O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

dadam, ketidan Dalavoy bilan pochapo‘stinli mehmon kirib kelishdi. Oyim Dalavoyga peshvoz chiqdi.

      – Keling, opovsi, yaxshi yuribsizmi, kelinim yaxshimilar? – dedi ovozi titrab. – Kiraveringlar. Yo‘q, yo‘q, piymangizni yechmang, uy sovuq.

      Dalavoy piymasining qorini qoqqan bo‘ldi-da, kigiz ustidan yurib, sandal chetiga bordi.

      – Hozir choy qaynaydi, o‘rgilay! – Onam tashqariga chiqib ketayotgan edi, Dalavoy to‘xtatdi.

      – Ovora bo‘lmang, biz ketamiz, – u akamga yuzlandi.– Siyoh-ruchkang bormi?

      Akam tokchadan siyohdon, «qurbaqa» peroli ruchka oldi.

      – Nima qilyapsiz, aylanay? – oyimning rangi dokadek oqarib ketdi.

      – O‘ynayapman! – Dalavoy piymasining qori bilan sandal chetidagi ko‘rpachaga cho‘kkaladi. – Ko‘rib turibsiz-ku, nima qilmoqchiligimni! – U ostonada turgancha, papiros chekib, uy ichini jirkanibroq tomosha qilayotgan pochapo‘stinli mehmonga qaradi. – O‘zim yozaveraymi?

      Mehmon «ma’qul» degandek bosh irg‘ab qo‘ydi.

      Dalavoy charm paltosining ich cho‘ntagidan qog‘oz oldi. Ruchkani siyohdonga botirgan edi, qirs etgan ovoz chiqdi. U jahl bilan yana botirdi. Peroga siyoh o‘rniga muz ilashib chiqdi.

      – Qanaqa o‘quvchisan, o‘zi? – Dalavoy sarg‘ish qoshini chimirib, akamga qaradi. – Siyohing muzlab qopti-ku.

      To‘satdan oyim yig‘lab yubordi.

      – Nima qilaylik, o‘rgilay, – dedi iltijo bilan. – Sovuqni ko‘rmaysizmi? Manavinisi uch kundan buyon ol ket, ol qo‘y bo‘lib yotibdi. – U sandal chetida yotgan kichik akamga imo qildi. – Bolaginamdan ayrilib qolaman shekilli.

      Dalavoy ruchkani yana muzlagan siyohdonga botirgan edi, onam uning qo‘liga yopishdi.

      – Yozmang, jon ukam, yozmang, rahmingiz kelsin.

      Dalavoy ijirg‘anib, qo‘lini siltab tortdi. Kulrang ko‘zlari qisilib ketdi.

      – Torting qo‘lingizni! – dedi shiddat bilan.

      – Ho‘v! – dadamning tahdidli ovozini eshitib, burilib qaradim-u qo‘rqib ketdim. Uning yuzida boyagi yalinchoq ifodadan asar ham qolmagan, ko‘zi g‘azabdan chaqnar edi.

      – Ho‘v, olifta! – dedi yana o‘sha tahdidli ohangda. – Tur o‘rningdan! Xudo bo‘lsangam piymangni yech. – U bir hatlashda Dalavoyning tepasiga keldi. – Yech deyapman. Tiq oyog‘ingni tanchaga! Tiqib ko‘r, o‘tirib ko‘r birpas!

      Dalavoy beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. Esankirab qolgan mehmonga bidir-bidir qilib gapira boshladi:

      – Eshitdingiz, o‘rtoq Toshev? Guvoh bo‘lasiz? Xizmat burchimni bajarayotganimda haqorat qildi. Aktga shuniyam qo‘shamiz.

      – Daraxtni katta xolang ekib qo‘yganmas! – Dadamning mo‘ylovi titray boshladi. U qattiq g‘azablansa, mo‘ylovi titrab ketardi. – Qani, tuyog‘ingni shiqillat! – dedi tahdid bilan.

      – Nima, urmoqchimisan! – Dalavoy kulrang ko‘zlarini yiltiratib, g‘azabnok pichirladi. – Qani chertib ko‘rchi. Yetti pushtingni quritib yuboraman!

      – Yo‘qol deyapman! – Endi dadamning butun vujudi titrab ketdi.

      – Eshitdingiz-a, o‘rtoq Toshev? Bu gapniyam eshitdingiz-a? – Dalavoy eshik tomon tisarilib borarkan, mehmonga qarab, gapini tasdiqlatib oldi. – Yozamiz, hammasini yozamiz!

      Onam iltijo bilan Dalavoyning yelkasiga osildi.

      – Jon ukam, kechiring, jon ukam! Iloyo martabangiz bundan ham ulug‘ bo‘lsin!

      Dalavoy bir siltab uning kaftini yelkasidan olib tashladi. Onam endi pochapo‘stinli kishiga yolbora boshladi.

      – Jon xo‘jayin, ko‘nglingizga olmang, adasi bilmasdan gapirib yubordilar.

      – Yalinma deyapman! – dadam shunday hayqirdiki, muz bosgan derazalar zirillab ketdi. Boyadan beri ko‘zini ocholmay yotgan kichkina akam olazarak bo‘lib, atrofga javdiray boshladi.

      – Oyi, suv, – dedi ovozi xirillab.

