O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

bir yengini kiygan joyida turib qoldi.

      – Bu nima? – dedi xaltaga imo qilib.

      – Turshak, – dadam xijolat chekib, iljaydi. – Qantak o‘rikniki. Qoq quruq. Bo‘yrada quritganman. Bittasiyam yerga tushmagan.

      Achinska yengi kiyilmagan qo‘li bilan xaltani nari surdi.

      – Balaga kompot kiling. Isitma tushadi. Yakshi bo‘ladi.

      Endi dadam astoydil yalina boshladi:

      – Yo‘q demang, do‘xtir. O‘z qo‘lim bilan quritganman. Chodirga qoqib quritganman.

      Gapga oyim aralashdi.

      – Marjangizga oborasiz, do‘xtir, padarka…

      Achinska keskin bosh chayqadi.

      – Balaga kompot kiling. – Shunday dedi-yu, xaltani devorga suyab, etigini kiydi-da, tashqari chiqdi. Dadam shosha-pisha unga ergashdi.

      – Iloyo baraka toping, – deb qoldi onam eshikdan mo‘ralab. – Bola-chaqangizning rohatini ko‘ring.

      Yana sukunat cho‘kdi. Ammo endi bu boyagidek ko‘ngilni g‘ashlovchi jimjitlik emas edi.

      Ertasiga kech uyg‘ondim. Katta akam maktabga ketgan, kichik akam sandal chetida yostiqqa suyanib o‘tirgancha, sutchoy ichar, dadam bilan oyim tumshug‘idan chak-chak suv tomayotgan eski samovarni o‘rtaga qo‘yib gaplashib o‘tirishardi. Qor tingan, tashqarida quyosh charaqlab ketgan shekilli, uy ichi yop-yorug‘ edi. Endi sutchoyga zog‘ora non botirib yeyishga kirishgan edim, tashqarida kuchugim jonholatda akillay boshladi. Eshik sharaqlab ochildi-yu, ostonada Dalavoy paydo bo‘ldi. U kechagi charm paltosida, kechagi piymasida edi.

      Dadam bilan oyim bir seskanib tushishdi. Hozir janjal bo‘lishini bilib, mening ham yuragim orqaga tortib ketdi. Biroq hech qanaqa janjal bo‘lmadi. Dalavoy ostonada turib, negadir jilmaydi.

      – Assalomalaykum! – dedi baland ovozda. Shunda uning judayam qo‘rqinchli odam emasligini payqadim. Dadam rangiga qon yugurib, asta o‘rnidan turdi.

      – Keling, keling, – dedi-da, borib ko‘rishdi. Oyim darrov dasturxonga jiyda, yong‘oq keltirib qo‘ydi. Dalavoy bu safar piymasini yechib chiqdi. Onam yangi ko‘rpacha bo‘lmagani uchun sandal to‘ridagi ko‘rpachaning orqasini o‘girib, qaytadan yozdi. Dadam mehmonning orqasiga yostiq qo‘ydi. Dalavoy piyolani aylantirib-aylantirib, choy ho‘plarkan, menga qarab ko‘zini qisdi.

      – Qalay, polvon!

      Uyalganimdan yerga qarab oldim. Shunda undan allaqanday qo‘lansa hid kelayotganini payqadim.

      – O‘zizam ja haligidaqa odamsiz-da oka! – Dalavoy dadamga yuzlanib, baralla ovozda kuldi. – Qilar ishni qip qo‘yib, tag‘in odamni so‘kib o‘tiribsiz, oka.

      Dadam uzrli qiyofada yelkasini qisdi.

      – Endi, ukam, jahl chiqqanda, aql ketadi…

      – O‘ziyam ja, kattasini ag‘daribsiz-da, oka! – Dalavoy negadir yana kuldi. – Ha, endi shunaqa ekan, bir og‘iz aytmaysizmi, shu ishni shundoq qilmoqchiman, deb. Axir jahon bedarvoza emas, tartib bor, zakun bor…

      Dadam xijolat chekib, dasturxon chetini himara boshladi.

      – Endi, ukam, biz bir po‘ristoy odammiz. Bunaqa qonunlarni tushunmasak, bu yoqda bolalar sovuqda qoldi.

      – Shu-da endi, oka! – Dalavoyning milki qizarib ketgan kulrang ko‘zlarida samimiy tabassum o‘ynadi. Dadamning yelkasiga qoqdi. – Bir og‘iz maslahat solsangiz-u hammasini zakonniy qilardik.

      Boyadan beri indamay choy quyib uzatayotgan onam endi gapga aralashdi.

      – Bu odam bilmabdilar-da, jon ukam, gunohlaridan kecha qoling.

      Dalavoy oyimga qaramadi, dadamga tikilgancha, jiddiy tortdi.

      – Endi, oka, biz bir joyning odamimiz, ot tepkisi otga o‘tmaydi.

      – Rahmat, ukam, – dadam yana boshini xam qildi. – Siz bizlarni siylasangiz, sizni Xudo siylasin.

      – Men-ku shu yerning odamiman, – Dalavoy ovozini pasaytirdi. – Ammo o‘rtoq Toshevning oldida, shu ish shundoq bo‘lgani chatoq bo‘ldi. Katta odam. Qamatmaguncha qo‘ymayman deyapti. Ikkalamizni askarblyat qildi, deyapti.

