog‘i ishlamas ekan, nabirasi chaqaloqni ko‘targandek ko‘tarib kelibdi. Bir xili Omonboyga achinganidan, bir xili maslahat bergani, yana bir xillari shunchaki tomosha qilgani kelarmish. Qiziq, hammasi ham bu sirli voqeaning poyoniga yeta olmagani uchun tavba-tavba, deya yoqasini ushlab chiqib ketarmish. Ertasiga kechgacha uch mingta odam yoqasini ushlab, olti mingta tavba aytib ketibdi. Nabirasiga ko‘tartirib kelgan cho‘loq kampir, «Omonboy, uyimda televizorim yo‘q, seni olib ketsam, qulog‘ingni burab tomosha ko‘rsam, burningni bosib, ovozingni balandlatsam», debdi.

      O‘sha kuni kechasi Omonboyning ahvoli ancha mushkullashib qolibdi. Boshi yana ham og‘irlashib, ko‘zlaridan olov chiqqanga o‘xshab, qulog‘idan buzuq traktornikiga o‘xshab g‘alati-g‘alati ovozlar chiqayotgan emish.

      – Qo‘rqayapman, – yig‘lamsirab debdi Omonboy.

      – Nimadan qo‘rqyapsan? – deb so‘rabdi Davronboy ham yig‘lamsirab.

      – Qara-chi, burnimdan tutun chiqyaptimi, yo‘qmi? – deb so‘rabdi yana Omonboy.

      – Yo‘q, tutun emas, mishig‘ing oqayapti, artib qo‘yaymi? – deb javob qaytaribdi Davronboy.

      SARGUZASHTNING YETTINCHI BOBI

      Qaysi ota-ona suyukli farzandi shu ahvolda turganda tinchgina uxlaydi, deysiz. Er-xotin ikkovlari kechasi bilan uxlamay chiqishibdi, o‘ylayverishibdi-o‘ylayverishibdi. Oxiri tuman markazidagi dong‘i olamga ketgan televizor ustasini olib kelishga qaror qilishibdi.

      – Agar pul so‘rasa, menda pul bor, – debdi Omonboyning jonajon o‘rtog‘i Davronboy. Chindan ham cho‘ntagida o‘n olti so‘m puli bor ekan. O‘shani chiqarib beribdi. O‘sha usta, voy-bo‘y, juda ham zo‘r ekan. Televizorlarning buzuq joyini ko‘zini yumib turib ham topa olarkan, topganidan keyin qo‘li bilan bir silasa, televizor o‘z-o‘zidan varanglab ishlab ketaverarkan. Shuning uchun ham puli ko‘p tadbirkorlar televizorlari buzilsa o‘shanga, faqat o‘shanga ko‘rsatishar ekan. Amaki insofli odam ekan, Omonboyning dadasi yig‘lamsirab turib, a’lochi o‘g‘limiz shundoq-shundoq bo‘lib qoldi, degan ekan, qora sumkasini yelkasiga osib, qani ketdik, debdi. Kelibdi-yu, ayvonda atlas ko‘rpachalar ustida yotib, peshonasida aks etayotgan g‘alati-g‘alati tasvirlarni o‘rtog‘iga so‘zlab berib, xafa bo‘lishini ham, xursand bo‘lishini ham bilmay yotgan Omonboyning yoniga cho‘kkalab:

      – Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? – deb so‘rabdi.

      – Shunaqa bo‘ldi, – debdi Omonboy.

      Amaki rezinka qo‘lqopini kiyib, mening qo‘lim emas, pirlarimning qo‘li, degan gaplarni aytibdi-da, Omonboyning qizib turgan peshonasini yumshoq-yumshoq silab:

      – Ozgina shish bor, mabodo yiqilib urib olganing yo‘qmi? – deb so‘rabdi.

      – Yiqilgani yo‘q, – o‘rtog‘ining o‘rniga javob beribdi Davronboy.

      Usta amaki Omonboyning peshonasini yana silabdi, qulog‘iga qulog‘ini qo‘yib ko‘ribdi. Uzoqroqqa borib, bitta ko‘zini qisib ham qarabdi. Yo‘q, endi kecha odamlarga ko‘ringan kichkina televizorcha ko‘rinmasmish.

