O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

edi. Hammamiz sandalga oyoq tiqib o‘tiribmiz. Oyoq iligani bilan badandan muz o‘tib ketgan. Sandal ustiga bir qop ko‘sak uyub tashlangan. Ermon buvaning aytishiga qaraganda o‘n pud ko‘sakni chuvish zimmamizga tushgan emish. Ertagacha chuvib bo‘lmasak, brigadir Haydar shamol xafa bo‘larmish. Ko‘raklar sovuqda muzlab qolgan, ushlasangiz qo‘lingizni uzaman deydi. Ikkita tokchaga bittadan lip-lip chiroq qo‘yilgan. Chiroqlarning piligi lipillagan sayin xotinlarning devordagi bahaybat soyalari ham afsonaviy devlardek sakrab-sakrab ketadi. Xotin-xalaj indamay ko‘rak chuviydi. Bir qopi tugashi bilan Ermon buva ikkinchi qopni eski dasturxonga ag‘daradi… Qo‘lim akashak bo‘lib qoldi. Buning ustiga ko‘rak tikandek qotib qolgan. Paxtasini sug‘urib olguncha tirnog‘ingiz orasiga kirib qonatib yuboradi. Ermon buva menga qarab-qarab qo‘yadi.

      – Qo‘lni isitib oling-da, qoravoy!

      Oxiri onamning ham toqati toq bo‘ldi.

      – Paxtasiyam o‘lsin! – dedi zorlanib. – Qo‘limda qo‘l qolmadi-ya!

      Ermon buva sokin bosh chayqadi.

      – Unaqa demang, Poshsha qizim, – dedi ingichka ovoz bilan. – Gunoh bo‘ladi. Paxta jannatdan chiqqan, tasadduq!

      U qishda ham delvagay ochib yuradigan yaktagining cho‘ntagini uzoq kavlashtirib nosqovog‘ini topdi. Tagiga uch-to‘rt urib nos otdi.

      – Paxta jannatdan chiqqan, – dedi ishonch bilan. – Men sizlarga bir hikmatni aytib beray, tasadduqlar.

      Shunday deb men eshitmagan afsonani aytib berdi.

      – Qadim zamonda bir yurtni yov bosibdi. Odamlar qal’a ichiga berkinib olishibdi. Yov shaharni o‘rab olib kutaveribdi, kutaveribdi. Oxiri qal’a ichidagilar ham, yov ham holdan toyibdi. Qamalda qolganlarning ochlikdan sillasi quribdi. Odamlar oqsoqol oldiga borib, bo‘ldi endi, shaharning darvozasini ochib beramiz, deyishibdi. O‘zimiz och, bolalarimiz yalang‘och, otlarga yem yo‘q, o‘tin yo‘q, deb nolishibdi. Ammo oqsoqol dono kishi ekan. – Ermon buva tantana bilan qaddini kerib qo‘yadi. – Bir hujraga yig‘ib qo‘ygan allaqancha g‘o‘zapoyani opchiqibdi. Paxta degani jannatdan chiqqan, menga ishoninglar, tasadduqlar, debdi. Buni qarangki, chol aytgan gap to‘g‘ri chiqibdi. Paxtaning momig‘ini askar bolalarning yarasiga bosishibdi. Tolasini yigirib bo‘z to‘qishibdi, kiyim tikishibdi, chaqaloqlarga yo‘rgak qilishibdi, chigitni yog‘ini eritib go‘sht qovurishibdi. Kunjarasini otlarga berishibdi. G‘o‘zapoyani yoqib uylarni isitishibdi. – Ermon buva ovozini yanayam balandlatadi. – Qarabsizki, yovning holi tang. Sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketibdi.– Ermon buva namatni qayirib nosni tupuradi. Tomog‘ini taqillatadi. – Ana ko‘rdinglarmi paxtaning xosiyatini, tasadduqlar. Qani, kampir, shinnidan opke. Bir maza qilaylik!

      Habiba buvi ildam o‘rnidan turib xumga sopol piyolani botiradi. Yana bir marta… Keyin yana bir marta. Birpasda ayvonni tut shinnining isi tutib ketadi…

      …O‘sha birinchi qor tushgan kuni Habiba buvini oxirgi marta ko‘rayotganimni bilmagan ekanman. Hali yangi yil kelmasidan ketma-ket qor yog‘ib qahraton sovuq boshlandi. Shunday kunlardan birida ertalabki choydan keyin onam to‘satdan so‘rab qoldi.

      – Ermon buvangnikiga borib kelamizmi?

      Quvonib ketdim. Ermon buvanikiga bo‘ladi-yu, yo‘q deymanmi!

      – Shinni yeyishgami? – dedim hovliqib.

      Onam ohista bosh chayqadi.

      – Yo‘q. Habiba buvi zotiljam bo‘p qopti. O‘tini yo‘qmish. Ko‘mir oborib beramiz.

      Bultur o‘zimizning o‘tinimiz qolmaganida qanaqa ahvolga tushganimiz esimdan chiqqanmas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yil dadam ko‘mirni yaxshilab g‘amlab qo‘ygan edi.

      – Menam oboraman! – dedim irg‘ishlab. – Qopda oboraman!

      – Bo‘pti, – oyim boshimni siladi. – Sen qop ko‘tarolmaysan, chelakda oborasan.

