O‘tkir Hoshimov

Dunyoning ishlari


Скачать книгу

doktorlarga ham qiyin. O‘n olti yil eshakdek o‘qib, 140 so‘m oladi. Na kechasi tinchlik bor, na kunduzi. O‘sha 140 so‘m savil qolgurni savdo xodimi bir kunda topadi. – Qarindoshim kulimsiradi. – Yashash ham kerak-ku, akasi bo‘yidan. Undan keyin… Qo‘lidan tutmaguncha nima deysan? Pora berdim, deb qaysi mard aytadi. Aytsa o‘zi qiya bo‘p ketadi-ku.

      Butunlay esankirab qoldim. Nahotki oliy ma’lumotli vrach o‘zini chayqovchi bilan tenglashtirsa! Axir davlat uni o‘n olti yil bekorga o‘qitdimi, bekorga stipendiya berdimi? Unaqa bo‘lsa, ana, xalatini yechib tashlasin-da chayqovchilik qilsin!

      Yo‘q, men bu gaplarni aytganim yo‘q. Biroq, qarindoshim qizarib-bo‘zarib ketganimdan hammasini tushundi.

      – Masalan, men unaqa vrachmasman, – dedi yelkamga qoqib. – Arzimagan narsalarga bunaqa tajanglik qilaversang, nevrosteniya bo‘lib qolasan. – U ko‘zimga sinchiklab qaradi. – Mabodo yuraging sanchimaydimi? Yaxshisi ertaga oldimga bor. Bir obsledovaniye qilamiz.

      Qarindoshim yana bir marta muloyim jilmayib qo‘ydi. Qadahdagi konyakni ichib, limon bilan gazak qildi. Shunda beixtiyor tag‘in bolalik xotiralari yopirilib keldi. Achinska degan do‘xtir lop etib yodimga tushdi.

      Doim oppoq xalat kiyib yuradigan, oppoq siyrak sochlari nuroniy yuziga qandaydir fayz bag‘ishlab turadigan bu odamning asl familiyasi Achinskiy ekanini keyin bilganman. Uni birinchi marta ko‘rganda rosa qo‘rqqanman. Kichkina edim, hali maktabga qatnamasdim. Kuzda yelkamga yara chiqdi. Oyim qizil piyozni qo‘rga ko‘mib bosdi. Ne azob bilan yara yorildi-yu, yonidan yana ikkitasi chiqdi. Endi piyoz ham, xamirturush ham yordam bermay qo‘ydi. Butun badanimni yara bosib ketdi. Tag‘in har bittasi tuxumdek keladi. Oxiri dadam oyimga «Achinskaga opchiqmasang bo‘lmaydi», dedi. Ertasiga oyim meni yetaklab do‘xtirxonaga obordi. Akalarim: «Achinska mana bundoq nina bilan ukol qiladi», deb qo‘rqitib qo‘ygani uchunmi, katalakdek xonaga kirdim-u dori hidini sezib hiqillab yig‘lab yubordim. Xonadagi kursilarda biri yo‘talgan, biri shilpiq ko‘zini hadeb kir qiyiqchaning uchiga artayotgan kasallar tizilib o‘tirishardi. Har kim meni o‘zicha yupatar, men bo‘lsam battar yig‘lardim. Shu payt eshigiga parda tutilgan ichkari xonadan sochi oppoq, yupqa ko‘zoynak taqqan xalatli kishi chiqib keldi.

      – Kim yiglaydi? – dedi u o‘zbekchani buzibroq talaffuz qilib.

      Achinska degani shu ekanini bildim-u battar qo‘rqib ketdim. Oyimning pinjiga tiqildim. Shilpiq ko‘zli kishi o‘rnidan turgan edi, do‘xtir qo‘li bilan imo qilib to‘xtatdi.