      Tashqarida tuyoqlarning bo‘g‘iq dukiri eshitildi. Uy ichi o‘lik chiqqandek jimjit bo‘lib qoldi. Dadam hamon mo‘ylovi uchgancha pishqirib nafas olib, uy o‘rtasida turar, oyim ostonaga o‘tirib qolgan, katta akam deraza oldida turgancha tashqarini tomosha qilardi. Beshik g‘ichirlab, ukam g‘ingshiy boshladi. Biroq onam o‘rnidan turmadi.

      – Yomon ish bo‘ldi, – dedi sekin. – Endi sudga beradi.

      Dadam uy o‘rtasida anchagacha qotib turdi-da, indamay chiqib ketdi. Birozdan keyin tomorqa tomondan boltaning qarsillagan ovozi keldi.

      Qayrag‘ochning cho‘g‘i ham o‘riknikiga o‘xshagan baland bo‘larkan. Sandal isishi bilan jon kirib, yuzimiz qizarib qoldi. Faqat dadamning qovog‘i ochilmadi. Onam akamning boshidan jilmas, nuqul xo‘rsinar, «o‘zing asra», deb qo‘yardi. Kechki ovqatni opam qildi. Qorong‘i tushgandan keyin akamning ahvoli og‘irlashdi. U endi alahlamas, havo yetishmayotgandek qisqa-qisqa nafas olar, dam-badam cho‘chib tushar edi. Onam unsiz yum-yum yig‘lar, dadamga iltijoli termilardi. Oxiri bo‘lmadi. Dadam eski choponini kiydi, boshiga telpagini bostirdi. Oyim qayoqqa degandek qaragan edi, qisqagina qilib:

      – Achinskaga! – dedi.

      – Kelmaydi. – Onam zorlanib bosh chayqadi. – Yarim kechada qor kechib kelarmidi?

      Dadam eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketdi. Uy ichiga yurakni sirqiratuvchi sukunat cho‘kdi. Hujradagi soat chiqillaydi, akamning qisqa-qisqa nafas olishi eshitiladi. Derazaga quruq qor uchqunlari zirillab uriladi. Allaqaysi teshikdan huvullab sovuq kiradi. Issiq sandal elitdi shekilli, uxlab qopman. Bir mahal tashqarida itning akillashi, dadamning «yot» deb baqirishidan uyg‘onib ketdim. Kimdir yo‘lakda gursullatib yer tepindi. Og‘zidan bug‘ chiqib turgan dadam kirib keldi. Ketidan uzun shinel kiygan, qulog‘ini sharf bilan o‘rab olgan Achinska kirdi. Oq xalati bo‘lmasa ham, ko‘zoynagidan tanidim. Dadamning mo‘ylovi, doktorning qoshi qordan oppoq bo‘lib ketgan edi.

      Oyim darrov o‘rnidan turdi. Salom berdi. Achinska shinelini yechib, yelkasiga qo‘ngan qorni kavshandozga qoqdi. Qulog‘ini o‘rab olgan sharfni yechgan edi, oppoq siyrak sochlari peshonasiga yoyilib tushdi.

      – Nastoyashiy Sibir! – dedi negadir jilmayib. Sandal chetiga cho‘kkalab qo‘lini tanchaga tiqdi. Dadamning qo‘lida kichkina chamadon borligini endi ko‘rdim. Achinska qo‘lini biroz isitgach, muzlab qolgan ko‘zoynagini ro‘molchasi bilan artdi.

      – Issik suv bar? – deb so‘radi onamga qarab.

      Onam samovarni yangilash uchun darrov oshxonaga yugurdi. Doktor akamning ko‘ylagini yechib, «alyo-alyo» qilib ko‘rdi. Sekin bosh chayqab qo‘ydi. Qiyofasi jiddiy edi. Keyin chamadondan yaltiroq quticha oldi.

      Ukol qilish uchun dori to‘ldirayotganda akam hozir dod soladi, deb turgan edim, biroq u akamning ishtonini tushirib, ukol qilganida akam dodlamadi. G‘ingshib qo‘ydi, xolos. Chamasi og‘riqni payqamadi ham.

      – Nichego, – dedi Achinska dadamni yupatib. – Yakshi bala. Tuzaladi.

      Chindan ham ko‘p o‘tmay, akam ko‘zini ochdi. Biroq, doktor ikkinchi ukolni qilayotganda yig‘lab hammayoqni buzib yubordi. Achinskaning jahli chiqmadi.

      – Vsyo, vsyo, – dedi jilmayib – Ugil bala yiglamaydi.

      Keyin dadam ikkovlari sandal chetida o‘tirib, choy ichishdi. Urush g‘alaba bilan bitgani, endi non ko‘payishi, yana allanimalarni gapirishdi. Ko‘zim yumilib ketayotgan bo‘lsa ham doktor akamni yana nima qilishini bilgim kelib, chidab o‘tirardim. Dadam gap orasida bugun o‘tgan voqeani ham aytib berdi. Achinska qoshini chimirib, bir zum o‘yga toldi. Ko‘m-ko‘k ko‘zlariga jiddiyat cho‘kdi. Biroq, qo‘l siltab qo‘ya qoldi.

      – Chepuxa! Xish nima kilmaydi.

      Nihoyat u sarg‘ish qog‘ozga