      Oyimning rangi bir zumda o‘zgarib ketdi. Dadam bo‘lsa, taqdirga tan bergandek, hamon boshini quyi solib o‘tirardi.

      – O‘rtoq Toshevga yotig‘i bilan tushuntirdim, – Dalavoy ovozini yanayam pasaytirdi. – O‘zimizning odam gunohidan o‘ta qoling, dedim. Hozircha ko‘nmay turibdi-yu, ko‘nadi. Ko‘nmay qayoqqa borardi. «Qurug‘i»dan obkeb beraman, dedim.

      Birdan oyimning yuzi yorishdi. Dik etib o‘rnidan turdi-da, hujraga kirib ketdi. Dalavoy onamning ketidan qarab qoldi. Dadam bo‘lsa hamon dasturxon qatini o‘ynab o‘tirar, barmoqlari bilinar-bilinmas titrar edi. O‘sha zahoti onam xalta ko‘tarib chiqdi. Bu – kechasi Achinska olmay ketgan o‘sha turshak to‘la xalta edi.

      – Mana, opovsi, – dedi oyim xaltani Dalavoyning oldiga qo‘yib. – Qoq-quruq. Qantak o‘rikning turshagi. Adasi o‘z qo‘llari bilan quritganlar. Bittasiyam yerga tushmagan.

      Dalavoy goh onamga, goh xaltaga qarab, talmovsirab turdi-da, birdan qah-qah otib kulib yubordi. Bir zumda kulrang ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqdi. U ko‘rpachani mushtlab-mushtlab kular, boshi ham, gavdasi ham muttasil silkinar, sarg‘ish yuzi sholg‘omdek qizarib ketgan edi. Oyim og‘zini lang ochgancha, bir dadamga, bir Dalavoyga qarab qolgan, negadir nuqul ko‘ylagining yoqasini g‘ijimlardi.

      – Voy, voy kennoyi tushmagur-ey! – dedi Dalavoy kulgidan nafasi qaytib. – Voy sodda xotin-ey! «Qurug‘i» desam, turshak obchiqibdi. Qarang, oka! Qarang! Qurug‘i desam… «Qurug‘i» desam… – U dadamga qaradi-yu kulgisi kesildi. Dadamning qiyofasi shiddatli, yuzi qizarib-bo‘zarib ketgan edi.

      – «Qurug‘i» kerakmi? – dedi ovozi xirillab.

      Dalavoy butunlay jiddiy tortdi.

      – Mengamas, o‘rtoq Toshevga, – dedi sarg‘ish qoshini chimirib. – Men sizga jabr bo‘lmasin, deyapman, oka, jo‘jabirdek jonsiz.

      – «Qurug‘i» kerakmi! – Dadam yanayam pastroq, ammo yanayam tahdidliroq ovozda takrorladi. – Mana buni qirqib beraymi! – U kindigidan pastroqqa imo qildi. Dadam birovdan qattiq g‘azablansa, padaringga la’nat deb so‘kar, ammo biron kimsani bunchalik qo‘pol haqorat qilganini eshitmagan edim. Onam ham, yostiqqa suyangan akam ham, men ham qotib qoldik.

      – Shunaqami, hali! – Dalavoyning kulrang ko‘zlari yonib ketdi. – Endi o‘zingdan ko‘r! – Shunday dedi-yu, hatlab o‘rnidan turdi. Dadam ham sapchib turib ketdi. Oyim dod solib, dadamning yo‘lini to‘sdi. Dalavoy shiddat bilan charm paltosining cho‘ntagiga qo‘l suqdi-da, allaqanday qog‘ozni dasturxon ustiga uloqtirdi. – Indinga tegishli joyga bormasang, militsiya yuborib, ottirib tashlayman! Umringni turmada chiritmasam, Dalavoy otimni boshqa qo‘yaman!

      Oyim bekorga dod solgan ekan. Dadam Dalavoyga tashlanmadi. Piymasini kiyib chiqib ketguncha, uy o‘rtasida turaverdi. Faqat g‘azabdan pishqirib nafas olar, mo‘ylovi uchib-uchib qo‘yar edi. Tashqarida it akilladi. Keyin jimlik cho‘kdi.

      – Endi qo‘ymaydi, – dedi onam ingrab. – Qamatmay qo‘ymaydi. – U hamon g‘azabdan titrab turgan dadamga iltijoli termildi. – Jon adasi, aylanay adasi, johillik qilmang, Keling, shular to‘ya qolsin. Mayli, sholchani sotamiz.

      Kuzda opamni uzatamiz, deb dadam bir sholcha olib kelgan edi. Oyim shuni gapirganini tushundim.

      – Nega?! – dadam sandal chetiga cho‘kkalagancha, hayqirib yubordi. – Nega?! Nega men pora berishim kerak? Nega?! Porani harom odam beradi, bildingmi! Porani harom odam oladi! Bildingmi?! Porani imonsiz odam imonsiz odamga beradi! Tushundingmi?! Nega men o‘z imonimni sotib poraxo‘rga yalinishim kerak? Nega?

      U esdan og‘ib qolganga o‘xshar, har gal «Nega?» deganda, dasturxonni mushtlar, Dalavoy tashlab ketgan qog‘oz ham,