O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

munchoq marjon ko‘rinib ketdi. Qulog‘idagi tilla oybaldog‘ini ko‘rdim-u negadir «o‘g‘irlab olgan» degan xayolga bordim. Tag‘in qo‘rqib ketdim. Hozir boshlaydi. Akalarim qulog‘imga quygandek, «poli keldi-poli keldi», deb fol ocha boshlaydi-da, avrab-avrab hammamizni o‘ldirib ketadi.

      – Oyi-i-i! – dedim chinqirib.

      Lo‘li menga qayrilib ham qaramadi. Qop-qora qo‘llarini keng yoydi.

      – Ovmin! Qadam yettu balo yetmasun! Pirlar madadkor bo‘lsun. Dushmaning xor-u zor bo‘lsun, bacham!

      Oyim ham yerga cho‘kkalagancha unga qo‘shilib fotiha o‘qidi.

      Akam xabar bergan bo‘lsa kerak, bir zumda hovliga Hoji buvi, uch hovli narida turadigan yelinchak Xayri opa kirib yelishdi.

      – Uyingda amol bo-or! – dedi lo‘li cho‘zib. – G‘animing bo-or!

      Vujudimni yana qo‘rquv bosdi. Ammo nima uchundir oyim xotirjam edi.

      – Amal nima qiladi, xolajon, – dedi sekin. – Akamdan xavotirdaman. Ming yerimga pichoq ursa bir yerimdan qon chiqmaydi. Hamma qaytyapti, akam bechoradan darak yo‘q.

      Oyim urushga ketgan tog‘amni ko‘p gapirardi. Dadamni kasalligi tufayli urushga olishmagan, ammo oyim har ikki gapning birida akasini eslab yig‘lardi. Hozir ham shuni gapirdi. Tushundim, fol ochirmoqchi.

      – Bor, bolam, o‘ynab kel, – dedi oyim mening hamon qo‘rqib turganimni ko‘rib. Biroq men sehrlangandek o‘rnimdan jilolmay qoldim.

      Lo‘li shoshilmasdan xurjuniga qo‘l suqdi. Kirligidan guli bilinmay ketgan tuguncha oldi. Hoji buvi bilan Xayri opa ham oyimning ikki tomoniga jimgina cho‘kkalashdi.

      – Acha xolamning romi doim to‘g‘ri chiqadi, – dedi oyim qo‘shnilarga maqtanib. – Ko‘p sinaganman.

      Acha xola parvo ham qilmadi. Qop-qora barmoqlari bilan tugunchasini yechgan edi, bir hovuch tosh chiqdi. Qo‘shni qizaloqlar sopalak o‘ynaydigan mayda toshlarning o‘zi. Faqat rangi har xil: oq, qora, ko‘kimtir… U toshlarni to‘da-to‘da qilib qo‘ydi-da, ko‘zlarini yumib allanimalarni pichirlay boshladi. Uning yumuq kipriklari pirpirab-pirpirab qo‘yar, shunda yuzidagi ko‘kimtir xoligacha qimirlab ketganga o‘xshar edi. Endi qo‘rquv o‘rnini allaqanday qiziqish egalladi-yu angrayib qoldim. Hammamiz xuddi mo‘jiza kutgandek qotib qolgandik. Hozir allanima bo‘lishi, nimadir ro‘y berishi kerakdek edi.

      – Akang tirek! – dedi lo‘li to‘satdan. Kaftining orqasi bilan bir turtgan edi, to‘dalanib turgan toshlar har yoqqa sochilib ketdi. Oppoq bir tosh dumalab oyimning oyog‘i oldiga keldi.

      – Akang keladu! – dedi oyimning ko‘ziga tik qarab. – Yo‘lga chiqq-o-on!

      – Og‘zingizdan aylanay, xolajon! – oyim dik etib o‘rnidan turdi-da, uyga yugurdi. Bisotimizda bitta yaltiroq qoshiq bor edi. Oyim uni kumush qoshiq, deb maqtardi. – Mana, oz bo‘lsa, ko‘p o‘rnida ko‘rasiz. Akam eson-omon kelsa bosh-oyoq kiyim qilib beraman. – U qoshiqni Acha xolaga uzatdi. Lo‘li qoshiqni shosha-pisha xurjuniga yashirishini kutib turardim. Ammo u shoshilmadi. Qoshiqni bir chekkaga qo‘yib, Hoji buviga yuzlandi.

      – Bolaginamni ko‘rarmikinman? – dedi Hoji buvi ovozi titrab. – Yolg‘izginamni ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q edi.

      Bu safar lo‘li nimchasining cho‘ntagini uzoq kavlashtirdi. Keyin yong‘oqdek keladigan olti qirrali tosh oldi.

      – Muhra bilan ocharkanlar, – dedi oyim pichirlab.

      Lo‘li hech nimani eshitmagandek, toshning u yog‘ini aylantirdi, bu yog‘ini aylantirdi. Uning qop-qora qo‘li bilinar-bilinmas titrar, allaqanday chiziqlar tortilgan toshga tikilib to‘xtovsiz pichirlar edi.

      – Bachangni yo‘li to‘sulgon! – dedi u nihoyat.

      Hoji buvining ko‘zlarida, hamisha ma’yus boquvchi ko‘zlarida cho‘g‘ yaraqlab ketgandek bo‘ldi.