      – Ochered balaga, – dedi-da, negadir jilmaydi. Shunda ko‘zoynak ortidagi ko‘m-ko‘k ko‘zlarida qandaydir erkalovchi tabassum paydo bo‘ldi. – Ay-yay-yay! – dedi bosh chayqab. – Ugil bala yiglamaydi. – U yana jilmaydi. – Ox kakoy yakshi bala!

      Achinska qo‘limdan tutgan edi, beixtiyor ergashdim. Derazasiga oppoq parda tutilgan xonaga kirdik. Oyim ko‘ylagimni yechdi. Do‘xtir hozir ukol qiladi deb, kapalagim uchib ketdi. Biroq u ukol qilmadi. Barmog‘i bilan yaralarni avaylab, paypaslab ko‘rdi. Keyin allaqanday jigarrang sassiq dori surdi. Agar shundayam tuzalmasa qon quyamiz, deb oyimga tushuntirdi. Chiqib ketayotganimizda yana bir jilmayib qo‘ydi.

      – Yakshi bala. Malades bala!

      …Qishda shu odam bizga yana bir yaxshilik qildi. Esimda, o‘sha yili qish juda qattiq keldi. Bilmadim, ehtimol, o‘tin-ko‘mirimiz bo‘lmagani uchun shunday tuyulgandir. Harqalay deraza u yoqda tursin, eshig-u devorlarni ham qirov bosib yotar, hammamiz chopon, telpak kiyib uxlardik. Tanchaga oyoq tiqqan bilan befoyda: sandal pisillaydi. Ko‘rpa tekkan joyini chayondek chaqadi. Ichidan issiq o‘rniga sovuq chiqayotgandek. Ustiga-ustak bir kuni kichik akam ko‘chadan hammayog‘i shalabbo bo‘lib keldi. Bolalar bilan Qonqusda yaxmalak uchayotgan ekan, sirg‘anib muzning yorig‘idan anhorga tushib ketibdi. O‘rtoqlari amallab tortib olishibdi-yu, yugurib uyga yetib kelguncha kiyimlari tarashadek muzlab qopti. Oyim darrov uni ko‘rpaga o‘radi. Tog‘olcha bilan turshak qaynatib ichirdi. Ammo kechqurunga borib, akamning isitmasi ko‘tarilib ketdi. Hadeb yo‘taladi.

      Kechasi uning alahlashidan men ham uyg‘onib ketdim. U nuqul o‘zini u yoqdan bu yoqqa tashlar, «olov yonib ketdi, olovni o‘chiring», deb tipirchilar edi.

      Ertasiga ertalab dadam arrani egovladi. Katta akamni ergashtirib, tashqariga chiqib ketdi. Men ham tagi ko‘chgan etigimni kiyib ularning ketidan yugurdim. Kun sovuq, osmondan zahardek achchiq zarralar yog‘ilar edi. Dadam bilan akam qalin qorni g‘arch-g‘urch bosib, tomorqaga chiqishdi. Shundoq devor yonida o‘sgan, yarmi qurigan qayrag‘och tagiga borishdi. Qor ustiga qop yozib, cho‘kkalab o‘tirgancha, qayrag‘ochga arra solishdi. Daraxt shoxidagi qorlar duv etib to‘kildi. Biroq, qayrag‘ochning po‘sti muzlab qolgan – arra hadeb sirg‘anib ketadi. Hech iz tushmaydi. Unga sayin dadamning jahli chiqadi. Arra biroz botganidan keyin ish yana qiyinlashdi. Akam har arra tortganida, butun gavdasi bilan nari borib, beri keladi. Arra hadeb kamalakdek qiyshayadi. «Jing-jing» deb ovoz chiqaradi. Dadam yakkash dashnom beradi:

      – Arrani siltab tortma. Jon bormi, o‘zi!