      Dadam ishda, akalarim maktabda. Opam echki sutini sotish uchun shaharga ketgan. Uyda oyim, ukam qolgan. Ukamni amallab beshikka tiqdik. Oyim aldab-suldab uxlatdi. Oshxonaga kirib qopga ko‘mir soldik. Men og‘zini ochib turdim, oyim xokandoz bilan soldi. Sandalga yirik ko‘mir bo‘lmaydi. Albatta kukunidan solish kerak. Tez cho‘g‘ oladi, uzoq turadi. Onam har gal xokandozni bo‘shatganida qop-qora chang ko‘tariladi. Bir zumda oyimning ham, mening ham og‘iz-burnimiz qorayib ketdi. Keyin kichikroq paqirga men ko‘mir to‘ldirdim. Ikkalamiz yo‘lga tushdik. Onam burni yerga tekkudek bo‘lib enkaygancha qorda chuqur-chuqur iz qoldirib yurib ketdi. Ketidan men ergashdim. Kichkinagina chelak avvaliga yengil tuyulgan edi. Ellik qadamcha yurmasimdan juda og‘irlashib ketdi. U qo‘limdan bu qo‘limga olaman, bu qo‘limdan u qo‘limga olaman, sirg‘anib-sirg‘anib ketaman. Bu ham yetmagandek, qo‘limga so‘zak kirib ketdi. Paqirning bandi kaftimga chippa yopishib qolgan. O‘ng qo‘limdan chap qo‘limga olayotganimda terimni shilib olayotgandek bo‘ladi.

      – Oyi, qo‘lim muzlab qoldi, – deyman yig‘lamsirab.

      Onam menga achinib qarab qo‘yadi-yu, to‘xtamaydi.

      – Yura qol, jon bolam, yaqin qoldi.

      Qopning tagini ham sichqon teshgan ekan: qor ustida bora borgancha qop-qora iz tushib bordi.

      Nihoyat, Ermon buvaning ochiq eshigi oldiga keldik.

      – Sen kirmay qo‘ya qol, – dedi onam harsillab. – Men hozir. – Shunday dedi-yu, ikki bukilgancha hovliga kirib ketdi, zum o‘tmay qaytib chiqib paqirni ham olib kirdi.

      – Alahlab yotibdi bechora! – dedi qaytib chiqib. – Buvang tepasida duo o‘qib o‘tiribdi.

      Bu safar buvining shinnisiga umid bog‘lamadim. Oyim ikkalamiz darrov izimizga qaytdik. Oyimning qo‘lida paqir, paqir ichida bo‘shagan qop…

      Qorda tushgan ko‘mir izini dadam ko‘ribdi shekilli, kechqurun oyimdan so‘radi:

      – Kimga ko‘mir berding?

      Oyim aybdor qiyofada yerga qarab turdi-da, rostini aytdi.

      – Habiba buvi shamollab qopti. Ko‘miri yo‘q ekan, oborib berdim.

      Dadam oyimni urishmadi.

      – Chatoq bo‘pti, – dedi sekin. – Achinskaga xabar berish kerak.

      Onam bosh chayqadi.

      – Judayam zarilmas shekilli. Mana, uyi isib qoldi. Ajabmas, erta-indin tuzalib ketsa…

      Lekin Habiba buvi tuzalmadi… Indini ertalab ishga ketgan dadam yarim yo‘ldan qaytib keldi. Ukamni tizzasiga o‘tkazib choy ichirayotgan oyim hayron bo‘lib dadamga qaradi:

      – Tinchlikmi?

      Dadam negadir ko‘zini yashirdi:

      – Odamzodning ahvoli shu ekan-da, – dedi xo‘rsinib.– Habiba buvi omonatini topshiribdi.

      – Voy… Voy bechora! – Oyimning rangi quv o‘chgancha shunday ingrab yubordiki, qo‘rqib ketgan ukam bir zum olazarak bo‘lib turdi-da, chirillab yig‘lay boshladi. – Kecha borganimda tuzalib qoluvdi-ku! – Oyimning ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Ukamni siltab ko‘rpachaga o‘tkazdi-yu, ikki kafti bilan yuzini to‘sgancha o‘kirib yubordi.

      – Nachora, kuni bitgan-da, – dedi dadam tomog‘ini bo‘g‘gan ko‘z yoshidan ovozi xirillab. – Kim bilibdi shunaqa bo‘lishini!

      Dadam, uning ketidan ukamni ko‘targan oyim, uning ketidan men Ermon buvanikiga yugurdik. Birpasda tumonat odam to‘planibdi. Zebi xola u yoqdan bu yoqqa yugurgan. Isroil mo‘ylov hovlidagi qorni kuragan, Sepkilli xola bilan Kelinoyi «voy onamlab» yig‘lashgan…

      Ermon buva kimni ko‘rsa javdirab qaraydi. Yaktagining delvagay yoqasidan ko‘rinib turgan oppoq tuk bosgan ko‘ksiga mushtlagancha ovozi yanayam ingichkalashib, nuqul bitta gapni qaytaradi:

      – Bittagina bolasini ko‘rolmay ketdi-ya! Oltmishvoyning diydoriga to‘yolmay ketdi-ya!

      Yo‘q. U yig‘lamaydi. Faqat ingraydi. Titrab-titrab ingraydi. Boshyalang bo‘lib olgan. Oppoq