      – O‘zi tirikmi axir? – u ingragudek ohangda lo‘li tomon talpindi. – Uch yildan buyon na o‘ligini bilaman, na tirigini. Joni omonmi ishqilib?

      – Amon! Bachang amon. Kutasan. Ancho kutasan.

      Boyadan beri nafasini ichiga yutib o‘tirgan Xayri opa endi chidab turolmadi shekilli, hayqirib yubordi:

      – Asqar akam-chi? Asqar akam qachon keladi? Jon xola, bir ko‘ring! Asqar akamga nima bo‘lgan? Gospitaldan bir xat keldi-yu, daraksiz ketdi. Jon xola, bir ko‘ring…

      Lo‘li unga sinovchan qarab qo‘ydi-da, tag‘in shoshilmasdan xurjunini kavlashtirib, kaftdek ko‘zgu oldi.

      – Ushla bune! – dedi oynani Xayri opaning qo‘liga tutqazib. – Qarab o‘ter!

      Xayri opa oynaga tikilib cho‘kkalagancha qotib qoldi. Lo‘li boshqa bir oynacha oldi.

      – Yoshini ayt! – dedi qat’iy ohangda.

      – Asqar akammi? – Xayri opa to‘satdan uyg‘onib ketgandek cho‘chib lo‘liga qaradi. – Yigirma ikkida. Agar… agar… – U nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, tutilib qoldi. – Yigirma ikkida, – dedi shoshilib. – Hozir yigirma ikkiga kirgan. – U bir zum jimib qoldi-da, ohista qo‘shib qo‘ydi.– Chillamiz chiqmasidan ketgan.

      Lo‘li o‘zining qo‘lidagi ko‘zguga tikilib pichirlagancha boshini bir maromda tebrata boshladi. Xayri opa ko‘zguga qarab qotib qolgan, go‘yo qimir etsa fojia ro‘y beradigandek edi. Nihoyat, Acha xola o‘zi tutib turgan ko‘zguni etagiga artib xurjuniga tiqdi.

      – Nima? – dedi Xayri opa pichirlab. – Nima? Asqar akam…

      – Kuyoving amon… – Acha xola uning yuziga qaramasdan qo‘lidan ko‘zguni oldi. – Ko‘zimga ko‘rinde. Kuyoving kasal bo‘lgon.

      – Qachon, qachon ko‘raman? – Xayri opa Acha xolaning qo‘liga yopishdi. – Ayting, nima ko‘rdingiz? Qachon ko‘raman?

      Acha xola o‘ylanib qoldi:

      – Yo‘l ko‘rdem, yo‘l! Kuyoving keladu. Oy to‘lganda, uxlamay osmonga qaro. Ko‘rason!

      – Nafasingizdan aylanay, xolajon! – dedi Xayri opa iltijo qilib. – Tilingizdan aylanay. Kuyovingiz kelsa, mana shu bilaguzugim sizniki. – U gapining rostligiga ishontirmoqchi bo‘lgandek tilla bilaguzugini qo‘lidan yechib ko‘rsatdi. – Asqar akam menga boshqasini olib beradilar.

      O‘sha kuni uyimizda bayram bo‘ldi. To‘rt xotin o‘tirishib olma choy ichishdi. Oyim ertalab yopgan zog‘ora nonini, Xayri opa tolqonini, Hoji buvi bir hovuch tut mayizini o‘rtaga qo‘ydi.

      O‘sha kuni yana bir sirni bilib oldim. Bir haftadan keyin oy to‘ladi. Uch qo‘shni oyga tikilib xolaning romini amalda sinab ko‘rishadi.

      Kutilgan kechada Hoji buvi bilan Xayri opa biznikiga chiqishdi. Dadam ishda edi. Anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi. Keyin bolalarga supaga joy solib berishdi. Akalarim uxlab qolishdi. Men esa nima bo‘lishini kutib poylab yotar edim.

      Nihoyat, uch ayol bodom tagidan yaydoq joyga borib, tizilishib o‘tirishdi. Chigirtkalar chirillar, osoyishta osmonda to‘lin oy sutdek mayin, sutdek iliq nur sochar edi. Oyim, Hoji buvi, Xayri opa oyga tikilgancha qotib qolishgan, hech qaysisi churq etmas, chamasi har biri o‘zi izlagan odamni oydan topgisi kelar, oydan topishiga umid qilar, ishonar edi. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Hamon chigirtkalar chirillar, allaqayerda kaltakesak chirqillab qolar, hovli burchagida ora-chora echki ma’rab qo‘yar, faqat oy, sehrli oy jimgina nur sochar, uch ayol esa unsiz qotib qolishgan, o‘zi ham, soyasi ham qilt etmas, uchovi ham shu o‘tirishda oyga tikilgancha haykalga aylanib qolgandek edi. Yotib-yotib zerikdim. Boshimni ko‘taray desam oyimdan qo‘rqaman. Endi ko‘zim ilinayotgan ekan hayajonli hayqiriqdan cho‘chib ketdim.

      – Ana! Ana! Ko‘rdim!

      Boshimni ko‘tardim-u ikki qo‘lini oy tomonga cho‘zgancha iltijo qilayotgan Xayri opaga ko‘zim tushdi.

      – Ana! Asqar akam! Asqar akam! – Xayri