      Akam sho‘rlik birpasda terlab ketdi. O‘zi terlab ketgan-u qo‘li sovqotadi. Dam-badam kuh-kuhlab, kaftini isitadi. Burnini tortadi… Nihoyat, qayrag‘och gursullab yiqildi. Tarvaqaylab o‘sgan shoxlar yerga urilishi bilan atrofga qor sachrab ketdi. Ana endi mengayam ish topildi. Mayda shoxlarni tesha bilan chopa boshladim. Ish ayni qiziganda, kutilmagan voqea ro‘y berdi. Biri oq, ikkinchisi qizg‘ish jiyron ot burnidan bug‘ chiqarib, tepamizda gijinglab turar, boshini siltab-siltab, suvlig‘ini shiqirlatardi. Notanish odamlar kelganini payqamay qolgan gurji kuchugim allaqayerdan paydo bo‘ldi-yu, aybini oqlash uchun bo‘lsa kerak, qor ichida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay pildiragancha otlar atrofini aylanib akillay boshladi. Otlar itga ko‘zini olaytirib qarab qo‘yar, pishqirib, pashsha qo‘rigandek dumini silkitardi.

      Jiyron mingan charm paltoli Dalavoyni darrov tanidim. Uni hamma tanir, hamma qo‘rqardi. U hali nalugchi bo‘lmagan, lekin odamlar uni «nozik» joyda ishlaydi deyishardi. Oq otli kishi esa pochapo‘stin kiygan, tulki telpagini bostirib olgan, qovog‘i soliq edi.

      – Ishlar katta-ku! – dedi Dalavoy otdan tushmasdan.

      Negadir dadamning rangi o‘chib ketdi. Arra qo‘lidan tushib qorga ko‘milib qoldi.

      – Kelinglar, mehmonlar, – dedi esankirab.

      Avval Dalavoy bilan, keyin pochapo‘stinli kishi bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Ikkovlari ham egarda o‘tirgancha, istar-istamas qo‘l cho‘zishdi.

      – Qani uyga, – dedi dadam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. – Bir piyola choyimiz bor.

      Dalavoy ingichka sarg‘ish mo‘ylovini chimchilab dadamga bir qarab qo‘ydi-yu, mehmonga yuzlandi.

      – Nima qildik, o‘rtoq Toshev? Borib turgan jinoyat-ku bu!

      Dadam butunlay dovdirab qoldi.

      – Nima gunoh qildim, ukam, – dedi Dalavoyga. – Aybim bo‘lsa ayting, benavotman.

      – Tag‘in o‘zini go‘llikka soladi-ya! – Dalavoy tishi orasidan chirt etib tupurdi. – Ruxsatingiz bormi? – dedi ovozi temirdek jaranglab.

      – Nimaga? – Dadam madad kutgandek endi mehmonga yuzlandi. – Nimaga ruxsat olishim kerak, o‘rtoq Toship?

      – Daraxt kesishga! – Dalavoy shiddat bilan otdan sakrab tushdi. – Qani qog‘ozingiz?

      – Qanaqa qog‘oz? – Dadam goh Dalavoyga, goh pochapo‘stinli mehmonga javdirab qaray boshladi. – Axir… Axir bu o‘zimning tomorqamdagi daraxt-ku. Mana qarang, qurib qolgan. – U gapining rostligini isbotlash uchun bilakdek shoxni mahsi-kalishli oyog‘i bilan bir tepgan edi, qars etib sindi. – Ko‘rdingizmi, qurib qolgan. Kuzda kesib olmoqchi edim-u, vaqt bo‘lmadi. – U boyadan beri burnini tortib turgan akamga dashnom berdi. – Nega anqayib turibsan? Bor oyingga ayt, choy qo‘ysin, mehmonlar keldi, degin.

      Akam ikkalamiz tizzagacha qorga botib, oldinma-ketin uyga yugurdik. Gurji kuchugim ham qorda ko‘milgancha ketimizdan chopdi. Oyim hamon isitmalab yotgan kichik akamning boshida mung‘ayib o‘tirgan ekan.

      – Oyi,