      – O‘g‘lim, ota-onangni bekorga qo‘rqitibsan, – xafa bo‘lib debdi usta amaki.

      – Yolg‘onmi? – deb boshini sekin ko‘taribdi Omonboy.

      Keyin Davronboy bilan Omonboy xuddi avvalgi kuni qo‘shnilari ko‘rsatgandek, ham miyasidagi, ham ichkari uydagi televizorlarda g‘alati-g‘alati tomoshalarni ko‘rsatgan ekan, usta amaki bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qolayotgan tasvirlarga qarab:

      – E tavba, qirq yil ustachilik qilib, bunaqa sehrli voqeaga duch kelmagan edim. Tuzatish qo‘limdan kelmaydi, – debdi-da uyiga jo‘nab ketibdi.

      SARGUZASHTNING SAKKIZINCHI BOBI

      Ertasiga ko‘rgani kelayotganlar yana ham ko‘payibdi, sinfdoshlari ham kelibdi. O‘zi shu 1-«A»dagilar bir-biriga juda mehribon, juda g‘amxo‘r ekanlar-da. Tug‘ilgan kunlarini birga o‘tkazishar, kasal bo‘lganda gul ko‘tarib ko‘rgani borishar, muzqaymoq olganda bir juft olib, bir-birlariga hadya ham qilishar ekan. Bu gal ham ko‘ngil so‘ragani, ham o‘rtoqlarining peshonasiga yopishgan televizorchani tomosha qilgani kelishgan ekan.

      – Voy, hech narsa yo‘q-ku, – debdi Gulnora degan qiz.

      – Men peshonasida bir narsa ko‘rgandek bo‘lyapman, – debdi a’lochi Nasiba.

      – Mayli o‘rtoq, tuzalguningcha maza qilib yotaver, – debdi eng orqa partada o‘tiradigan Orifjon, – «A» unlisini o‘tganmiz, o‘zim senga tushuntirib qo‘yaman. Og‘zingni katta ochib, ovoz chiqarsang, «A» bo‘larkan.

      O‘rtoqlari Omonboyning aytganlariga bir ishonib, bir ishonqiramay turishgan ekan, to‘satdan sehrli voqea yana yuz berib qolibdi-yu, Omonboy miyasidagi tasvirlarni o‘rtoqlariga so‘zlab bera boshlabdi, ana, «Shaxmat darsi» boshlandi, ana qizaloqlar o‘yinga tushishyapti. Ahvoliga hammalari achinishibdi. Xafa bo‘lishib, boshlarini egib chiqib ketishibdi. Gulnora bo‘lsa, ko‘chaga chiqqach, chinakam yig‘lab yuboribdi.

      Bora-bora Omonboy ko‘chaga ham chiqolmay qolibdi, to‘p ham tepa olmasmish, xokkey ham o‘ynay olmasmish, sal narsaga boshi aylanib ketaverarmish. Doktor chaqirtirishibdi, tabibga ko‘rsatishibdi, kechasi bitta domla kelib, kuf-suf ham qilib ketibdi. Biri u debdi, biri bu debdi. Oqibat shu bo‘libdiki, unga Telebola deb nom berishibdi. Bu nom Omonboyga hech yoqmas emish, g‘ashi kelarmish, oxiri, Toshkentdagi eng katta doktorgami, televizor ustasigami uchrashmoqchi bo‘lishibdi.

      SARGUZASHTNING TO‘QQIZINCHI BOBI

      Toshkentdagi nom chiqargan mashhur doktor amaki uyida qabul qilibdi. Avval Omonboyning ota-onasi bilan rosa suhbatlashibdi. Keyin Omonboy bilan doktor amaki o‘rtalarida mana bunday suhbat bo‘lib o‘tibdi:

      – Obbo o‘g‘lim-ey, sening ham peshonangga televizorcha yopishib qoldimi? – deb so‘rabdi amaki.

      – Sizga ko‘rinyaptimi?